8 iyun kuni Qarshi tuman ma’muriy sudi Sulton Tex Group kompaniyasining Qarshi tuman hokimi Maqsuda Mustafoyeva va boshqa mansabdor shaxslarga qarshi da’vosi bo‘yicha qaror chiqardi.

“Gazeta.uz” avval yozganidek, Sulton Tex Group rahbari Nurbek Ergashev bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohasini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘ktam Barnoyevni klaster paxtachilik bilan shug‘ullanishiga qaramasdan, 5,6 mlrd so‘mni g‘allani oziqlantirish uchun o‘tkazib berish talabini bajarmagani uchun bosim o‘tkazish hamda uning korxonasini paxta-to‘qimachilik klasterlari ro‘yxatidan chiqarib yuborganlikda ayblagan edi. Hokimlik yil oxirigacha klaster bilan shartnoma tuzgan fermerlarni kooperatsiyaga o‘tkazishga majburlashni boshlagan. Tadbirkor 100 mln dollarlik bir-biri bilan bog‘liq bo‘lgan 15 ta yirik loyihani amalga oshirish ustida ish olib borayotgani, mazkur qaror uni bankrotga uchratishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.

Ishbilarmon uning kompaniyasini paxta-to‘qimachilik klasterlari ro‘yxatidan chiqarish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilish, 5,6 mlrd so‘mni g‘allani oziqlantirish uchun ajratish to‘g‘risidagi talabni, fermerlarni Silver Fiber Agro Kooperasiyasi kooperatsiyasi bilan majburlab shartnoma tuzdirish bo‘yicha harakatlarni va uni ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi guvohnomani noqonuniy deb topish, shuningdek, hokim Maqsuda Mustafoyevaga korxonaning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga aralashmaslik majburiyatini yuklash uchun sudga murojaat qildi.

Nurbek Ergashev (kostyumda). Foto: “Daryo”.

Nurbek Ergashev, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 8 apreldagi yig‘ilish bayonidagi faoliyatini to‘xtatayotgan klasterlarga biriktirilgan yog‘-moy zavodlari, bino va inshootlarni qaytarish hamda Sulton Tex Group faoliyatini to‘xtatish va o‘rniga fermer xo‘jaliklari kooperatsiyasini tashkil etish to‘g‘risidagi talablarni bajarishni bekor qilishni ham so‘radi.

Sudning hal qiluv qaroriga (qaror “Gazeta.uz” ixtiyorida mavjud) ko‘ra, sud Sulton Tex Group arizasini qisman qanoatlantirdi.

Tadbirkor bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyevga taqdim etilgan asoslanmagan ma’lumotlar klaster faoliyatini to‘xtatish va fermerlarni kooperativlarga o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorning qabul qilinishiga sabab bo‘lganini ma’lum qildi. Arizachi sudda buni isbotlab bera olmagani sababli mazkur talab rad etildi.

Sud, shuningdek, hokim Maqsuda Mustafoyeva va boshqa mansabdor shaxslarning fermer xo‘jaliklari rahbarlari va yangi kooperatsiya o‘rtasida kontraksiya shartnomalarini tuzish sharoitiga olib kelgan harakatlarini noqonuniy deb topdi.

Hokimning Sulton Tex Group to‘g‘risida Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev va bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyevga xat yo‘llagani bilan bog‘liq xatti-harakatlari ham qonunga zid deb topildi.

Davlat xizmatlari agentligining Silver Fiber Agro Kooperasiyasi kompaniyasini ro‘yxatga olish bilan bog‘liq harakatlari noqonuniy, uning 27 apreldagi ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi guvohnomasi esa haqiqiy emas deb topildi.

Qarshi tuman hokimi va boshqa mansabdor shaxslarga Sulton Tex Group moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga, aynan qilib aytganda, kompaniya va fermer xo‘jaliklari o‘rtasidagi kontraksiya shartnomalarini bekor qilish yoki o‘zgartirish, shuningdek, bank hisob raqamlarini tuman filiallariga ko‘chirib o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarga aralashmaslik majburiyati yuklandi.

Shu bilan birga, kompaniya paxta xom ashyosini yetishtirish bilan shug‘ullansa ham, g‘allani oziqlantirish uchun 5,6 mlrd so‘mni o‘tkazib berish hukumat qarorini bekor qilish bo‘yicha talab ish yurituvidan chiqarildi. Sud buni ushbu harakatlarda ijtimoiy xavfli qilmishga o‘xshash harakatlar mavjudligi va mazkur masala ma’muriy sudga aloqador emasligi bilan izohladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 8 apreldagi bayonnomasidan o‘rin olgan o‘z faoliyatini to‘xtatayotgan paxta-to‘qimachilik klasteriga biriktirilgan yog‘-moy zavodlari, bino va inshootlarni qaytarish hamda Sulton Tex Group paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyatini to‘xtatish va uning o‘rniga fermer xo‘jaliklari kooperatsiyasini tashkil etish ko‘zda tutilgan bandning bajarilmasligi bo‘yicha talab ham ish yurituvidan chiqarildi. Mazkur bayonnoma xalq deputatlari Qarshi tuman kengashi tomonidan muhokama qilingani, ma’muriy sud esa kengash qarori qonuniyligini baholashga vakolatli emasligi qayd etildi.

Klaster bilan shartnoma tuzgan fermerlarning kooperatsiya bilan kontraksiya shartnomalarining qonuniyligini tekshirish ham ish yurituvidan chiqarildi. Bu ishning ham ma’muriy sudga aloqador emasligi qayd etildi.

Yer kimning tasarrufiga o‘tadi, klasterning keyingi taqdiri nima bo‘ladi?

Qarshi tuman hokimligi matbuot xizmati o‘z xabarida Silver Fiber Agro Kooperasiyasi bilan ishlagan fermer xo‘jaliklari qonuniy shaklda kooperatsion tizim tashkil etgan holda sud talabi asosida u bilan ishlashda davom etishlarini qayd etdi.

“Yer maydonlari egalari sudda o‘z faoliyatini davom ettirishni xohlashayotganini ma’lum qilishdi. Klasterga tegishli 13 mingdan ziyod gektar maydondagi yer kooperatsiyaga o‘tkaziladi. Sud shu bilan majlisni yakunladi”, — deyiladi ma’muriyat xabarida.

Sulton Tex Group bo‘lim boshlii G‘iyos Ro‘ziyev “Gazeta.uz"ga kompaniya 15 ming gektar yer bilan ishgani, 13 ming gektar yer kooperatsiyaga berilganidan keyin kompaniya tasarrufida o‘zining 2000 gektar yeri qolganini ma’lmu qildi.

“Vazirlar Mahkamasining klasterni tugatish to‘g‘risidagi bayonnomasi hattoki Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan o‘tkazilmagan. Prezident qarori kabi yuqori turuvchi hujjatlar bor. Hozir biz tushunarsiz vaziyatga tushib qoldik. Savollar ko‘p, javoblar oz. Bir tomondan, biz — klastermiz, bizdan yerni olib, guvohnomasi sud tomonidan haqiqiy emas deb topilgan kooperatsiyaga berishmoqda”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya keyingi qarorni qabul qilish uchun sud qarorini tahlil qilmoqda.