Andijon viloyati kichik sanoat zonalarini boshqarish yagona direksiyasi Marhamat tumani yetakchi mutaxassisi D.A. tadbirkor va fuqarolardan tumandagi kichik sanoat zonasi hududidan uy-joy qurish va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun yer maydoni ajratib berish evaziga pul olayotgandan ushlandi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Marhamat tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, D.A. fuqaro B.M.ga kichik sanoat zonasi uchun ajratilgan yer maydonidan uy-joy qurish hamda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun 10 sotix yer maydoni ajratib berish evaziga 1500 dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Shuningdek, ushbu holat bo‘yicha o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, yetakchi mutaxassis D.A. joriy yilning may oyida 4 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, tadbirkorlik faoliyatini boshlashga yer ajaratish uchun 6750 dollarini hamda 1 nafariga tumanda qurilayotgan ko‘p qavatli uydan 2 xonali uy olib evaziga 27 mln so‘mini qo‘lga kiritganligi aniqlangan.

Xuddi shunday, Departamentning Marhamat tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda, fuqaro M.X fuqarolar Z.R. va M.E.ning ishonchiga kirib, ularga Marhamat tuman “Dehqon bozori” MCHJ hududidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan savdo qilish savdo rastasi ajratib berishi evaziga 2 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan D.A. va M.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.