10 iyun kuni Janubiy Koreyada mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan va pandemiya sababli O‘zbekistonda ta’tilda bo‘lgan 31 nafar O‘zbekiston fuqarosi charter reys orqali Seulga jo‘nab ketdi, deya xabar berdi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.

Ta’kidlash joizki, pandemiya sababli mamlakatlararo aviaqatnovlarning to‘xtatilishi oqibatida Janubiy Koreyada mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan va mehnat ta’tili olib O‘zbekistonga kelgan ko‘plab fuqarolar ish joylariga qaytib keta olmayotgan edi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi dunyo mehnat bozorida yuzaga kelayotgan inqirozli vaziyatda fuqarolarning xorijdagi ish joylarini saqlab qolish maqsadida Koreya Respublikasining Inson resurslarini rivojlantirish xizmati bilan muzokaralar olib bordi.

Ushbu fuqarolarning Koreya Respublikasiga borishi uchun qator talablar qo‘yilgan. Jumladan, mazkur davlat hududiga kirishdan oldin fuqarolar Janubiy Koreyada 14 kunlik majburiy karantin talablariga rioya qilish bo‘yicha rozilik bitimini tuzish, O‘zbekistonda belgilangan tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari lozim.

Shuningdek, Inson resurslarini rivojlantirish xizmati fuqaroning rozilik bitimida ko‘rsatilgan o‘zini-o‘zi yakkalash joyini o‘rganadi. O‘rganish natijasiga ko‘ra, fuqarolar tomonidan o‘zini-o‘zi yakkalash joyi karantin qoidalariga to‘g‘ri kelgan taqdirda, ularga Koreya Respublikasiga kirish uchun ruxsat beriladi.

Koreya Respublikasidagi epidemiologik vaziyat tufayli ishchi vizasiga ega fuqarolarning mamlakatga kirib borishida cheklovlar o‘rnatilgan bo‘lib, har bir charter reysda yo‘lovchilar soni 60 nafardan oshmasligi belgilangan.

Ma’lumot uchun, shu paytgacha agentlik 52 mingdan ortiq fuqaroni Koreyaga ishga jo‘natgan. Ayni paytda Koreya Respublikasida 14 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi vaqtinchalik qonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirmoqda.