O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 iyun kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabarti bilan videoaloqa orqali muzokara o‘tkazdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Suhbat davomida moliya instituti rahbari bank O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yangi islohotlar yo‘lini va Markaziy Osiyodagi mintaqaviy siyosatni har tomonlama, shu jumladan, loyihalar portfeli va moliyaviy-texnik ko‘mak hajmini kengaytirish orqali qo‘llab-quvvatlashda qat’iy ekanini ta’kidladi.

Suma Chakrabarti Sirdaryo viloyatidagi favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish va O‘zbekistonda pandemiya keng yoyilishining oldini olish bo‘yicha ko‘rilgan kompleks chora-tadbirlarni yuksak baholadi.

Videomuloqot chog‘ida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari batafsil ko‘rib chiqildi. YeTTBning davlat korxonalarini transformatsiya qilish va banklarni xususiylashtirishdagi ishtirokiga, energetika va neft-gaz tarmoqlarini isloh qilish, ajratilgan kreditlarni samarali o‘zlashtirish, biznesni, shu jumladan to‘qimachilik tarmog‘idagi loyihalarni moliyalashtirishni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Faol muloqot va almashinuvlarni davom ettirishga, jumladan, Toshkent shahrida bo‘lajak Xorijiy investorlar kengashining uchrashuvi va 2023 yilda Samarqand shahrida YeTTB Boshqaruvchilar kengashi majlisini o‘tkazishga birgalikda tayyorgarlik ko‘rish borasida kelishib olindi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda loyihalar portfeli qariyb 1,2 milliard dollarni tashkil etib, barcha ustuvor yo‘nalishlarni qamrab olgan. Ajratilayotgan mablag‘larning uchdan bir qismi xususiy sektor va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga, shu jumladan respublikada koronavirus pandemiyasining salbiy oqibatlarini kamaytirishga yo‘naltirilmoqda. Bundan tashqari, tomonlar umumiy qiymati 1 milliard dollar bo‘lgan yangi loyiha takliflarini ko‘rib chiqmoqdalar.

Bank ekspertlari O‘zbekistonda davlat-xususiy sherikligi, kapital bozorini rivojlantirish, bank tizimini isloh qilish va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari bo‘yicha qonun hujjatlari va strategik tashabbuslarni ishlab chiqishda ham faol ishtirok etdilar.

YeTTB Toshkentdagi vakolatxonasini kengaytirdi, Andijon shahrida ofisini ochdi. Kelgusi yilda Urganch shahridagi ofis o‘z ishini boshlashi kutilmoqda.