Mudofaa vazirligi rahbariyatida yangi tayinlovlar amalga oshirildi, bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, polkovnik Alisher Narbayev mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. Mazkur tayinlovga qadar polkovnik Alisher Narbayev O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi artilleriya boshqarmasi boshlig‘i — artilleriya qo‘mondoni bo‘lgan.

Alisher Narbayev 1979 yil 1 iyulda Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahrida tug‘ilgan. 2000 yil Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik muhandislik bilim yurtini, 2009 yil O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasini, 2018 yilda Mixaylovsk artilleriya akademiyasining (Rossiya Federatsiyasi) malaka oshirish kursini bitirgan.

Bundan tashqari, polkovnik Zairdjan Bazarbayev mudofaa vazirining Moddiy-texnik ta’minot bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Ushbu tayinlovga qadar polkovnik Zairdjan Bazarbayev O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Moddiy-texnik ta’minot bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida xizmat qilgan.

Zairdjan Bazarbayev 1974 yil 19 sentyabrda Xorazm viloyati, Gurlan tumanida tug‘ilgan. 1995 yilda Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtini, 2011 yilda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasini tamomlagan.

Shu bilan birga, vazirlikda Kadrlar bosh boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritgan polkovnik Farxodjon Shermatov Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni lavozimiga tayinlandi.

Hamda, polkovnik Abdulla Xamrayev O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy aviatsiya bilim yurti boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Bunga qadar u Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy xavo kuchlariga qarashli harbiy qismlardan birining komandiri edi.