O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayev 12 iyundan koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolagan tibbiyot xodimlari va davolanish kursini tugatgan bemorlar 14 kunlik reabilitatsiya kurslarisiz to‘g‘ridan to‘g‘ri uylariga kuzatila boshlangani yuzasidan izoh berdi.

Qayd etilishicha, aslida to‘liq davolanishdan keyin, virus organizmdan batamom chiqib ketganidan so‘ng 14 kunlik reabilitatsiya amaliyoti faqat O‘zbekistonda ehtiyot chorasi sifatida qo‘llanilgan. Hatto dunyoning rivojlangan davlatlarida ham nafaqat bu amaliyot, balki koronavirusga chalinganlar ham faqat og‘ir holatlardagina shifoxonaga yotqiziladi, qolgan payt kerakli dori-darmonlar tavsiya qilinib, uyda davolanish buyuriladi.

O‘zbekistonda virusga chalingan har qanday bemor belgilangan muddatda jiddiy kuzatuv ostida to‘liq bepul davolanadi. Davolanish so‘ngida virus bo‘yicha tekshiruvlar manfiy natija berganidan keyin ham bu namunalar poytaxtdagi SEOMning maxsus virusologiya laboratoriyalarida qayta tahlildan o‘tkaziladi va faqat shundan keyingina uzil-kesil tashxis qo‘yiladi. Ana shunday takroriy chuqurlashtirilgan tekshiruvdan keyingina bemor tuzalgan hamda xavfsiz hisoblanadi.

O‘z navbatida, ushbu bemorlarni davolagan tibbiyot xodimlari ham ana shunday takroriy tekshiruv tahlillaridan o‘tishadi.

«Endi reabilitatsiya amaliyoti to‘xtatilganiga kelsak, tajriba bu amaliyotga zarurat yo‘qligini ko‘rsatdi. Chunki reabilitatsiyaga virusdan batamom xalos bo‘lganlar jo‘natilardi va ular orasida kasallik qaytalanish holati ham kuzatilmadi. Shundan keyin bu tajribadan voz kechildi», — deyiladi bayonotda.

«Endilikda bemorlar ham, tibbiyot xodimlari ham uy sharoitida tibbiy kuzatuvga olinadi», — deya aniqlik kiritdi Furqat Sanayev «Gazeta.uz»ga.

Avvalroq sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov koronavirus bemorlari uchun ajratilayotgan mablag‘lar miqdori haqida ma’lumot berar ekan, har bir bemor uchun reabilitatsiya kurslariga 2,8 mln so‘mdan yo‘naltirilayotganini xabar qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 5154 (+51) nafarni tashkil etmoqda. Ularning 3996 nafari yoki jami bemorlarning 77 foizi sog‘aygan.