Andijonning Asaka shahrida Koreya Respublikasiga o‘qishga yuborish bahonasi bilan fuqarolardan pul undirgan muassasa faoliyatiga chek qo‘yildi, deya habar berdi Bosh prokuratura axborot xizmati.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Asaka tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshirishda, “S.” nodavlat ta’lim muassasasi rahbari T.N. va boshqalar 2019 yil davomida Koreya Respublikasidagi universitetlarga o‘qishga kiritib qo‘yish hamda viza olib berish evaziga 3 ta holatda fuqarolardan 20,3 ming dollar va 8 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan N.T. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan (firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritish) ayblanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.