So‘nggi uch kunda koronavirusga chalingan 292 nafar bemorning 118 nafari aholi orasida qayd etilgan, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Jumladan, 8 iyun kuni kasallik qayd etilgan jami 109 nafar bemorning 66 nafari, 9 iyun kuni koronavirus aniqlangan jami 80 nafar bemorning 25 nafari hamda 10 iyun kuni sanasida yurtimizda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 103 nafar bemorning 27 nafari aholi orasida aniqlangan.

Hududlar kesimida 10 iyundagi holatga ko‘ra, koronavirus yuqtirganlarning 11 nafari Toshkent viloyatidan, 7 nafari Toshkent shahridan, 3 nafari Sirdaryo viloyatidan, Samarqand va Buxoro viloyatlaridan 2 nafardan, 1 nafari esa Qashqadaryo viloyatidan.

Misol uchun, Toshkent shahrida tana harorati ko‘tarilib, uy sharoitida davolangan fuqaroda, Yunusobod tuman davlat soliq inspeksiyasining 2 nafar inspektorida, Shayxontohur tumanidagi «Mediapark» savdo majmuasi sotuvchisining onasida koronavirus aniqlangan.

Bundan tashqari, Toshkent viloyatida yashovchi, Yunusobod bozorida ziravorlar savdosi bilan shug‘ullanadigan fuqaroning 2 nafar oila a’zosida, Bekobod va Toshkent tumanlarida yashovchi 2 nafar fuqaro hamda Toshkent tumanidagi «Amerikan gospital» xususiy klinikasi kichik tibbiyot xodimida ham kasallik tasdiqlangan.

Shuningdek, koronavirus infeksiyasi aniqlangan Sirdaryo viloyati Ichki ishlar xodimining qo‘shnisi va u bilan muloqotda bo‘lgan 2 nafar tikuvchilik sexi xodimlarida, Samarqan viloyati «Maroqand» DUKning 2 nafar xodimi ham koronavirusga chalingani ma’lum bo‘ldi.

Bugun ayni paytga qadar kasalligi aniqlangan 72 nafar bemorning 20 nafari Karantin markazidagi fuqarolar orasida aniqlangan bo‘lsa, qolgan 52 nafari aholi orasida qayd etilmoqda. Jumladan, Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida faoliyat ko‘rsatuvchi xorijiy korxonaning bir yo‘la 28 nafar xodimida, Toshkent shahri Yunusobod bozorining yana 2 nafar sotuvchisida koronavirus infeksiyasi tasdiqlandi.

«Guvohi bo‘lganingizdek, koronavirus infeksiyasi yurtimizning istalgan hududida paydo bo‘lishi, jinsi va millatidan qat’i nazar har qanday kasbdagi fuqaroda qayd etilishi mumkin. Bizning hududda kasallik ko‘rsatkichi past yoki aniqlanmadi, deya bir zum bo‘lsa-da, xushyorlikni yo‘qotsangiz, kutilmaganda koronavirusni yuqtirib olishingiz va yaqinlaringiz sog‘ligini xavf ostida qoldirishingiz hech gap emas. Har birimiz ko‘chaga chiqish, muloqotga kirishish orqali kasallanish ehtimoli borligini unutmasligimiz kerak», — deya ogohlantirdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.