Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Ulug‘bek Muxammadiyev “Gazeta.uz” ga telefon orqali bergan intervyusida Andijonda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan sodir etilgan qiynoq oqibatida hayotdan ko‘z yumgan kishini holati yuzasidan izoh berdi.

Avvalroq xabar berilgandek, ichki ishlar xodimlari Andijonlik A.Abdukarimovni qimmat toshni boshqa bir shaxsga qaytarmagani uchun ushlashgan. 13 kun tergov bo‘limi xodimlari tomonidan qilingan qiynoqlar va zo‘ravonliklardan so‘ng u shifoxonada hayotdan ko‘z yumgan. Ayblanuvchi uch nafar ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 206, 234 va 235-moddalari bilan ayb e’lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Shuningdek, viloyat IIBning 5 nafar xodimi ishdan bo‘shatilgan va 19 nafariga turli ko‘rinishdagi qat’iy intizomiy tartibdagi jazolar qo‘llanilgan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha prokuratura organlari tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

— Andijonda sodir etilgan holat bo‘yicha fikringiz qanday?

— Ochig‘ini aytish kerak: bir so‘z bilan aytganda, uyatda bu. Chunki qiynoqlar masalasi ko‘p yillardan beri O‘zbekistonni nomiga dog‘ tushirib kelayotgan bir holatda. Bu ko‘p takrorlanadi. Yaqinda Bosh prokuratura bilan birgalikda brifing qilganimizda shu masalaga alohida e’tibor qaratdik. Har yili biz parlamentga hisobot taqdim etamiz. Ikki yildan beri qiynoqlar bo‘yicha ma’lumotlarni saytimizga joylashtirib bormoqdamiz, ya’ni fuqarolardan bu yo‘nalishda murojaatlar bor, afsuski. Ayniqsa, eng ko‘p bo‘layotgan murojaatlar bu ichki ishlar tizimi bilan bog‘liq bo‘lgan murojaatlar.

Mana butun jamoatchilik ijtimoiy tarmoqlarda qarang qanaqa holat bo‘lmoqda. Bizning mamlakatimizning olib borayotgan hamma islohotlarimizga — qonuniylik, ochiqlikka qarshi tamoman teskari bo‘lgan holat.

— Qiynoq holatlarini tekshirish bo‘yicha qiyinchiliklarga uchrayapmiz, degan gap aytgansiz. Bu nima bilan bog‘liq, Sizning vakolatingiz kamligi sabablimi yoki boshqa sabablar bormi?

— Har yili 100 dan ortiq murojaatlar bor. O‘sha murojaatlar bo‘yicha biz tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlariga yuboramiz, chunki bizda borib tergov qiladigan vakolatlar, imkoniyatlar va mutaxassislar ham yo‘q. O‘sha sohani mutaxasissilari ko‘rishi kerak ekspertiza va boshqa masalalarni.

O‘sha tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlariga chiqaramiz va bir yil davomida aniqlangan holatlari 20 taga ham yetmaydi. Lekin bizning ma’lumotimizda 100 dan ortiq raqamlar beryapmiz. 2019 yili bizda 138 ta murojaat bor edi.

Bosh prokuraturaning ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi uch yil ichida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan, shu jumladan Ombudsman tomonidan ham qiynoqqa solish, qo‘rqitish va boshqa ta’qiblar bo‘yicha 757 ta da’vo kelib tushgan (2019 iylda — 208, 2018 yilda — 352, 2017 yilda — 197). Shulardan faqatgina 33 tasi (2019 yilda — 16, 2018 yilda — 10, 2017 yilda — 7 tasi), ya’ni 4,4 foizi bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Shuning uchun bu yerda murakkabliklar bor. O‘sha brifingda aytilgandi, Qiynoqning oldini olish qo‘mitasini tashkil etish bo‘yicha loyiha tayyorlandi. Bizda haqiqatdan ham hozir ehtiyoj bor-da. U mustaqil qo‘mita bo‘lishi kerak, hech kimga — na Ichki ishlar vazirligiga, na prokuraturaga, na ombudsmanga bo‘ysunmasligi kerak. U ob’ektiv hamma murojaatlarni chuqur o‘rganadigan bir tashkilot bo‘lishi kerak. Kerak bo‘lsa parlament oldida hisobot beradigan bo‘lishi kerak. Ana o‘shanda bizga bo‘layotgan murojaatlarni ko‘p qismini aniqlab, tagiga yetishga imkoniyat bo‘ladi bizda.

— Aytib o‘tilgan Qo‘mitani tashkil qilinishi mavjud muammolarni bartaraf etishga yetarli bo‘ladi deb o‘ylaysizmi? IIV tizimiga boshqa islohotlar qilish kerakmi?

— Qo‘mita bu bitta qadam. Lekin bu bitta qo‘mita bilan biz to‘liq shu sohani islohot qilib qamrab ololmaymiz. 2019 yilgi hisobotimizda biz taklif kiritganmiz hamma huquq muhofaza qiluvchi organlarning tizimida tergov bo‘lim, departament boshqarmalarini yagona qilish bo‘yicha taklif kiritganmiz, chunki har yili eng ko‘p fuqarolardan kelayotgan murojaatlar shaxsiy huquqlar yo‘nalishida bu tergov masalasidagi murojaatlar.

Ko‘pgina rivojlangan mamlakatlarda tergov departamenti, vazirlik idora shaklida alohida faoliyat yurituvchi mustaqil tashkilot. Misol uchun, shu idora xodimlari, shu gumon qilinayotgan shaxsni ushlaydi, uni olib kelib tergov qiladi, uni saqlaydi hibsxonada va uni qamoqxonada ham nazoratini olib boradi. Bu hammasi bitta tizimda davom etyapti. Bu eskidan qolgan tizim.

Rivojlangan mamlakatlarda ushbu organ ushladimi, shu tegishli organlarga topshiradi. Tergovdan so‘ng uni sudga topshiradi. Sud hukmini e’lon qilgandan so‘ng u umuman boshqa organda borib jazo o‘taydi. Buni tubdan isloh qilish degan masala oldindan aytiladi. Shuning uchun biz shu hamma tergov qiluvchi bo‘limlarni birlashtirish taklifini berganmiz. Bu birinchi qadam. Keyinchalik bora-bora balkim bir-ikki yilda bo‘lmas. Masalan besh yillik reja qilib shu jazo ijro etuvchi tizimini ham IIV tizimidan olib qo‘yish kerak. Biz taklif berganmiz yoki Adliya vazirligiga yoki alohida organ ham bo‘lishi mumkin.

Bu yangilik emas. Butun rivojlangan mamlakatlarda bu tizimlar amal qiladi. Buni yuristlar yaxshi biladi. Lekin buni ikkinchi tomoni bor: bizda hozir murakkabligi shundaki, bizning moliyaviy imkoniyatlarimiz bilan ham bog‘liq. Shu idoralarni tashkil qilish uchun mamlakat byudjetidan katta xarajat talab qilinadi.

— Bu masala bo‘yicha hisob-kitob qilinganmi?

— Buni hisob-kitobini o‘zini mutaxassislari qilishi kerak. Agar IIV rozi bo‘lsa, ular hisobini chiqarishi kerak yoki Adliya yoki prokuratura hisobini chiqarishi mumkindir. Biz bu bilan shug‘ullanmaganmiz, bizda raqamlar yo‘q.

— Demak, IIV tizimida islohotlarni amalga oshirishga masalani faqat moliyaviy jihati halaqit beradimi?

— Agar tezlik bilan qilish kerak bo‘lsa, birinchi navbatdan moliyaviy. Lekin bosqichma-bosqich qilishda buni boshqa yechimini topsa bo‘ladi. Ya’ni bir necha yillik reja qilib, bosqichma-bosqich huquqiy asosini yaratish, keyin vazirlik yoki idora bo‘lsa shuni yaratish va unga vakolatni sekin berib borish.

— Islohotlarni boshlash uchun unga kim start berishi kerak? Prezidentmi? Bironta vazirlikmi? Jamoatchilikmi? Parlamentmi?

— Yaxshi bo‘lardi parlament va hukumat buni olib chiqsa davlat rahbariga. Man o‘ylayman, davlat rahbari qo‘llab-quvvatlaydi. Chunki biz hisobotimizni parlamentga, hukumatga kirityapmiz va boshqa idoralarga ham kiritmoqdamiz. Hukumat, birinchi navbatda, mablag‘ nuqtai nazardan o‘zini fikrini berishi kerak. Chunki bu masalada hukumat javobgar. Parlamentga kiritilsa, shunda ayon bo‘ladi qay shaklda bo‘lishi.

Lekin, rivojlangan mamlakatlarning shu tizimiga o‘tmas ekanmiz, qiynoq, inson huquqlarini buzilishi holatlari davom etaveradi.

— IIV tizimi bilan bog‘liq yana bitta savol bor edi. Psixologik tarafdan xodimlarning ishlab turgan lavozimiga to‘g‘ri keladimi, bironta attestatsiya qilish jarayonlarida bir mexanizm bormi yoki bu sohada oqsoqlik bormi?

— Siz kadrlar sifati haqida gap ko‘tarmoqdasiz. Hozirgi bo‘lgan vaqea albatta o‘sha kadrlarni salohiyatidan darak beradi-da. Bu yerda bahs qilishning hojati yo‘q. Shuning uchun, vazirlik tizimida huquqni muhofaza qilish idoralarida o‘zini ichki qoidalari, shartlari bor, xodimlarni tanlash, xizmatga olish va ular bilan ishlash bo‘yicha. Lekin hozirgi bo‘layotgan jarayonlar ulardagi mavjud tizimni qayta ko‘rib chiqish, uni yangilash, zarur bo‘lsa shu rivojlangan mamlakatlardagi standartlarni joriy etish masalasini o‘ylab ko‘rish kerak.

Kuch ishlatish — bu jaholatning belgisi. Jaholat — bu bilimsizlik degani. Ya’ni tergov sohasida bilimga ega bo‘lmagan, yaxshi o‘qimagan, o‘zini ustida ishlamagan, bilimsiz odam — johil — kuch ishlatadi. Majburlash yo‘li bilan ko‘rsatmalarni oladi. Shuning uchun, biz jiddiy qarashimiz kerak aynan kadrlar masalasiga.

Shuhrat Latipov suhbatlashdi.