O‘zbekiston IIV huzuridagi Tergov departamenti foizsiz bo‘lib to‘lashga avtomashina olib beruvchi Almaz super avto kompaniyasi faoliyatiga chek qo‘yilganini ma’lum qildi.

Kompaniyaga Jizzaxda fuqaro E. I. va boshqalar tomonidan asos solingan bo‘lib, o‘tgan yilning may oyidan sentyabrigacha faoliyat olib borgan. Fuqarolarga avtomobil rusumiga qarab 2,6 mln dan 9,1 mln so‘mgacha miqdordagi tariflar bo‘yicha 2 yildan 5 yilgacha muddatga foizsiz avtomobil sotib olib berishni taklif qilgan.

“Tadbirkorlar” o‘z xizmatlarini flayerlar, ijtimoiy tarmoqlar va OAV orqali reklama qilgan, Andijon, Farg‘ona va Namanganda filiallarini ochgan. Ular 3,1 mln so‘mdan ziyod miqdordagi 446 ta shartnomani tuzishning uddasidan chiqa olishgan. Kompaniya hisob raqamiga esa 1,6 mlrd so‘m kirim qilingan, qolgan 1,5 mlrd so‘m esa firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilgan, deya qayd etdi Tergov departamenti.

Mazkur holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan tergov harakatlari yakuniga ko‘ra, E.I., ga Jinoyat kodeksining 188−1-moddasi (pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat) 3-qismi “a,v” bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 189-moddasi (Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish* 1-qismi bilan ayb e’lon qilindi.

Qolgan mansabdor shaxslar — E.Q. va D.X.,ga nisbatan esa JKning 188−1-moddasi 3-qismi “a,v” bandi, 189-moddasi 1-qismi bilan ayb e’lon qilindi.

E.I., ga nisbatan “qamoqqa olish”, E.Q. va D.X.,ga nisbatan “garov” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Tergov davomida jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararning 1,1 mlrd so‘mi undirilgan. Jinoyat ishi tegishli tartibda sud muhokamasiga yuborilgan.