Bugun, 10 iyun kuni AOKAda tashkil etilgan shtabda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bo‘lim boshlig‘i Abdusamad Mamanazarov ishtirokida brifing o‘tkazildi. Vazirlik mas’ul xodimi yangi o‘quv yili va qabul jarayonlari to‘g‘risida jamoatchilik vakillaridan kelib tushgan savollarga javob berdi. Shu jumladan, jismoniy tarbiya yo‘nalishida kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkazilish tartibiga aniqlik kiritildi.

“Pandemiya sharoitida karantin, sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya etilgan holda, test sinovlari bilan bir qatorda kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari uchun imtihonlar 11 iyuldan 20 iyulga qadar, alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari uchun 25 iyuldan 10 avgustgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida o‘tkaziladi”, — deya javob berdi Abdusamad Mamanazarov.

Karantin cheklovlari davom etgan taqdirda, kasbiy (ijodiy) imtihonlarni o‘tkazish muddatlariga o‘zgartirish kiritilishi mumkin.

Ijodiy va test imtihonlari (pedagogik ta’lim yo‘nalishi) asosida talabalikka qabul qilinadigan yo‘nalishlarda esa ijodiy imtihonlarning faqat bittasi (maxsus jismoniy tayyorgarlik) saqlab qolinadi va qo‘shimcha test topshiriladi.

Abituriyentlar ijodiy imtihonlarni faqat bir kun va uzog‘i bir soat ichida topshirishadi.

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida imtihonlar kasbiy (ijodiy) hamda kasbiy (ijodiy) test yo‘nalishida tashkil etiladi.

To‘liq ijodiy imtihon asosida talabalikka qabul qilinadigan yo‘nalishlarda abituriyentlar shu paytga qadar maxsus va umumiy jismoniy tayyorgarlikdan tashqari suzish bo‘yicha ham imtihon topshirishar edi.

Bu yilgi qabul mavsumida abituriyentlar faqat maxsus va umumiy jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha imtihon topshiradi, sportning suzish turi bo‘yicha imtihon olib tashlandi.

Bundan tashqari, brifingda oliy ta’lim muassasalari sirtqi bo‘limlar uchun qabul qachon boshlanishiga aniqlik kiritildi. Sirtqi ta’lim shaklida o‘qishni xohlovchi abituriyentlarning hujjatlari ham kunduzgi ta’lim shakli bilan bir xil muddatda, ya’ni 15 iyunda 15 iyulga qadar (shu kuni ham) qabul qilinadi.