16 iyundan O‘zbekiston hududiga Volgabo‘yi rayonlaridan salqin havo oqimi kira boshlaydi, deya xabar qildi O‘zgidromet matbuot xizmati.

Bu havo oqimi butun ish haftasi davomidagi ob-havoni belgilaydi. Respublika hududining katta qismida ob-havo yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi, faqat 16−17 iyunda tog‘li hududlarda ayrim joylarga qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. 16−17 iyunda respublikaning ayrim joylarida shamolning tezligi sekundiga 15−20 metrgacha kuchayishi, shiddat bilan esganda sekundiga 23−28 metrgacha yetishi mumkin.

16 iyunda Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida kunduzgi harorat 30−35 darajagacha pasayadi. Respublikaning qolgan hududlarida issiq ob-havo saqlanib turadi, kechasi 17−22 daraja, kunduzi 34−39 daraja, janubda va cho‘l zonasida 40−42 darajagacha issiq bo‘ladi.

17−19 iyunda salqin havo butun respublika hududiga tarqaladi, harorat qulay ko‘rsatkichlargacha pasayadi, kechasi 15−20 daraja, kunduzi 30−35 daraja atrofida bo‘ladi, bunday harorat me’yorga yaqindir.