«Yuksalish» umummilliy harakati Andijonda ichki ishlar xodimlari tomonidan hibsga olinib, qiynoqqa solinishi oqibatida vafot etgan fuqaro bilan bog‘liq hodisa yuzasidan bayonot berdi.

Umummilliy harakatning holat yuzasidan bildirgan munosabatiga ko‘ra, vaqtincha saqlash hibsxonalari va tergov izolyatorlari hamda jazoni ijro etish muassasalarini videokuzatuv vositalari bilan jihozlash muhim ahamiyatga egaligini va umuman, barcha ichki ishlar idoralarida tergov harakatlarini аудио va video qayd etish tizimlari orqali olib borish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadga мувофиқлиги ta’kidlanadi.

Bunda, «Yuksalish» umummilliy harakati O‘zbekiston prezidentining qaroriga muvofiq, 1 apreldan boshlab shaxsni ushlash, unga protsessual huquqlarini tushuntirish, himoyachidan voz kechish harakatlarini majburiy tarzda video tasvirga tushirish tartibi joriy etilishi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari zimmasiga ular tomonidan shaxs ushlanganidan so‘ng uning ushlangani va ushlab turilgan joyi to‘g‘risida uning oila a’zolaridan birini, ular bo‘lmagan taqdirda esa, boshqa qarindoshlarini yoki yaqin kishilarini darhol xabardor qilish bo‘yicha majburiyati yuklanishi belgilangan edi.

«Andijonda yuz bergan voqea shuni ko‘rsatadiki, sohani rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yetarli emasligi, aksincha huquqni muhofaza qilish organlari tizimini tubdan isloh qilish lozimligi, bunda inson huquqlari va erkinliklariga so‘zsiz rioya qilinishiga, ichki ishlar organlari faoliyatining hisobdorligi va shaffofligini ta’minlashga, shu jumladan, parlament va jamoatchilik nazoratining samarali mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish va eng asosiysi, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashga alohida urg‘u berish kerakligini taqozo etadi», — deyiladi umummilliy harakatning bayonotida.

Shuningdek, «Yuksalish» raisi Akmal Burxanov Andijon viloyat ichki ishlar boshqarmasi o‘tgan yili ham prokuratura organlari va jamoatchilik diqqat markazida bo‘lganligini eslab o‘tdi. O‘shanda Andijon viloyat IIBning qator mansabdor shaxslari hibsga olingan edi. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 206- (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 234- (Qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) moddalari bilan 2018 yil 19 dekabr kuni Bosh prokuratura tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan edi.

Ushbu voqeadan bir oy o‘tib — 2019 yilning fevral oyida podpolkovnik Sanjar Jabborov Andijon viloyati IIB boshlig‘i birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan edi. Bundan tashqari, joriy yilning mart oyida Andijon viloyati IIB boshlig‘i lavozimiga polkovnik Azat Tasbayev tayinlangan. Akmal Burxanovning e’tibor berishicha, A.Tasbayev ushbu tayinlovga qadar O‘zbekiston Respublikasi IIV O‘z xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

«Bundan xulosa qilsa bo‘ladiki, bu va bunga o‘xshash hodisalarning ro‘y berishini kadrlar muammosini hal etish yoki jazolash bilangina emas, balki sohani tubdan isloh qilish yo‘li bilangina oldini olish mumkinligini anglatadi», — deya ta’kidladi «Yuksalish» umummilliy harakati raisi.

Avvalroq, O‘zbekiston siyosiy partiyalari rahbarlari va a’zolari mazkur holat bo‘yicha o‘z munosabatini bildirgan edi. Shuningdek, Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili Ulug‘bek Muxammadiyev «Gazeta.uz» ga telefon orqali bergan intervyusida Andijonda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan sodir etilgan qiynoq holatini «uyat», deb ta’riflagandi.