Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, «sariq» va «yashil» toifalarga ajratilgan hududlar o‘rtasida sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etgan holda quyidagi poyezdlar qatnovi tiklanishiga ruxsat berildi.

Xususan, quyidagi reyslar tiklanadi:

  • Toshkent — Buxoro — Toshkent;
  • Toshkent — Termiz — Toshkent;
  • Toshkent — Xiva — Toshkent;
  • Toshkent — Nukus — Toshkent;
  • Andijon — Xiva — Andijon;
  • Andijon — Buxoro — Andijon;
  • Andijon — Termiz — Andijon.

Transport vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan birgalikda hududlardagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib poyezdlar qatnov rejasini belgilab boradi.

Shuningdek, Toshkent-Samarqand-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha sanitariya-epidemiologik talablarga qat’iy rioya etgan holda «Afrosiyob» poyezdlarining qatnovlari yo‘lga qo‘yilishiga ruxsat berildi.

Yuqoridagilar bilan bir qatorda avtotransport vositalarida yolg‘iz harakatlanayotgan haydovchiga tibbiy niqobdan foydalanmaslikka ruxsat berildi, deyiladi komissiya xabarida.