O‘zbekistonning Qirg‘iziston va Turkmaniston bilan tutash hududlarida «Qo‘ng‘irot» va «Do‘stlik» erkin savdo zonalarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu haqdagi tegishli prezident farmoni loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylandi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan hujjat loyihasidan ko‘zlangan maqsad mintaqaviy savdoni rivojlantirish, o‘zbek mahsulotlarini tashqi bozorlarga olib chiqish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, shuningdek, chegara hududining transport, tranzit va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish uchun imkoniyatlarni kengaytirishdan iborat.

Loyihada, Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumanidagi Turkmaniston bilan chegaradosh hududida «Qo‘ng‘irot» erkin savdo zonasi va Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida Qirg‘iziston bilan chegaradosh hududida «Do‘stlik» erkin savdo zonasi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

ESZning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:

  • tovarlar savdosi uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish, shu jumladan konsignatsiya omborlarini, tovarlarga ishlov berish, ularni o‘rab-joylash, saralash, saqlash uchun maydonchalarni tashkil etish;
  • xalqaro va mintaqaviy ulgurji hamda chakana zamonaviy savdo formatlarini rivojlantirish;
  • chegara hududlarida logistika xizmatlarining to‘liq spektrini rivojlantirish;
  • ko‘rgazmalar faoliyatini rivojlantirish orqali mamlakatlar biznesining hududlararo kooperatsiyasini yaxshilash;
  • chegara hududlarida aholi farovonligini oshirish va ish o‘rinlarini yaratish;
  • terminal va transport faoliyatlarini, tibbiy va moliyaviy xizmatlarni, ko‘ngilochar, mehmonxona va restoran biznesini, tijorat xizmatlar infratuzilmasini tashkil etish.

Farmon loyihasida ta’kidlanishicha, ushbu ikki ESZning faoliyat yuritishi muddati, keyinchalik uni uzaytirish imkoniyati bilan 30 yil muddatga tashkil etiladi.

Shuningdek, erkin savdo zonalarining ishtirokchilari ESZning faoliyat yuritish muddati davomida mol-mulk solig‘idan, yer solig‘idan, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovlarni to‘lashdan ozod etilishi tartibi o‘rnatilishi kutilmoqda.

Bunda, xududlarida tovarlar (ishlar va xizmatlar) savdosi uchun to‘lovlar va pul o‘tkazmalari joriy operatsiyalar uchun erkin konvertatsiya tamoyiliga asosan tovarlar (ishlar va xizmatlar) uchun, davlat bojlari, yig‘inlar va boshqa shartli to‘lovlardan tashqari, xorijiy valyutada to‘lovlarni amalga oshirishga ruxsat etilgan holda amalga oshirilishi belgilangan.

Hujjat loyihasi muhokamalari 26 iyunga qadar davom etadi.