O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya tomonining taklifi bo‘yicha Moskvada bo‘lib o‘tadigan G‘alaba paradida ishtirok etadi. RIA Novosti xabariga ko‘ra, RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bayonotida bu haqda to‘xtalib o‘tgan.

Jurnalistlar undan Moskvadagi G‘alaba paradida kimlar ishtirok etishini tasdiqlaganiga qiziqishdi. «Dastlabki, hozirda ish olib borilayotgan, ro‘yxat bor. Bizda… Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekistondan tasdiqlar bor, Serbiya, Xorvatiya, Abxaziya, Janubiy Osetiyadan ham qatnashish tasdiqlandi», — deya javob berdi Dmitriy Peskov.

Eslatib o‘tamiz, G‘alaba paradi Moskvada 24 iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Avvalroq iyun oyining ikkinchi yarmida Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi rejalashtirilayotgani haqida xabar qilingan edi.

Dmitriy Peskovning qayd etishicha, Rossiya bir qator davlatlar rahbarlaridan paradda ishtirok etish to‘g‘risidagi tasdiqni kutmoqda. Ular orasida, jumladan, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko ham bor.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga, Peskovning so‘zlariga ko‘ra, taklifnoma yuborilmagan, chunki asosiy e’tibor MDH davlatlariga qaratilgan bo‘lib, Ukraina undagi ishtirokiga unchalik ham qiziqish bildirmaydi. Bundan tashqari, uning qayd etishicha, Ukraina biror marta ham G‘alaba bayrami quvonchini baham ko‘rish xohishini namoyish etmagan.