Oliy Majlis Senatining beshinchi yalpi majlisini joriy yil 19 iyun kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi, deya xabar qildi parlament yuqori palatasi matbuot xizmati.

Videokonferensaloqa shaklida o‘tkaziladigan yalpi majlisda bir qator dolzarb masalalar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan. Yalpi majlisda, jumladan:

  • “Innovatsion faoliyat to‘g‘risida"gi;
  • “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida"gi;
  • “Fuqarolarning jamoat tartibini saqlashda ishtirok etishi to‘g‘risida"gi;
  • “Geodeziya va kartografiya faoliyati to‘g‘risida"gi qonunlar ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, senatorlar tomonidan “Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi, “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya қилинишини ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonunlar muhokama qilinadi.

“2007 yil 27 iyundagi Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida hamkorlikdagi harbiy o‘quvlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi Bitimga qo‘shimchalar kiritish haqidagi Bayonnomani (Bishkek, 2019 yil 29 aprel) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida"gi, “O‘zbekiston Respublikasining Bo‘g‘uvchi, zaharli yoki boshqa shu kabi gazlar va bakteriologik vositalarning urushda qo‘llanilishini taqiqlash to‘g‘risidagi Protokolga (Jeneva, 1925 yil 17 iyun) qo‘shilishi haqida"gi qonunlari ham yalpi majlis kun tartibiga kiritilgan masalalardan sanaladi.

Shu bilan birga, adliya vazirining O‘zbekistonda 2019 yilda huquqiy targ‘ibot va ma’rifat sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axboroti, qolaversa, Samarqand viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti eshitilishi nazarda tutilgan.