Yevropa Ittifoqi tomonidan 2021−2027 yillar davomida ko‘rsatilishi ko‘zda tutilgan yangi moliyaviy yordam O‘zbekistonda pandemiyaning iqtisodiyotga ta’sirini yumshatish va kambag‘allik darajasini kamaytirish maqsadlariga yo‘naltiriladi, deya xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

10 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov va Yevropa Ittifoqi savdo bo‘yicha komissari Fil Xogan o‘rtasida videokonferensiya bo‘lib o‘tdi. Videokonferensiyada koronavirus tarqalishiga qarshi kurashda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning qator dolzarb yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Respublika hukumati nomidan pandemiyaning O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida 36 mln yevro miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatilgani uchun Yevropaga minnatdorchilik bildirildi.

«COVID-19»ning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’sirini yumshatish va uni qisqartirish kabi kelgusidagi hamkorlikning yo‘nalishlari belgilandi. Bu maqsadlarga Yevropa Ittifoqining 2021−2027 yillar uchun navbatdagi byudjet davri doirasida moliyalashtirishning sezilarli qismini yo‘naltirish rejalashtirilgan.

O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruhining 4-chi yig‘ilishiga tayyorgarlik doirasidagi tadbirlarga, shuningdek, O‘zbekiston YeI «PBT+» imtiyoz tizimi benefitsiar mamlakat maqomini olishi jarayoniga e’tibor qaratildi. Umumiy qiymati 40 mln. yevroni tashkil etuvchi «Qishloq xo‘jaligi sohasini byudjetdan qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekistonga qo‘shimcha yordam» loyihasiga ko‘ra 10 mln. yevro miqdoridagi birinchi transh uchun Yevropaga o‘z minnatdorchiligini bildirildi.