Toshkent shahar Mirobod tuman ma’muriy sudida nogironligi bo‘lgan ukasi uchun dori olishga chiqqan haydovchini aybsiz deb topdi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar qildi.

Aniqlanishicha, A. M. (1991) joriy yilning 13 may kuni boshqaruvidagi “Lada-21703−110−01” rusumli avtomashinasida stikersiz harakatlangani uchun Sanitariya-epidemiologiya nazorati xodimlari tomonidan BHMning 20 baravari — 4,460 mln so‘m miqdorida jarimaga tortilgan. Shuningdek, trasnport vositasi jarima maydonchasiga qo‘yilgan.

S. Yuldoshev raisligida o‘tgan ochiq sud majlisida fuqaro poytaxtning Mirobod tumanida joylashgan dorixonaga bolalikdan nogironligi bo‘lgan, parvarishga muhtoj, “paralichning og‘ir simptomi” tashxisi asosida doimiy muolaja olib kelgan ukasi M.T. uchun “Konvuleks” nomli dori vositasini sotib olish uchun chiqishga majbur bo‘lganini ta’kidlab, o‘ziga tayinlangan jazo chorasini yengillatilishini so‘ragan.

Sud A.M.ning harakatlarida O‘zbekiston MJtKning 54-moddasi (karantin qoidalarini buzish) 2-qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlik alomatlarini mavjud emasligi sababli, unga nisbatan bo‘lgan ma’muriy ish hujjatlarini MJtKning 271-moddasi 1-bandiga asosan harakatdan tugatishni lozim topdi.

Ma’lumot uchun, Respublika maxsus komissiyasining 4 apreldagi qaroriga ko‘ra, “o‘zini yakkalash” hayot tarzi majburiy ravishda joriy etilgan hududlarda shaxsning o‘zining yashash joyidagi savdo nuqtalarida birinchi galdagi hayotiy zarur bo‘lgan ehtiyojlari (oziq-ovqat, doridarmon, tibbiy buyum va vositalarni xarid qilish va b.) uchun va shifokorlar ko‘rigiga murojaat etishga ruxsat berilgani qayd etildi.