O‘zbekiston prezidentining qaroriga binoan, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining 2 nafar yangi o‘rinbosari tayinlandi. Bu haqda «Gazeta.uz» ga hukumatdagi manba ma’lum qildi.

Mazkur qarorga ko‘ra, Oleg Pekos ATKR vazirining raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Oldinroq u «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi «Telekommunikatsiya tarmog‘i» filiali direktori lavozimida faoliyat yuritgan.

Shu bilan birga, Jamol Maxsudov ATKR vazirining telekommunikatsiya infratuzilmasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Shuningdek, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi markazi apparatining yangi tuzilmasi tasdiqlangani munosabati bilan, 3 nafar amaldagi vazir o‘rinbosarining vakolat doiralariga aniqlik kiritildi.

Bunda, Jamshid Egamberdiyev ATKR vazirning investitsiyalar va moliya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Baxromjon Olmatov vazirning axborot xavfsizligi va rejim masalalari bo‘yicha o‘rinbosari va Qahramon Yuldashev vazirning agrar sohasini raqamlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlariga tayinlandi.

Oldinroq, ATKR vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov bosh vazir maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiya va innovatsion faoliyatni rivojlantirish departamenti rahbari etib tayinlanganligi haqida xabar bergan edik.