Qirg‘iziston bosh vaziri Muxammedkaliy Abilgaziyev iste’foga chiqqanini ma’lum qildi. Qo‘shni respublika hukumati saytida bosh vazirning qirg‘izistonliklarga maktubida ma’lum qilindi.

“Radiochastota resurslarining uzaytirilishi va qayta rasmiylashtirilishi bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha Hukumatga nisbatan e’lon qilinayotgan ayblovlar munosabati bilan xolis va har tomonlama tergov o‘tkazilishi hamda men tomonimdan tergov organlariga bosim o‘tkazilishidan qochish maqsadida qisqa muddatli ta’til olishga qaror qilingan edi”, — deyiladi maktubda.

Bosh vazir o‘zining ushbu ishga aloqasi yo‘qligini, unga nisbatan tilga olingan ayblovlarda hech qanday asoslar mavjud emasligini ta’kidladi. Ikki haftalik ta’til vaqtida tergov organlari u bilan har qanday masala bo‘yicha aloqaga chiqishmagan. U tergov barchasini joy-joyiga qo‘yishi va asl qonunbuzarlarni topishiga ishonch bildirdi.

Muxammedkaliy Abilgaziyev mamlakatda koronavirus infeksiyasi xavfi saqlanib qolinayotgani, uning iqtisodiyot uchun salbiy oqibatlariga qarshi kurash olib borilayotgan bir vaqtda hukumat barqaror ishlashi, fuqarolar tomonidan bildirilgan ishonchdan to‘liq foydalanishi lozimligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan u mamlakat bosh vaziri lavozimidan iste’foga chiqishini e’lon qildi.

“O‘z faoliyatim davomida halol va ochiq ishladim, umumiy manfaatlarga foyda keltirishga harakat qildim va aminmanki, kelgusida menda o‘z bilim va to‘plangan tajribalarimni mamlakat va jamiyat manfaatlari yo‘lida qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘laman”, — deya maktubiga yakun yasadi Muxammedkaliy Abilgaziyev.

Muxammedkaliy Abilgaziyev 2018 yil 20 apreldan buyon Qirg‘iziston bosh vaziri lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.

Ma’lumot uchun, 20 may kuni deputat Janar Akayev Jokorgu Keneshda hukumatni ikkita radiochastotani arzonga sotganlikda ayblagan edi. U ushbu shartnomalardan ko‘rilgan zarar miqdori 5 mln qirg‘iz somi (taxminan 67 mln dollar) atrofida ekanini ma’lum qildi. Keyinroq mamlakat Bosh prokuraturasi korrupsiya to‘g‘risidagi ish doirasida besh kishining qo‘lga olinganini ma’lum qildi.