Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati 13 iyundan boshlab muxlislarsiz va sanitariya talablariga amal qilingan holda davom ettiriladi. Superliganing 4-turini “Bunyodkor” — “Qo‘qon-1912” va “Qizilqum” — AGMK jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlar boshlab beradi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Botir Qurbonov juma kuni bo‘lib o‘tgan brifingda uchrashuvlar o‘tkazilishi bo‘yicha bir qator sanitariya talablari haqida gapirib o‘tdi:

  • qatnashuvchilarning umumiy soni (jamoalar, tashkilotchilar va OAV) 140 dan oshmasligi kerak;
  • stadionga kirayotgan har bir insonning harorati pirometrlar orqali o‘lchanishi lozim;
  • o‘yin uchun tanlangan barcha to‘plar, GPS-tizimlar, fishkalar, darvozalar, uskunalar dezineksiya qilinishi kerak;
  • stadionga kirgan har bir inson o‘yin paytida barcha karantin qoidalariga (shaxsiy himoya vositalari) amal qilishi shart;
  • jamoat joyida (ayniqsa futbol maydonida) tupurish, og‘izga solingan suvni to‘kib tashlash taqiqlanadi. Futbolchilar uchun tupurish yoki og‘izni chayib tashlashga mo‘ljallangan alohida konteynerlar o‘rnatish tavsiya qilinadi;
  • futbolchilar va hakamlar kiyinish xonasi, shuningdek avtobuslar portativ kvars lampalari bilan jihozlanishi lozim;
  • stadion hududidagi barcha shaxslar shaxsiy himoya vositalaridan foydalanishi va o‘yin oldidan tayyorgarlik mashg‘ulotlarini o‘tkazayotgan har bir ishtirokchidan tortib hamma 2 metrlik masofa saqlashi lozim. Faqat o‘yin paytida maydonda harakat qilayotgan futbolchilar va hakamlar niqobsiz yurishi mumkin.
  • jamoalar va hakamlar o‘rtasida bo‘ladigan ko‘l berib ko‘rishish marosimi bekor qilindi;
  • jamoa bo‘lib suratga tushish davomida ham futbolchilar bir-birdan masofa saqlashi va zigzag shaklida joylashishi lozim;
  • uchrashuv bo‘lib o‘tadigan stadion hududi futbolchilar kelishidan 2 soat oldin dezinfeksiya qilinishi lozim.

Avvalroq, Professional futbol ligasining bosh direktori Diyor Imomxo‘djayev chempionat boshlanguniga qadar barcha futbolchilar koronavirusga test topshirishadi, deb aytgan edi. U, shuningdek, chempionat o‘tkazilish davomida qo‘yiladigan boshqa sanitariya talablari haqida ham gapirib o‘tgan edi: jamoalar stadionga turli vaqtda yetib kelishadi, avtobuslarda esa futbolchilar zigzag shaklidagi tartibda joylashgan bo‘lishadi.

Undan tashqari, PFL transfer oynalarining ham vaqtini 6−31 iyuldan 10−31 avgustga o‘zgartirdi.

4-tur jadvali

  • 13 iyun, 19:00. “Bunyodkor” — “Qo‘qon-1912”
  • 13 iyun, 20:00. “Qizilqum” — AGMK
  • 14 iyun, 18:00. “So‘g‘diyona” — “Paxtakor”
  • 14 iyun, 20:00. “Nasaf” — “Navbahor”
  • 15 iyun, 18:00. “Surxon” — “Mash'al”
  • 15 iyun, 18:30. “Buxoro” — “Andijon”
  • 15 iyun, 19:00. “Lokomotiv” — “Metallurg”

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Bunyodkor” (Toshkent) va “Nasaf” (Qarshi) uchrashuv paytida stadionga ishqibozlarning rasmlarini joylashtirib chiqish taklifini berishgan edi.