O‘zbekiston eksklavi So‘x tumani so‘nggi haftalardagi voqealar sababli e’tibor markazida bo‘ldi. «Gazeta.uz» O‘zbekistonning barcha anklavlari va eksklavlari to‘g‘risida ma’lumot tayyorladi.

Umuman olganda, anklav va eksklav atamalari bir davlat tarkibiga kiruvchi, lekin boshqa bir davlat maydonlari bilan o‘ralgan hududlarga nisbatan ishlatiladi. Bunday hudud A davlatga tegishli bo‘lib, B davlat hududida joylashgan bo‘lsa, unda A davlat uchun eksklav, B davlat uchun esa anklav hisoblanadi. Bunday hududlarning paydo bo‘lishi, asosan mamlakatlar o‘rtasida o‘tkaziladigan delimitatsiya va demarkatsiya jarayonlariga bog‘liq.

Dunyo bo‘ylab milliy darajadagi, ya’ni boshqa davlat hududida joylashgan 50 ga yaqin anklav hududlar mavjud. O‘zbekistonga tegishli bo‘lgan 4 ta eksklavlar Qirg‘iziston hududida joylashgan. Bundan tashqari, mamlakatda 2 ta anklav hududlar ham mavjud.

Shunday qilib, quyidagi hududlar O‘zbekistonning eksklavlari hisoblanadi:

So‘x

Farg‘ona viloyati hududiy tuzilmasiga kiruvchi So‘x tumani 1942 yildan 1959 yilgacha O‘zbekiston SSR tarkibida mavjud bo‘lib, keyinchalik Rishton tumani hududiga kiritilgan. 1990 yil 27 fevral kuni So‘x tumani qayta tashkil etiladi. Ma’muriy markazi Ravon shaharchasida joylashgan.

So‘x

Tuman Qirg‘izistonning Botken viloyati hududi (Botken va Qadamjoy tumanlari oralig‘ida) bilan o‘ralgan. So‘x aholisi va maydoni jihatidan dunyodagi eng katta eksklav hudud hisoblanadi. Maydoni 352 km2. So‘x hududida 80 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Aholining 99 foizi tojik millatiga mansub, 0,7 foizi qirg‘iz va 0,1 foizi o‘zbek va boshqa millatlar vakillaridir.

Shohimardon

Shohimardon eksklavi ham Farg‘ona viloyatining hududi hisoblanib, Farg‘ona tumani tarkibiga kiradi, Qirg‘izistonning Botken viloyati hududi bilan o‘ralgan. Turli ma’lumotlarga ko‘ra, aholisi 5 mingdan 10 ming kishigacha. Maydoni 90 km2. O‘zbekistonning «asosiy» hududidan 17 km uzoqlikda joylashgan.

Shohimardon Janubiy va Shimoliy qismlarga bo‘lingan. Aholisi asosan o‘zbek va qirg‘iz millatiga mansub. 2007 yil O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlari tomonidan turizmni rivojlantirish maqsadida erishilgan kelishuvga ko‘ra, ikki mamlakat fuqarolari 2 oy davomida Shohimardon hududida vizasiz bo‘lishlari mumkin.

Qurbonko‘l. Foto: meros.uz

Shohimardon hududida Hamza Hakimzoda Niyoziyning qabri, xalifa Aliga bag‘ishlab qurilgan maqbara hamda 1766 yil zilzilalar oqibatida paydo bo‘lgan tog‘ ko‘li Qurbonko‘l (Moviyko‘l) joylashgan.

Cho‘ng‘ara

Cho‘ng‘ara qishlog‘i 2018 yil Rishton tumani hududidan So‘x tumani hududiga kiritilgan. Qishloq So‘x daryosi sohilining o‘ng tomonida joylashgan. 2018 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, qishloq aholisining soni 1300 kishi atrofida bo‘lgan, maydoni 261 gektar. Qishloq aholisining asosiy qismi o‘zbek va qirg‘iz millatlariga mansub.

So‘x tumani. Foto: O‘zA

Jangayl

Ushbu eksklav hudud ham Qirg‘izistonning Botken viloyati hududida joylashgan. Ma’muriy tuzilishidan Farg‘ona tumaniga qaraydi. Eksklav maydoni 1 km2dan kichikroq. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, eksklav hududida deyarli hech kim istiqomat qilmaydi.

Bundan tashqari, boshqa davlat tarkibiga kiruvchi, lekin O‘zbekiston hududi bilan o‘ralgan anklav hududlar ham mavjud:

Barak

Qirg‘iziston tarkibiga kiruvchi Barak qishlog‘i Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumani hududida joylashgan. Maydoni 230 gektar. 2009 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra aholisi 600 kishidan sal ko‘proq bo‘lgan, lekin oxirgi yillarda aholisi kamayib bormoqda. 2014 yilda Barakdagi oilalar soni 20 taligi aytilgan edi. Aholisi asosan qirg‘iz va o‘zbek millatlari vakillaridan iborat.

Ma’muriy jihatdan, Barak qishlog‘i Qirg‘izistonning O‘sh viloyati hududiga kiradi. Qirg‘izistonning asosiy hududidan 1,5 km uzoqlikda joylashgan.

Sarvak

Tojikistonning So‘g‘d viloyati hududiga kiruvchi Sarvak anklavi Namangan viloyati Pop tumani hududi bilan o‘ralgan. Eksklav maydoni 8,4 km2, uzunligiga 14 km va eniga 600 metr bo‘lib, Sarvak daryosi bo‘ylab joylashgan. Tojikistongacha bo‘lgan eng yaqin masofa 1,2 kmni tashkil etadi. Aholisi asosan o‘zbek millatiga mansub bo‘lib, 2005 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra 150 kishi istiqomat qilgan.