Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining faoliyatiga 1 avgustidan boshlab ruxsat beriladi, deyiladi Respublika maxsus komissiyasi qarorida.

Xususiy MTTlar faoliyati “yashil” va “sariq” karantin hududlarida davom ettirilishi haqida xabar berilgan edi. Bunda, davlat MTTlari 15 iyundan 1 iyulga qadar davr mobaynida ochilishi kutilayotgani ham aytilgan edi.

Xabarda aytilishicha, davlat MTTlari ochilishining kechikishi tarbiyalanuvchilarni qabul qilishga puxta tayyorlash, shu jumladan sanitariya-gigiyenik qoidalar va xavfsizlik choralarini to‘liq ta’minlashga bog‘liq.

Bunda:

  • davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari binolari doimiy ravishda dezinfeksiya qilinadi, ularga kirish-chiqish joylari pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion “to‘shaklar” bilan jihozlanadi;
  • xodimlar tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqopdan foydalanadi va ijtimoiy masofani saqlaydi;
  • tana harorati 37 S va undan yuqori bo‘lgan yoki infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan xodim va tarbiyalanuvchilar mashg‘ulotlarga kiritilmaydi.

Shu bilan birgalikda, faoliyati tiklanadigan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari ham shu talablarga rioya qilish kerak. Bunda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida mashg‘ulotlarni 15 kishidan ortiq bo‘lmagan guruhlarda tashkil etish to‘g‘risidagi cheklov bekor qilindi.

Bunda, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan karantin cheklovlariga qat’iy rioya etilishi bo‘yicha mas’uliyat maktabgacha ta’lim tashkiloti ma’muriyati hamda tarbiyalanuvchilarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar zimmasiga birdek yuklatiladi.