Adliya vazirligi joriy yilning may oyida Gulnora Karimovaning Fransiyadan O‘zbekistonga qaytarilgan 10 mln dollar miqdoridagi aktivlari manbasi haqida axborot berdi.

Qayd etilishicha, mazkur mablag‘lar O‘zbekistonning fuqarolik da’vosi bo‘yicha Parij shahri sudining 2019 yil 29 iyundagi qarori ijrosi doirasida musodara qilingan Parij shahri Marshal Manuri ko‘chasidagi Triplex turar joy majmuasida joylashgan ko‘chmas mulkni sotishdan kelib tushgan.

Qayd etilishicha, mazkur mablag‘lar O‘zbekiston davlat byudjetiga o‘tkazib berilgan umumiy tartibda ishlatiladi.

“Fransiyadan qaytarilgan mablag‘lar sarf qilinishi rejalashtirilgan ijtimoiy loyihalar va ularning amalga oshirilish jarayoni haqida shaffof ma’lumotlar keng jamoatchilikka muntazam va davriy taqdim qilib borilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Moliya vazirligining mutasaddi vakilining chiqishida batafsil to‘xtalib o‘tiladi”, — dedi vazirlik axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva.

Ayni vaqtda Gulnora Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan 1,3 mlrd dollardan ortiq miqdordagi mulklarni qaytarish bo‘yicha Shveysariya, AQSH, Fransiya, Rossiya va boshqa davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.