Maktablarda o‘quv yili yakunlanib, OTMlarga kirish imtihonlari o‘tkazilishiga ikki oydan kam vaqt qolganiga qaramasdan, o‘tgan haftagacha yuz minglab abituriyentlar, ularning ota-onalari va ustozlarni qiynab kelayotgan savollar javobsiz qolayotgan edi. Joriy yilda nechta fandan imtihon bo‘ladi: 2019-yil 14-maydagi Prezident qarorida tasdiqlanganidek beshtami (qarorning 3 ta majburiy va 2 ta mutaxassislik fanlaridan imtihon bo‘lishi belgilangan qismigat o‘zgartirish kiritilmagan) yoki Davlat test markazi aytib o‘tganidek ikkitami? DTM rasmiy saytida aytib o‘tilgan «test topshiriqlarining soddalashtirilishi» deganda nimani tushunish kerak?

Vaziyat o‘tgan payshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingdan so‘nggina biroz oydinlashdi. Bu noaniqliklar davomida DTM va bir Telegram kanali o‘rtasida boshlanib ketgan savol-javob «jangi»ga guvoh bo‘ldik. Bizni esa, yuqoridagi kanal adminining (o‘zi ta’kidlaganidek, bir «tentakona») taklifi qiziqtirib qo‘ydi: belgilangan shartlarga amal qilgan holda, kirish imtihonlarini o‘tkazish xususiy sektor qo‘liga topshirilsa nima bo‘ladi?

Keling, xorij tajribasini tahlil qilib, qaysi omillar tufayli xorijiy nodavlat-notijorat tashkilotlar kirish imtihonlarini tuzish va sertifikat berish ishlarini muvaffaqiyatli amalga oshirib kelayotganliklariga oydinlik kiritamiz.

Nega hamma IELTS va TOEFLga ishonadi?

Tahlilni ko‘pchilikka tanish bo‘lgan ingliz tilini bilish darajasini tekshiruvchi xalqaro test — IELTS dan boshlaymiz. Umuman olganda, bu test OTMlarga kirish imtihoni sifatida ishlab chiqilmagan. Biroq, ingliz tili ona tili bo‘lmagan abituriyentlar xalqaro universitetlarga kirishdan oldin bu test sinovidan o‘tishi va universitet tomonidan belgilangan eng kam ballni qo‘lga kiritishi lozim (bakalavr bosqichi uchun, odatda, maksimal 9.0 balldan 5.5- 6.0, magistratura uchun esa 7.0).

Yuqoridagi minimum ballar abituriyent ingliz tilidagi ilmiy kitoblarni o‘qib, shu tildagi ma’ruzalarni tinglab tushunishi va o‘qituvchilar bilan muloqot qila olishini anglatadi. Bundan tashqari, inglizzabon davlatlarga muhojirlik va ishchi vizalarini olish uchun ham ushbu test natijalari talab etiladi. O‘tgan yildan boshlab esa yurtimizda IELTS sertifikatiga ega abituriyentlarga davlat OTMlariga kirish imtihonlarida ingliz tilidan eng yuqori ball berish tartibi joriy qilindi.

Test Kembrij universitetining ingliz tili bo‘yicha xalqaro imtihonlar bilan shug‘ullanuvchi bo‘limi (Cambridge Assesment English), Britaniya Kengashi va Avstraliyaning IDP tashkiloti hamkorlikdagi mahsuloti hisoblanadi.

Test materiallari Kembrij universiteti tomonidan tayyorlanadi va tasdiqlanadi. Testologiya (testlarni tuzish va qo‘llash haqidagi maxsus fan) bo‘yicha bir ma’ruzada test tashkilotchilari bittagina test variantini tayyorlash jarayoni — uni rejalashtirish, sinab ko‘rish, tahlil qilish taxminan 3 yil talab qilishini aytib o‘tishdi. IELTS testlarini 140 dan ortiq mamlakatda topshirishingiz mumkin, O‘zbekiston hududida test 2 ta akkreditatsiyalangan markaz tomonidan tashkillashtiriladi.

Test natijalari xoh Britaniyada, xoh boshqa chet davlatlarida qabul qilinishining sababi qandaydir rasmiy qarorlar emas, balki ishonchdir. Testning validligi bo‘yicha muntazam ravishda tadqiqotlar olib boriladi, testning ishonchlilik darajasi esa maksimal ko‘rsatkich — 1ga yaqin.

Ingliz tilini xorijiy til sifatida o‘rganayotganlar uchun yana bir test — IELTS ning asosiy raqobatchisi hisoblangan TOEFL bo‘lib, u AQSHda joylashgan Ta’limiy test xizmati (Educational Testing Service, ETS) nodavlat-notijorat tashkiloti mahsuli hisoblanadi. Bu testning ishonchliligini tekshirish uchun ham muntazam ilmiy tadqiqotlar o‘tkazib boriladi va natijalar ommaga taqdim etiladi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, OTMlarda bu sertifikat tan olinishining sababi AQSH federal hukumati qarori emas, balki olib boriladigan tadqiqotlar natijalaridir.

Bu testlar aslida kirish imtihonlari emasligini, ingliz tilida so‘zlashuvchi mahalliy abituriyentlar bu imtihonni topshirmasliklarini aytib o‘tdik. Xo‘sh, unda ular uchun kirish imtihonlari qay tarzda bo‘lib o‘tadi?

Rivojlangan davlatlardagi kirish imtihonlari

Buyuk Britaniyada imtihonlar bilan bog‘liq qoidalarni hukumat tarkibiga kirmaydigan, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri parlamentga bo‘ysunuvchi tashkilot — Ofqual (Kvalifikatsiyalar va imtihonlar boshqarmasi) ishlab chiqadi. Aynan shu tashkilot maktab bitiruvchilarining yakuniy attestatsiyasi bo‘lgan A-level imtihonlari qoidalarini ham belgilaydi. (Maktab o‘quvchilari shu imtihonlar natijalari bilan OTMlarga qabul qilinadi.)

Ofqualning o‘zi imtihon savollarini tuzish yoki imtihonni tashkillashtirish bilan shug‘ullanmaydi, balki mas’ul tashkilotlar rioya qilishi lozim bo‘lgan qoida va majburiyatlarni ishlab chiqadi. U qo‘ygan eng asosiy shartlardan biri — bu testning validligi. Hozirgi kunda 5 ta nodavlat tashkilot A-level imtihonlarini o‘tkazishga ruxsatnoma olgan. Ulardan qaysi birining xizmatlaridan foydalanishni esa maktablar hal qiladi. Qiziqarlisi shuki, bir fandan imtihonni bir tashkilotda topshirsangiz, boshqa fan uchun ikkinchi bir tashkilotni tanlash huquqiga egasiz.

Ko‘rib turganimizdek, hukumat faqat «o‘yin qoidalari»ni tuzadi va unga rioya qilinishini nazorat qiladi. Imtihonlarni o‘tkazish va sertifikat berishga esa nodavlat tashkilotlar mas’ul.

AQSH maktab bitiruvchilari ham ikkita standartlashtirilgan imtihon — ACT yo SAT dan birini topshirishadi. Ikkala test ham nodavlat-notijorat tashkilotlar — ACT va College Board loyihalari.

Avstraliya OTMlariga qabul jarayonida ATAR (Australian Tertiary Admission Rank — Avstraliya OTMlariga qabul reytingi)dan foydalaniladi. Unga ko‘ra, maktab bitiruvchisiga uning maktab davridagi yutuq va egallagan ko‘nikmalariga tayanib, 100 ballik tizimda reyting belgilanadi. Reytingdan joy olmagan yoki reytingi eskirgan (avvalgi yil bitiruvchilari)lar uchun maxsus standartlashtirilgan test — STAT (Special Tertiary Admissions Test) belgilanadi.

Testni ishlab chiqish va tashkiliy ishlar bilan 1930-yilda asos solingan nodavlat-notijorat tashkilot bo‘lmish ACER (Avstraliya ta’lim tizimi tadqiqot markazi) shug‘ullanadi. ACER o‘z test xizmatlarini Birlashgan Arab Amirligi maktablariga ham taklif etgan.

Shtab-kvartirasi Jenevada joylashgan International Baccalaureate nodavlat tashkiloti yoki Kembrij universiteti tarkibiga kiruvchi «Cambridge Assessment International Education» tashkiloti dasturlarini tamomlaganlik to‘g‘risidagi sertifikatga ega bo‘lib ham, dunyoning ko‘plab universitetlariga topshirish imkonini qo‘lga kiritasiz.

Bu dasturlar sertifikatini olish uchun ularning maxsus o‘quv dasturida ta’lim olishingiz va o‘qish yakunida standartlashtirilgan test imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tishingiz lozim bo‘ladi. Shuni aytib o‘tish kerakki, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan har bir viloyatda barpo etilayotgan prezident maktablaridagi ayrim fanlar «Cambridge Assessment International Education» dasturi bo‘yicha o‘qitiladi va kirish imtihonlari ham ushbu tashkilot tomonidan tuzilgan edi.

Ko‘rib turibmizki, nodavlat tashkilotlarni kirish imtihonlarini tuzishga jalb qilish ko‘pgina rivojlangan davlatlar tomonidan qo‘llanilib kelinmoqda. Bunday tashkilotlar sertifikatlari nafaqat mahalliy, balki xalqaro miqyosda ham o‘z kuchini saqlab qoladi.

Noaniqlik va ilmiy asossizlikka «yo‘q» deymiz

Testlarni tuzish va o‘tkazish — bu eng avvalo ilmiy jarayon. Har qanday test topshiriqlari ilmiy asosga ega bo‘lishi va bu test natijalaridan foydalanayotgan tashkilotlar (masalan, abituriyentni qabul qilayotgan OTMlar) testning validligi va ishonchliliga amin bo‘lishlari lozim.

Validatsiya (testni ilmiy asoslash) jarayoni anchagina vaqt, moliya va inson omilini talab qiladi. Ilmiy tadqiqotlar o‘tkazib, testlarining validligi va ishonchliligini asoslashga qodir tashkilotlargina bu sohada yetakchilikni qo‘lga kiritadi.

Hattoki test topshiriqlari davlat boshqaruvidagi tashkilotlar tomonidan tuziladigan mamlakatlar (Rossiyada YeGE, Janubiy Koreyada CSAT, Yaponiyada OTMga qabul uchun milliy imtihon)da ham test tashkilotchilari muntazam ravishda topshiriqlarning validligi borasida tadqiqotlar o‘tkazib borishadi va bu tadqiqotlar natijalarini e’lon qilishadi. Test tizimidagi har qanday o‘zgarish asoslangan bo‘lishi va bir necha yil oldin e’lon qilingan bo‘lishi lozim. Masalan, Yaponiya test tizimida 2021-yilda bo‘ladigan o‘zgarish to‘g‘risida 2019-yildayoq e’lon qilingan.

DTM tashkillashtiradigan testlarning ilmiy asoslanganligi haqidagi munozaralar avval ham ko‘tarilgandi. Bundan tashqari, test tashkilotchisi o‘z zimmasidagi mas’uliyatni yuqori turuvchi tashkilot, masalan, «davlat komissiyasi»ga yuklab qo‘ya olmasligi haqidagi fikrni ham bildirgan edik. Testning ilmiy jihati bilan shug‘ullanish yuqori tashkilotlardagi amaldorlarning ishi emas. Abituriyentlarning imtihondan bir necha oy oldin ham nechta fandan imtihon bo‘lishi, imtihon tartibi va mazmuniga qanday o‘zgartirishlar kiritilishi haqida aniq ma’lumotga ega emasliklarini pandemiya holati bilan oqlab bo‘lmaydi.

Keling, maqolaning kirish qismida aytib o‘tilgan taklifga qaytamiz. Kamina oliy ta’lim tizimidagi muammolar tahlil qilingan bir muzokarada qatnashgan edi. Shunda oliy ta’lim muassasalari vakillari DTMni kirish imtihonlarini tashkillashtirish monopoliyasidan mahrum qilish taklifini ilgari surishgan edi. Ya’ni, ma’lum bir belgilangan talablarga javob berib, o‘z testlarining validligini isbotlab bera olgan nodavlat tashkilotlariga kirish imtihonlarini tashkillashtirishga ruxsat berish, qaysi tashkilot bilan hamkorlik qilish tanlovini esa OTMlarning ixtiyoriga qoldirish taklif qilindi.

Ushbu taklifning yuqorida aytib o‘tilgan fikrlarga hamohangligini, ayniqsa, davlatimiz rahbarining mamlakat iqtisodiyotiga davlat ta’sirini kamaytirish va ayrim davlat xizmatlarini xususiy sektorga topshirish borasidagi yaqindagi topshiriqlarini inobatga olib, bu taklif o‘ylab ko‘rishga arziydi.

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.

Maqola tarjimasi Khan Academy Uzbek tomonidan taqdim etildi.