“Adolat” SDP siyosiy kengashi raisi Narimon Umarov va O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov Andijonda ichki ishlar xodimlari tomonidan hibsga olinib, qiynoqqa solinishi oqibatida vafot etgan fuqaro bilan bog‘liq hodisa yuzasidan munosabat bildirishdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq xabar berilgandek, ichki ishlar xodimlari Andijonlik A.Abdukarimovni qimmat toshni boshqa bir shaxsga qaytarmagani uchun ushlashgan. 13 kun tergov bo‘limi xodimlari tomonidan qilingan qiynoqlar va zo‘ravonliklardan so‘ng u shifoxonada hayotdan ko‘z yumgan. Ayblanuvchi uch nafar ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 206, 234 va 235-moddalari bilan ayb e’lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Shuningdek, viloyat IIB 5 nafar xodimi ishdan bo‘shatilgan va 19 nafari turli ko‘rinishdagi qat’iy intizomiy tartibdagi jazolar qo‘llanilgan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha prokuratura organlari tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

“ADOLAT” partiyasi

“Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Narimon Umarovning qayd etishicha, Andijon viloyatidagi IIB xodimlarining hatti-harakati ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari tomonidan e’tirozga sabab bo‘layotgani bejiz emas.

“Binobarin, ularning noo‘rin munosabati asnosida kasb sha’ni oyoq osti qilinibgina qolmadi, balki bir inson eng oliy huquqi yashash ne’matidan mosuvo bo‘ldi… IIB mas’ullarining maqsadi bir bo‘lishi lozim — haqiqatning tagiga yetish va fuqarolarni himoya qilish. Ammo inson huquqlarini toptash orqali adolatga erishib bo‘lmaydi, fuqarolarni do‘pposlash ularni himoya qilish hisoblanmaydi. Afsuski, IIV bunday hollarga „Bu yangilik emas“ deb qarashga odatlanib qolgan”, — deyiladi partiyaning xabarida.

“Albatta, aybdorlar tomonidan tegishli mutasaddilar jazosini olishi kerak. Lekin, ularning jazo olgani marhumni yaqinlariga qaytarib bermaydi. Yoki bunday holat boshqa takrorlanmaslik kafolatini bermaydi. Ya’ni ichki ishlar tizimida islohotlar natijadorligi zamon talablariga mos emas. Bu holat boshqa takrorlanmaslik uchun kimnidir javobgar qilish, kimnidir ishdan bo‘shatish, kimgadir intizomiy chora bilan cheklanish emas, tizimli islohotlar, yangilanishlarni amalga oshirish lozim. Bunda tergov organlarining idoraviy manfaatdorligini bartaraf etish, ularning mustaqilligini ta’minlash, jarayonlarni shaffoflashtirish lozim” — deya ta’kidlaydi Narimon Umarov.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi bu kabi ko‘ngilsiz holatlarga kechiktirmay barham berilishi, mudhish illatlar odatiy holdek qabul qilinmasligi tarafdorligi ekanligini bildirib o‘tdi.

O‘zLiDeP

Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov ham munosabat bildirgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni kuchaytirish bu kabi holatlarni oldini olishga o‘z hissasini qo‘shishini bilrdirgan.

“Jamiyatimizda albatta qonun ustuvorligi ta’minlanishi kerak. Kelgusida bu kabi holatlarning oldini olish bo‘yicha ham qonuniylikni kuchaytirish zarur”, — dedi u.

Ekologik partiya

O‘zbekiston Ekologik partiya fraksiyasi a’zosi Kamol Jumaniyozov ham 30 may kuni Andijon shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 4-sonli ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan fuqaro A.Abdukarimovning ichki ishlar bo‘limida noqonuniy ushlab turilganligi va tan jarohatlari yetkazilganligi oqibatida bevaqt vafot etgani bo‘yicha munosabat bildirdi.

“Jamiyatda qonun ustuvor bo‘lgan davlatda tinchlik, o‘zaro hurmat, farovonlik bo‘ladi… Mazkur holatni sodir etilishida sababchi bo‘lgan sobiq Ichki ishlar xodimlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishi muqarrarligiga ishonaman”, — deya qayd etdi Kamol Jumaniyozov.

Avvalroq, Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili Ulug‘bek Muxammadiyev “Gazeta.uz” ga telefon orqali bergan intervyusida Andijonda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan sodir etilgan qiynoq holatini “uyat”, deb ta’riflagandi.