Toshkent viloyati Toshkent tumanida — poytaxtning Olmazor tumaniga tutash hududda — 150 ming kishiga mo‘ljallangan yo‘ldosh shaharcha barpo etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning Olmazor tumani faollari bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.

Shaharcha 260 gektar maydonda quriladi. Bundan tashqari, bu yerda 20 m kenglikdagi bog‘lar, piyodalar hududlari, velosiped yo‘laklari va uzunligi 14 km bo‘lgan qirg‘oq zonasi barpo etiladi. Bu hududda kamida 5000 kishini ish bilan ta’minlaydigan savdo nuqtalari yaratiladi.

Davlat rahbari yangi loyihalar uchun imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida Toshkent tumanining Olmazorga yaqin hududidan 200 gektar yer ajratib, yangi sanoat zonasi barpo etishni taklif qildi. U yerda tashkil etiladigan korxonalarda kamida 60 mingta yangi ish o‘rni yaratish mumkin bo‘ladi, deyiladi xabarda.

“Chorsu bozori”, Zarqaynar, Sag‘bon, Sebzor, Qorasaroy, Go‘zalbog‘ va boshqa ko‘cha-mahallalarda, jami 482 gektar maydonda zamonaviy turistik, savdo va dam olish maskani — “ochiq osmon ostidagi muzey” barpo etiladi. Bu yerda hunarmandchilik do‘konlari va rastalari, choyxona va mehmonxonalar, kichik muzeylar tashkil etiladi.

“Agregat” zavodini Chirchiqqa ko‘chirgan holda, uning hududida Olmazor aholisi uchun 12−14−16 qavatli arzon uylar qurish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Prezident, shuningdek, koronavirus pandemiyasi tufayli kam quvvalarda ishlayotgan 500 ga yaqin sanoat korxonalari uchun ichki va tashqi bozorlar izlashda amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha Olmazor tumani tajribasini joriy etishni topshirdi, deya xabar qildi “O‘zbekiston 24” telekanali.

Shavkat Mirziyoyev Toshkent hunarmandlariga 3 yil muddatga 220 mln so‘mgacha miqdorda imtiyozli kreditlar taqdim etish, o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga “Har bir oila — tadbirkor” davlat dasturi doirasida soddalashtirilgan tartibda imtiyozli kreditlar berish bo‘yicha ham topshiriqlar berdi.

Uchrashuvda eng kamida 3−4 qavatli savdo majmualari, shuningdek, Qoraqamish-1 ko‘chasidagi eski dehqon bozori negizida Ecobazar va avtoturargoh qurishni topshirdi.