Iyun oyining boshiga kelib, 136 tashkilot koronavirusga qarshi vaksinalarni ishlab chiqmoqda, ularning 10 tasi allaqachon klinik sinovlar bosqichiga o‘tishgan, ya’ni dori vositalarini insonlarda sinab ko‘rishmoqda. Vaksinalar, ya’ni emlash vositalarining bir nechta turlari ishlab chiqish jarayonida turibdi. Emlash nima ekanligi, uning nima uchun kerakligi, yangi SARS-CoV-2 koronavirusiga qarshi vaksinalarning ishlab chiqilishi va birinchi navbatda kim emlanishi mumkinligi to‘g‘risida «Gazeta.uz» maqolasida.

Vaksinatsiya (emlash) nima?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ta’rifiga ko‘ra, emlash bu odamning kasallik qo‘zg‘atuvchilar bilan muloqotga kirishishidan oldin undan himoyalanishning oddiy, xavfsiz va samarali usulidir. Emlash tananing bir qator infeksion (yuqumli) kasalliklarga qarshilik ko‘rsatuvchi tabiiy himoya mexanizmlarini harakatga keltirib, ularga qarshilik ko‘rsatadi va immunitetni mustahkamlaydi.

Inson tanasida immun reaksiyasini uyg‘otuvchi turli usullar mavjud. Ularning har biri o‘zining afzalliklari va kamchiliklariga ega. Agar bir turdagi vaksina samaradorlik va xavfsizlik sinovidan o‘ta olmasa, boshqa usulning ish berish imkoniyati mavjud.

Emlash bu hayot uchun xavfli bo‘lgan yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish va ularni bartaraf qilishning sinalgan vositasidir. JSST tahlillariga ko‘ra, emlash har yili 2 dan 3 mlngacha o‘lim holatlarining oldini oladi.

Vaksinalar qachon paydo bo‘lgan?

Emlashning zamonaviy tushunchasi XVIII asrning oxirida britaniyalik shifokor Edvard Jenner tomonidan kiritilgan. 1900 yilga kelib, odamlar uchun ikkita virusga qarshi vaksina — chechak va quturishga qarshi hamda tif, vabo va o‘latga qarshi uchta bakterial vaksina bo‘lgan. O‘tgan asrda ko‘kyo‘tal, difteriya, qoqshol, sil, poliomiyelit, qizilcha va boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi vaksinalar yaratilgan.

1979 yilda Butunjahon sog‘liqni saqlash assambleyasi chechak kasalligi ustidan g‘alaba qozonganligini e’lon qildi. Bu yutuq jamoat sog‘liqni saqlash sohasidagi eng buyuk g‘alabalardan biri bo‘lib tarixda qoldi.

Quyida 1990 yildan 2017 yilgacha bo‘lgan davrda emlash yordamida oldini olish mumkin bo‘lgan eng keng tarqalgan yuqumli kasalliklar oqibatida qayd etilgan o‘lim holatlari darajasi ko‘rsatilgan.

Yuqoridan pastga: sil, qizamiq, ko‘kyo‘tal, gepatit B, gemofil infeksiyasi keltirib chiqargan meningit, qoqshol, meningokokk meningiti, sariq isitma, difteriya.

Vaksinani ishlab chiqish uchun qancha vaqt kerak?

Vaksina ishlab chiqish odatda uzoq davom etadigan jarayondir. Masalan, 43 yildan beri mavjud bo‘lgan Ebola virusiga qarshi vaksina faqatgina o‘tgan yili tasdiqdan o‘tdi. Ebolaga qarshi vaksina besh yil ichida yaratildi. Shu bilan birga, ilk ishlab chiqarish 2020 yilning uchinchi choragida kutilmoqda. Garchi, 2015 va 2019 yillarda olib borilgan o‘rganishlar Ebola virusiga qarshi eksperimental vaksinaning yuqori profilaktik ta’sirini ko‘rsatgan bo‘lsada, shunga qaramay, JSST mutaxassislari qo‘shimcha emlash vositalarini baholash zarurligini ta’kidlashdi.

Vaksinalarni sinovdan o‘tkazish jarayoni

Vaksina yaratilganidan so‘ng, olimlar uni hayvonlarda sinab ko‘rishni boshlaydilar. Odatda bu kemiruvchilar va primatlardir. Ushbu bosqich klinik даврgaча bo‘lgan синовлар bosqichi deb ataladi. Bunda immun reaksiyasi mavjudligi va preparatning birlamchi xavfsizligi aniqlanishi lozim. Klinik davrgacha bo‘lgan sinovlar bosqichi odatda uch oydan olti oygacha davom etadi.

So‘ng olimlar vaksinalarning inson organizmiga ta’sirini o‘rganish uchun klinik sinovlarni boshlaydilar. Sinovlar ko‘p vaqt talab etadi, biroq bu sinovlarni o‘tkazmaslik aslo mumkin emas.

Klinik sinovlarning birinchi bosqichi xavfsizlikni sinab ko‘rish va immun reaksiyaga ega bo‘lish uchun kerakli miqdorni aniqlashda kam sonli odamlarni emlashni o‘z ichiga oladi.

Klinik sinovlarning ikkinchi bosqichi turli yoshdagi odamlarni emlashni o‘z ichiga oladi. Bolalar, kattalar va qariyalarga vaksina turlicha ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ushbu sinovlar qo‘shimcha ravishda vaksinaning xavfsizligi va immunogenligini sinovdan o‘tkazadi.

Klinik sinovlarning uchinchi bosqichida minglab odamlar emlanadi. Boshqa bir guruh platsebo oladi. Ikki guruh ko‘ngillilarining salomatligini kuzatish kasallanish va vaksinaning infeksiyadan himoyalanish darajalarini ko‘rsatadi.

Hatto tezlashtirilgan klinik sinovlar ham kamida olti oy vaqt talab qiladi. Preparatning barcha no’jo‘ya ta’sirlarni aniqlash va uning samaradorligini tekshirish uchun emlangan guruhning sog‘ligi holatini bir yil — bir yarim yil kuzatuv ostiga olish kerak.

O‘rtacha bitta vaksinani ishlab chiqish uchun 10 yil atrofida vaqt sarflanadi. Vaksinalarni yaratish juda qiyin va qimmat jarayondir. Odatda, vaksinalar kichik biotexnik kompaniyalar tomonidan yaratiladi, ular dori tasdiqlangandan keyin ishlab chiqarish bo‘yicha yirik farmatsevtika kompaniyalari bilan kelishishlari kerak, deya ma’lumot beradi «Meduza» Vaksinalarni kommersializatsiyalash (tijoratlashtirish) bosqichida ishlab chiqarish 95% holatda muvaffaqiyatsizlikka uchraydi.

Vaksinalarni ishlab chiqarishning so‘nggi bosqichi batafsil sinovni o‘z ichiga oladi. Bu vaksinaning barcha mezonlarga to‘g‘ri kelishiga ishonch hosil qilish uchun kerak. Bundan tashqari, ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan texnologiyalarni qo‘lga kiritishda vujudga keladigan muammolar doimo mavjud.

Boshqa koronaviruslarga qarshi vaksinalar bormi?

SARS-CoV-2 — inson uchun ilk xavfli koronavirus emas. Koronaviruslar oilasining sutemizuvchilarga (shu jumladan odamlarga), qushlarga va ham suvda, ham quruqlikda yashovchi hayvonlarga yuquvchi 43 turi mavjud. Shulardan yettita shtamm inson tanasiga yuqadi. HCoV-229Ye shtammining koronavirusi birinchi marta 1965 yilda Chikago universiteti tibbiyot yo‘nalishi talabalari orasida ro‘yxatga olingan.

2002 yil noyabr oyida Xitoyda aniqlangan o‘tkir respirator sindromdan tashqari, insonlarga yuqqan koronaviruslar asosan yuqori nafas yo‘llarining yengil infeksiyalariga sabab bo‘ladi, deb ishonilgan. Shu sababli, koronaviruslarning aylanishi nazorat qilinmagan va SARS-CoV-2 holatidagi kabi vaksinalar va preparatlarning ishlab chiqilishiga yetarlicha e’tibor berilmagan.

Vaksina yaratishga urinishlar xitoylik va amerikalik bir guruh olimlari tomonidan amalga oshirildi. Ular kelajakda epidemiya takrorlanishi mumkin, shuning uchun SARS-CoVga qarshi vaksinani ishlab chiqish juda muhim degan fikrda edilar.

2012 yilda ham xuddi shunday MERS-CoV yaqin sharq respirator sindromi koronavirusi qayd etildi. Ushbu turdagi koronavirus vaksinasi ustida Oksford universiteti ishlamoqda.

Koronavirusning boshqa shtammlaridan vaksinalar hali mavjud emas.

COVID-19ga qarshi vaksinalar

JSST rahbari Tedros Gebreyesus fevral oyida koronavirusga qarshi vaksina 18 oydan keyin tayyor bo‘lishi mumkinligini e’lon qildi. Agar kasallikdan xalos bo‘lish vositasi haqiqatan ham kelgusi yilning o‘rtalariga kelib yaratilsa, ushbu vosita tarixdagi eng tez ishlab chiqilgan vaksina bo‘ladi.

9 iyun holatiga ko‘ra, 136 tashkilot yangi koronavirusga qarshi vaksinani yaratishda ishtirok etmoqda. Ulardan 10 tasi klinik sinovlar bosqichida turishibdi.

Hozirda RNK va DNK vaksinalari, subunit rekombinant, tirik zaiflashtirilgan va virusli vektorlar asosidagi vaksinalar ishlab chiqish jarayonida. Ishlab chiqarish sur’ati bo‘yicha RNK va DNK vaksinalari eng yaxshi potensialga ega, undan keyin subunit rekombinant vaksinalar turibdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti emlash sohasidagi strategik maslahat bo‘yicha ekspertlar guruhi COVID-19ga qarshi nomzod vaksinalarni ishlab chiqish jarayonini baholash va optimal vaksinatsiya o‘tkaziladigan yosh bo‘yicha guruhlar to‘g‘risida tavsiyalar berish uchun mavjud dalillar bazasi tahlilini o‘tkazmoqda.

Bundan tashqari, ekspertlar guruhi vaksinalarni tezkor ishlatish (ro‘yxatga olishdan oldin va keyin) siyosati, ishlab chiqarish hajmi hali cheklangan davrda vaksinani erta tarqatish bosqichlarida o‘z tavsiyalarini hamda va vaksinalardan teng ravishda foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar beradi.

COVID-19ga qarshi vaksina turlari

Zaiflashtirilgan (tirik) virus asosidagi vaksina

Bу nima? Tirik vaksinalarda viruslarning zaiflashtirilgan shtammlari qo‘llaniladi. Vaksinaning bu turi kasallikni keltirib chiqarmasdan, immun reaksiyani chaqiradi. Zaiflashtirilgan virus asosidagi vaksinalar 1950-yildan boshlab yaratiladi. Vaksina tanaga yuborilganidan so‘ng, zaiflashtirilgan virus ko‘payishni boshlaydi va immun reaksiyasini keltirib chiqaradi.

Afzalliklari. Tirik vaksina bilan emlanganlarning aksariyati emlashdan keyingi jarayonni og‘ir klinik alomatlarsiz o‘tkazishadi. Virusli vaksinalar eng chidamli immunitet hosil qiladi.

Kamchiliklari. Tirik virusli vaksinalar ko‘pincha xavfsizlikka puxta sinovdan o‘tkazishni talab qiladi. Ba’zi tirik viruslar emlanmagan odamga yuqishi mumkin. Bu immun tizimi sustlashgan insonlarga tegishli. Ushbu vaksinalar mutatsiyaga uchrashi va kasallikka olib kelishi ham mumkin.

Ishlab chiqaruvchilar. Tirik virusli vaksinani ishlab chiqish bilan Hindistonning Codagenix kompaniyasi, Avstraliyaning Griffit universiteti, Germaniya infeksiyani o‘rganish markazi va boshqa ko‘plab tashkilotlar shug‘ullanishmoqda. Hozirda tirik vaksinalarni ishlab chiqish klinik davrgacha bo‘lgan sinovlar bosqichida.

Nofaol vaksinalar

Bу nima? Nofaol vaksinalarda hujayraga yuqishga qodir bo‘lmagan virus qo‘llaniladi. Bunday emlashlar gripp, gepatit A va quturishni oldini olish uchun ishlatiladi. Ular immun reaksiyani qo‘zg‘atadilar, infeksiyani emas.

Afzalliklari. Nofaol vaksinalar tirik vaksinalarga nisbatan xavfsizroq, chunki ularda o‘zgarishi (mutatsiya) mumkin bo‘lgan zaiflashtirilgan virus mavjud emas.

Kamchiliklari. Biroq, nofaol vaksinalar tirik vaksinalar kabi himoyani ta’minlamasliklari mumkin. Ushbu turdagi vaksina ko‘pincha kuchaytirilgan dozali takroriy in’eksiyalarni talab qiladi.

Ishlab chiqaruvchilar. Nofaol vaksinani ishlab chiqish ustida Uxan biopreparatlar instituti va Pekin biologik mahsulotlar instituti bilan hamkorlikda Sinopharm kompaniyasi, Xitoyning Sinovac kompaniyasi va Tibbiy biologiya instituti Xitoy Tibbiyot Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda ish olib borishmoqda.

Sinopharm kompaniyasining vaksinasini 2000 dan ortiq odam qabul qildi. Ishlab chiqaruvchilarning bayonotiga ko‘ra, preparat 2020 yil oxiriga qadar bozorga chiqarilishi mumkin.

Xitoy aktivlarni nazorat qilish va boshqarish bo‘yicha davlat komissiyasi (SASAC)ning ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan xabarlariga ko‘ra, Xitoyning koronavirusga qarshi vaksinasi shu yil oxirida bozorda paydo bo‘lishi mumkin. Pekin biologik mahsulotlar institutining yillik ishlab chiqarish hajmi 120 million dozaga yetkazilishi kutilmoqda.

Sinovac Biotech — Xitoy biofarmatsevtika kompaniyasi vaksinalarni sinashning ikkinchi bosqichida. Unda 1000 nafardan ortiq ko‘ngilli ishtirok etdi. Sinovning yakuniy bosqichi Buyuk Britaniyada o‘tkazilishi mumkin.

Vektorli vaksinalar

Bu nima? Vektorli vaksinalar SARS-CoV-2 genomining bir qismi o‘rnatilgan mutlaqo boshqa viruslar asosida yaratilmoqda. Ular kerakli virusni tananing hujayralariga yetkazish vositalaridir.

Afzalliklari. Vektorli vaksinalar DNK bakteriyasini bir hujayradan ikkinchisiga o‘tkazishning yuqori samaradorligini namoyish etadi va hujayra immunitetini oshiradi. Vektorli vaksinalarni ishlab chiqarish oson, dori vositasini sinovdan o‘tkazish esa jiddiy harakatlarni talab qilmaydi.

Kamchiliklari. Shu bilan birga, kasallikning rivojlanishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan virusning genomga qo‘shilish xavfi mavjud. Bundan tashqari, vektorli vaksinalar yaxshi o‘rganilmagan va bu kabi vaksinalarning hech biri odamlar uchun tasdiqlanmagan.

Ishlab chiqaruvchilar. Vektorli vaksinalar Oksford universiteti va Xitoyning CanSino Bio kompaniyasi tomonidan Pekin Biotexnologiya instituti hamkorligida ishlab chiqilmoqda. Ikkala vaksina ham klinik sinovlarning ikkinchi bosqichida.

Genetik-muhandislik vaksinalari

Bu nima? Vaksinaning bu turi genetik-muhandislik RNK yoki DNKdan foydalanadi va unda virus immun reaksiyasini keltirib chiqaruvchi oqsil nusxalarini tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar mavjud.

RNK va DNK vaksinalarini ishlatish imkoniyati 90-yillarning boshlarida namoyon bo‘lgan edi. Ushbu texnologiya yuqumli kasalliklarning oldini olish uchun juda istiqbolli hisoblanadi. Ammo 25 yildan ortiq klinik sinovlar davomida hech qaysi RNK yoki DNK vaksinasi odamlarda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tkazilmagan va tasdiqlanmagan.

DNK vaksinalari hujayraga tushganidan so‘ng asosiy genomning qismiga aylanadigan virusli oqsillar yaratish bo‘yicha ma’lumotni o‘z ichiga oladi. Inson hujayralari odamda immun reaksiyasini qo‘zg‘atuvchi patogen oqsillar yoki antigenlar ishlab chiqarishni boshlaydi.

Afzalliklari. DNK vaksinalari oddiy va tez ishlab chiqariladi, an’anaviy vaksinalarga nisbatan yuqori haroratga chidamli bo‘lib, kasalliklarning oldini olish va davolash maqsadida foydalanilishi mumkin. Bundan tashqari, ularning tarkibida SARS-CoV-2 virus tashuvchisi sifatida mavjud emas. Virus mutatsiyaga uchrashi va takror kasallikni keltirib chiqarishi xavfi yo‘q.

Kamchiliklari. DNK vaksinalari past immunogenlikni (immun reaksiya chaqirish qobiliyati) keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, DNKning yuqori dozalari bilan takroriy vaksinalarni yuborish talab qilinadi.

Ishlab chiqaruvchilar. Amerikaning Inovio Pharmaceuticals DNK vaksinasi ustida ishlamoqda. Ushbu vaksina ishlab chiqarishning birinchi bosqichida. Insonlarda klinik sinovlar iyun oyida Xitoy va Janubiy Koreyada boshlanishi kerak. Ko‘ngilli ishtirokchilarning holatini 52 hafta davomida kuzatish rejalashtirilgan.

RNK vaksinalarida virusli molekula — matritsa RNKsi (mRNK) mavjud. DNK vaksinalaridan farqli o‘laroq, mRNK vaksinalari hujayra genomiga joylashmaydi. Virus molekulasi tanaga tushadi va tananing hujayralari virusli oqsillarni sintez qila boshlaydi.

Afzalliklari. RNK vaksinalarining asosiy afzalligi ularning ancha kuchli bo‘lgan immun reaksiyani yuzaga keltirishidir. Bu vaksinaning yuboriladigan dozasini kamaytirish imkonini beradi.

Kamchiliklari. Bu mutlaqo yangi vaksina. RNK vaksinalarining sifati va klinik davrgacha bo‘lgan sinovlar bosqichining xavfsizligi hamda immunogenligiga ixtisoslashtirilgan maxsus talablar dunyoning hech bir mamlakatida ishlab chiqilmagan.

Ishlab chiqaruvchilar. Amerikaning BioNTech kompaniyasi RNK vaksinasini yaratish ustida ishlamoqda. Sinovning birinchi ishtirokchilari Germaniyada emlanishgan.

Amerikaning Moderna kompaniyasi Vaksinalar ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlikda RNK vaksinasini yaratish ustida ishlamoqda. Kompaniya 18 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan ishtirokchilarda vaksinalarni sinovdan o‘tkazishni boshladi. Ularning sog‘lig‘i 13 oy davomida nazorat qilinadi.

Ishlab chiqishning hozirgi bosqichida xavfsizlik, reaktogenlik va immunogenlik aniqlanadi. Ishtirokchilar to‘rt hafta oralig‘ida ikki dozada emlanadilar. Sinovning uchinchi bosqichi iyul oyida boshlanishi kerak.

Birinchilardan bo‘lib kim emlanadi?

Shubhasiz, vaksina yaratilganda, barcha 7,8 milliard aholi bir vaqtning o‘zida uni ololmaydi. Ishlab chiqaruvchilar va ishlab chiquvchilar kim birinchi bo‘lib vaksinaolishini hal qilishlariga to‘g‘ri keladi.

Xopkins universitetining biotexnologiya bo‘yicha mutaxassisi Jonatan Morenoning aytishicha, hammadan oldin aholining virus oldida eng zaif guruhlari vaksina olishlari kerak. Statistika ko‘rsatib turibdiki, ko‘pincha yangi koronavirus keksa odamlarda, diabet va gipertoniya bilan og‘rigan odamlarda jiddiy oqibatlarga olib keladi. Vaksina keksa kishilarni COVID-19dan emlashda o‘zining samaradorligini ko‘rsata olishi kerak, biroq bunday imkoniyat doim ham bo‘lavermaydi.

Bundan tashqari, olimlar hali ham bolalar virus tashuvchisi sifatida qanday rol o‘ynashini aniqlashga harakat qilishmoqda. Ehtimol, keksa yoshdagilar kabi emlashga muhtoj bo‘lmagan, ammo aholining himoyasiz qatlamlarini himoya qila oladigan yoshdagi odamlarni emlash maqsadga muvofiqdir.

Ba’zi tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, COVID-19ning o‘lim darajasi alohida irqiy va etnik guruhlarda ko‘proq. Balki, bu ushbu aholi qatlamlarining iqtisodiy farovonlik darajasiga bog‘liqdir. U holda, zaif sog‘liqni saqlash tizimiga ega bo‘lgan va yetarlicha infratuzilmasi bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlar vaksinalarga ko‘proq muhtoj bo‘ladilar.

Bunda vaksinalarni ushbu davlatlarga tegishli sharoitlarda tashish, yetkazib berish masalasi kun tartibiga chiqadi. Ammo COVID-19ga qarshi emlash vositasi tanlanmaguncha, vaksinalarni tashish uchun qanday harorat optimal bo‘lishini va dori-darmonlarni o‘z manzillariga yetkazib berishda doimiy sovuqlik zanjirini qay tarzda ta’minlash kerakligini hech kim bilmaydi.

Jonatan Moreno vaksinadan rivojlangan davlatlar birinchi bo‘lib foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishiga ishonadi. Xalqaro farmatsevtika ishlab chiqaruvchilar federatsiyasi va uyushmalari rahbari Tomas Kyuni 2009 yil H1N1 grippi epidemiyasi bilan bog‘liq vaziyatda, «boy» davlatlar barcha vaksinalarni sotib olganidan keyindunyo mamlakatlari o‘zi uchun xulosa chiqarganiga umid qilishini bildirgan.

Microsoft asoschisi Bill Geyts BBC bilan suhbatda yangi koronavirusga qarshi vaksinani birinchi bo‘lib epidemiya davom etayotgan mamlakatlar tibbiyot xodimlariga berilishi kerakligini ta’kidladi. Keyin vaksina politsiya yoki o‘t o‘chiruvchilar kabi hayotiy muhim soha xodimlariga berilishi kerak, deydi Bill Geyts.

Uning qo‘shimcha qilishicha, agar vaksinalar o‘zlarining samaradorligini va keksa odamlarda xavfsizligini namoyish etsa, yuqtirish xavfi yuqori bo‘lgan aholining zaif guruhlariga (keksalar, uysizlar, mahbuslar) emlashni boshlash mumkin.

Geytsning so‘zlariga ko‘ra, farmatsevtika kompaniyalari o‘zlarining ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanishga ularning loyihalari tasdiqdan o‘tmasagina rozilik berishadi. Undan tashqari, ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun yangi zavodlar qurish rejalashtirilmoqda.

Vaksina rivojlanayotgan davlatlar uchun bepul bo‘ladimi?

14 may kuni 140 dan ortiq dunyo yetakchilari va mutaxassislari koronavirusga qarshi emlashni hamma davlatlarning barcha aholisi uchun bepul qilishga, shuningdek, butun dunyo uchun koronavirusni bepul tashxislash, tekshirish va davolashni kafolatlashga da’vat qiluvchi jamoaviy xatga imzo chekdilar.

«Hukumatlar va xalqaro hamkorlar birlashishlari hamda xavfsiz va samarali vaksina ishlab chiqilsa, uning ishlab chiqarilishi zaruriy miqyosda tez va hamma mamlakatlardagi barcha aholi uchun bepul bo‘lishini ta’minlashlari kerak», deyiladi maktubda.

Bundan tashqari, er-xotin Geytslar kambag‘al mamlakatlar uchun koronavirus vaksinasini sotib olish bilan shug‘ullanuvchi jamg‘armani ochishganlari to‘g‘risida BBC ga ma’lum qilishdi.

Yakuniy javob nomzodlardan birining vaksinasi tasdiqlanganidan keyingina ma’lum bo‘ladi.

Blits ma’lumotlar

Koronavirus bilan kasallangan odamlarda immunitet paydo bo‘ladimi?

Hozircha aniq javob yo‘q, chunki SARS-CoV-2 odamlarda bor yo‘g‘i bir necha oy davomida mavjud. Ammo virus tanada o‘z izini qoldiradi. Uni maxsus antijismlar sinovlari yordamida aniqlash mumkin.

SARS-CoV-2 vaksinasi odamni qancha vaqt davomida himoya qiladi? Иммuniтетning hosil bo‘lishi инсонning hayoti davomida himoyalanganligini anglatadimi?

Vaksinaning bu kabi xususiyatlari tadqiqotlar davomida aniqlanadi. Bu vaksina yaratilganidan va koronavirus bilan kasallangan odamlarni uzoqroq vaqt mobaynida kuzatgandan so‘ng ma’lum bo‘ladi.

SARS-CoV-2 virusi mutatsiyaga uchraydimi? Agar shunday bo‘lsa, vaksina mutatsiyaga uchragan koronavirusdan himoya qila oladimi?

Virusning o‘zi mutatsiyaga uchramaydi. Insoniyat unga qarshi jamoaviy immunitetni hosil qiladi. Virus qancha ko‘p saqlash vujudidan (odam tanalaridan) o‘tsa, kasallik shuncha kam ifodalanadi. Virusning DNK tuzilishi o‘zgarishsiz qoladi, shuning uchun vaksina virusga ta’sir o‘tkazadi.