Toshkentda koronavirus bemorlari manzilli va kasallik o‘chog‘ining o‘zida lokalizatsiya qilinishi sababli poytaxt «sariq» hududdan «qizil» hududga o‘tkazilmayapti, deya izoh berdi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Botir Qurbonov.

Brifingda Botir Qurbonov «Nima uchun poytaxtda bemorlar aniqlayotganiga qaramay, Toshkent „sariq“ hududda qolmoqda?» degan savolga javob berar ekan, poytaxtda kasallik aniqlangan tuman emas, balki infeksiya o‘chog‘ining o‘zi izolyatsiya qilinayotgani, bunday qilish kasallikka qarshi tadbirlarni amalga oshirishda samaraliroq ekanligini ta’kidladi.

«Toshkent shahrida kasallik qayd etilishiga qaramasdan, bugungi kunda Respublika maxsus komissiyaning ko‘rsatmasiga binoan. butunlay Toshkent shahrini yoki bir tumanni „qizil“ rang bilan belgilashdan ko‘ra kasallik o‘chog‘ining o‘zini, ya’ni kasallik qayd etilgan ob’ekt yoki muassasa, qolaversa, kasallik qayd etilgan ko‘cha va mavze yoki mahallaning „qizil“ hududga belgilanishi ushbu kasallikka qarshi tadbirlarning samarali va to‘laqonli amalga oshirilishiga o‘z hissasini qo‘shadi,» — dedi Botir Qurbonov.

Shu bilan birga, mazkur yondashuvni amalga oshirgan holda bugungi kunda Toshkent shahridagi 513 mahalladan 42 tasi «qizil», 132 tasi «sariq» va 339 tasi «yashil» toifaga kiritilgani ma’lum bo‘ldi.

«Ushbu hududlarda tadbirlarning manzilli va o‘z joyida — kasallik o‘chog‘ida olib borilishi kasallikning tezkor lokalizatsiya qilinishi va tartibga solinishi, aholi o‘rtasida sarosimaga olib kelmasligi uchun, profilaktik tadbirlarni samarali va to‘laqonli o‘tkazilishiga ta’sir ko‘rsatadi», — deya yakunladi o‘z javobini B.Qurbonov.

Ma’lumot uchun, Respublika maxsus komissiyaning axborotiga ko‘ra, 8 may kunidan boshlab Toshkent shahrida va Respublika hududlarida tuman va shaharlar darajasida toifalarga ajratish boshlagan. Unda Toshkent shahrini «qizil», «sariq» va «yashil» toifalarga ajratish epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining taklifi asosida mahallalar, dahalar, mavzelar kesimida amalga oshirilishi мумкинлиги qayd etilgan.