Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazmdagi “samosud” sarlavhasi ostida tarqalgan videolavha yuzasidan IIV huzuridagi Tergov departamenti rasmiy ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 9 iyun kuni taxminan soat 22:40 da Qo‘shko‘pir tumani Ittifoq mahallasida yashovchi 20 yoshli H.O., dugonalari D.A., L.M., M.M., D.K., bilan birgalikda yashash uyiga kelayotganida, oldilariga 31 yoshli S.D. boshqaruvidagi Nexia avtomashinasi kelib to‘xtaydi. Mashinadan shu mahallada yashovchi K.D., R.D, va O.D., tushib, “Sen nima uchun o‘g‘lim va kelinimning turmushini buzib, buzg‘unchilik qilib yuribsan”, deb har xil so‘zlar bilan haqorat qilib, tan jarohati yetkazadi. Ushbu holatni shu yerda bo‘lgan S.D. o‘zining uyali telefon apparatiga videotasvirga olib turadi.


Sud tibbiy ekspertizasida, H.O.ning chap bilak, chap-o‘ng yelka, boldir, chap son va ko‘krak qafasini qontalashlari bo‘lib, yengil tan jarohati olgani ma’lum bo‘ldi.

Tergov departamenti ma’lumotiga ko‘ra, H.O. shu mahallada yashovchi K.D.ning o‘g‘li S.D. bilan 2016 yildan buyon yashab kelayotgani, hozirda bir nafar farzandi borligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Qo‘shko‘pir tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan K.D., R.D., O.D. va N.R.,ga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b, g” bandlari (bir guruh shaxslar tomonidan, o‘z mazmuniga ko‘ra umume’tirof etgan axloq qoidalarini namoyishkorona mensimaslikda ifodalanuvchi o‘taketgan behayolik bilan bezorilik sodir etilsa) bilan qo‘zg‘atildi.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.