Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 15 foiz darajasida o‘zgarishsiz saqlab qolishga qaror qildi, deya xabar berdi bankning matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Markaziy bank boshqaruvi bu qarorni inflyatsiya prognozining barqaror pasayish trendi shakllanib borayotganligi hamda iqtisodiyotning tiklanish sharoitida makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlash maqsadlari o‘rtasidagi muvozanatni saqlash bilan izohlaydi.

«Markaziy bank inflyatsiya prognozining pasayishidan kelib chiqqan holda, keyingi yig‘ilishlarda asosiy stavka darajasini pasaytirish ehtimolini ko‘rib chiqmoqda», — deyiladi xabarda.

Boshqaruvning navbatdagi asosiy yig‘ilishi 23 iyulga belgilanganliggi ma’lum qilindi.

Qarorning asosiy omillari

Markaziy bank boshqaruvi mazkur qarorga kelishda bir qator omillarni sanab o‘tdi: inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar, iqtisodiy faollik, pul-kredit sharoitlari va mamlakatda o‘rnatilgan karantin tadbirlari bilan bog‘liq xatarlar va noaniqliklar.

Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar. Aprel oyida pandemiya ta’sirida inflyatsiya 1,7 foizni tashkil etdi va bu asosiy oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va shaxsiy gigiyena vositalariga bo‘lgan talabning keskin o‘sishi va unga bozor narxlarining moslashishi bilan izohlanadi.

May oyida narxlarning umumiy darajasi ayrim qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxlarining pasayishi, pandemiyaga qarshi cheklov choralarining yumshatilishi va iqtisodiy faollikning asta-sekin tiklanishi hisobiga nisbatan barqarorlashdi. Май oyida narxlar 0,3 foizga o‘sib, yillik inflyatsiya 14 foizni tashkil etdi va prognoz ko‘rsatkichlari doirasida bo‘lgani ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, pandemiya sharoitida aholi tomonidan asosan oziq-ovqat va dori-darmon tovarlariga ehtiyoj yuqori bo‘ldi va bir vaqtning o‘zida nooziq-ovqat tovarlari sotib olish hajmi kamaydi hamda bu o‘zgarishlar iste’mol narxlari indeksida ham o‘z aksini topdi.

O‘z navbatida, bu omil aholi va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasi hamda inflyatsion kutilmalariga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatdi.

«May oyida iste’mol narxlarining nisbatan barqarorlashishi bilan inflyatsion kutilmalarda ham pasayish kuzatildi, lekin hali ham inflyatsion kutilmalar yuqori darajada saqlanib qolmoqda», — deyiladi xabarda.

Iqtisodiy faollik. Aprel oyida cheklov choralari va jahon bozorlaridagi vaziyatning yomonlashuvi sababli iqtisodiy faollikning sezilarli darajada pasayishi kuzatildi. Ishlab chiqarishning qisman to‘xtatilishi va uy xo‘jaliklari daromadlarining kamayishi iqtisodiyotdagi yalpi talabning qisqarishiga olib keldi.

Xususan, banklararo to‘lov tizimi orqali amalga oshirilgan o‘tkazmalarning umumiy soni sezilarli darajada kamaydi. Ushbu ko‘rsatkichning pasayishi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan aprelda 39,8 foizni, mayda esa 34,7 foizni tashkil etdi. Eng katta pasayish aprel oyida kuzatilgan bo‘lib, may oyida asta-sekin tiklanish kuzatila boshlandi va o‘tkazmalar hajmi aprel oyiga nisbatan 7,6 foizga o‘sgani aytildi.

May oyida, shuningdek, tijorat banklariga savdo va pullik xizmatlardan naqd pullar tushumi ham tiklana boshlandi. Xususan, aprelda banklarga 3,4 trln so‘mlik naqd pul tushumi kelib tushgan bo‘lsa, mayda mazkur ko‘rsatkich 44 foizga oshib, 4,9 trln so‘mni tashkil etdi.

Shu bilan birga, may oyida savdo va pullik xizmat ko‘rsatuvchi sub’ektlarda terminal orqali to‘lovlar hajmi aprelga nisbatan 25 foizga ko‘payib, 5,2 trln so‘mga yetdi.

Shu kabi holat O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasi savdolarida ham kuzatildi. Aprelda savdo hajmi oldingi oyga nisbatan 9,4 foizga pasaygan bo‘lsa, may oyida 39,7 foizga o‘sdi.

«Transchegaraviy pul o‘tkazmalari oqimi tiklanmoqda va bu o‘z navbatida, aholining iste’mol kayfiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Xususan, may oyida pul o‘tkazmalari hajmi aprelga nisbatan 234 mln. dollarga ko‘paydi va 484 mln. dollarni tashkil etdi», — deya ma’lumot beriladi xabarda.

Sanoat mahsulotlari sohasida may yakunlari bo‘yicha ishlab chiqarishning aprelga nisbatan 27 foiz bandga tiklanishi kutilmoqda.

Shuningdek, Markaziy bank keltirgan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha qurilish sohasida o‘sish ko‘rsatkichlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 foizdan ziyodga ko‘payishi, qishloq xo‘jaligi sohasida esa 3 foiz atrofida yuqori bo‘lishi kutilmoqda.

May oyida cheklov choralari yumshatilishi bilan vaziyat yaxshilana boshladi va iqtisodiy faollikning bosqichma-bosqich tiklanish tendensiyasi kuzatilmoqdaligi ta’kidlandi.

Pul-kredit sharoitlari. 2020 yilning o‘tgan 5 oyida ham Markaziy bank bir maromda qat’iy pul-kredit sharoitlarini saqlab qoldi. Aprelda asosiy stavkaning 1 foiz bandga pasaytirilishiga qaramay, depozitlar va kreditlar bozorida ijobiy real foiz stavkalari saqlanib qolmoqda.

Aprelda milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi martga nisbatan 0,7 foiz bandga pasayib, 24,1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, milliy valyutadagi 1 yildan ortiq muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi 0,5 foiz bandga oshib, 19,3 foizga teng bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.

«Kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalarining pasayishi umumiy kredit portfelida yuqori foiz stavkali iste’mol kreditlari ulushining qisqarishi bilan izohlanadi va kelgusi oylarda ham mazkur tendensiyaning saqlanib qolishi kutilmoqda», — deyiladi xabarda.

Iqtisodiyotga kredit qo‘yilmalarining o‘sishi, valyuta almashuv kursi o‘zgarishlarini hisobga olmaganda, may oyida aprelga nisbatan (2,2 foizdan 2,8 foizgacha) tezlashdi va 5 oy yakunlari bo‘yicha 14,4 foizni yoki 30,0 trln. so‘mni tashkil etdi.

Xabarga ko‘ra, umumiy pul massasi esa 1 iyun holatiga 99,2 trln. сўмни tashkil etib, asosan so‘nggi 2 oyda sezilarli (8,7 trln. so‘mlik yoki 9,7 foizlik) o‘sish kuzatildi. Bunda muddatli depozitlar o‘sish sur’atlari aprel oyidagi sekinlashishdan so‘ng, may oyiga kelib yana tiklandi va yillik 12,3 foizni tashkil etgani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Botir Zaxidov ta’kidlashicha, O‘zbekistonda so‘ngi 2−3 yilda biznes muhit yaxshilashga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilgani natijasida aholi orasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga qiziqishi oshgan. Bu esa, o‘z navbatida, kreditga bo‘lgan talabni keskin o‘sishiga olib kelgan.

«Bu talab oshishi kredit va depozit foiz stavkalarini o‘sishiga olib kelmoqda. Bugungi kunda biznes uchun kreditlarga bo‘lgan o‘rtacha foiz stavkasi 24−26 foizni, jizmoniy shaxslarga esa chakana kreditlarning stavkasi 30 foizgacha yetmoqda», — deya ta’kidladi u.

Pandemiyaning likvidlikni shakllantiruvchi omillarga ta’siri natijasida tijorat banklari tomonidan depozit operatsiyalariga talab qisqargan bo‘lsa, aksincha REPO va SVOP operatsiyalariga talab ortib bormoqda. Xususan, fevral-may oylarida Markaziy bankning o‘rta muddatli depozit operatsiyalari orqali o‘rtacha 425 mlrd. so‘mlik likvidlik jalb qilindi. REPO va SVOP operatsiyalari orqali esa o‘rtacha 673 mlrd. so‘mlik likvidlik taqdim etildi. Bunda operatsiyalar o‘rtasidagi sof farq 248 mlrd. so‘mni tashkil etib, banklar likvidligini qo‘llab-quvvatlovchi omillardan biri bo‘ldi.

May oyida banklararo pul bozorining faollashuvi kuzatildi va jami amaliyotlar hajmi 4,4 trln. so‘mni tashkil etib, aprelga nisbatan 2,0 trln. so‘mga (85,0 foizga) ko‘paydi. Bunda 14 kungacha bo‘lgan depozitlar foiz stavkasi ayrim tebranishlar bilan foiz koridori doirasida shakllangan bo‘lsa, uzoq muddatli resurslarga bo‘lgan talabning yuqoriligi sababli 30 kungacha va undan ortiq muddatli depozitlar bo‘yicha foiz stavkalari nisbatan yuqori bo‘ldi.

«Milliy valyuta kursi tashqi va ichki omillar ta’sirida aprel oyida 5,8 foizga qadrsizlangan bo‘lsa, may oyida nisbatan barqaror darajada shakllandi», — deyiladi Markaziy bankning xabarida.

Xatarlar va noaniqliklar. Karantin choralarining bosqichma-bosqich yumshatilishiga qaramay, iqtisodiyotda inflyatsion jarayonlarning istiqbollari bo‘yicha ikki tomonlama omillar — bir tomondan, yalpi talabning zaiflashishi bilan bog‘liq pasaytiruvchi omil va ikkinchi tomondan cheklangan taklif sharoitida narxlarning o‘sishiga ta’sir qiluvchi omillar bilan bog‘liq noaniqliklar saqlanib qolayotgani ta’kidlandi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari iqtisodiyotining tiklanishi hamda biznes yangi iqtisodiy voqeliklarga moslashishining uzoqroq muddatga cho‘zilishi ma’lum bir noaniqliklarni keltirib chiqarayotgani Markaziy bank boshqaruvi tomonidan bildirildi.

Bunda mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligi va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash uchun asosiy mahsulotlarning zaxiralarini to‘ldirish va taklifini oshirish choralarini ko‘rish zarurligi qayd etildi.

Birinchi yarim yillik oxiriga kelib, almashuv kursining aprel oyidagi tashqi va pandemiya sharoitlariga to‘g‘rilanishining ta’siri pasayishi hamda yillik inflyatsiyaning joriy darajasi (14−14,5 foiz) saqlanib qolishi kutilmoqda.

Markaziy bank yil oxiriga qadar inflyatsiya prognozini 11−12,5 foiz darajasida saqlab qolishi va bunda II yarim yillikda inflyatsiyaning sezilarli darajada pasayishi kutilmoqda. Mazkur kutilmalarning asosiy omillari sifatida faollikning asta-sekin tiklanishi bilan yalpi taklifning talab bilan muvozanatlashishi hamda tartibga solinadigan narxlarning o‘zgarishsiz saqlanib qolishini keltirish mumkin.

«Iyun va iyul oylarida yillik inflyatsiya pasayish tendensiyasining oraliq maqsadli ko‘rsatkichlardan past darajada saqlanib qolishi yilning II yarmida asosiy stavkani pasaytirish uchun sharoit yaratadi» — deya ma’lum qilinadi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Markaziy bank asosiy stavkani yillik 16 foizdan 15 foizgacha tushirib, bunday qaror inflyatsiya pasayishi prognozini hisobga olgan holatda qabul qilgandi.

Shuningdek, avvalroq, bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov kred bo‘yicha stavkalarning foizi kamayishi haqida ma’lum qilgandi.