Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hokimlarning ayrim vakolatlarini cheklash taklif etilayotgan yangi qonun loyihasi ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda parlament matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Oliy sud tomonidan qonunchilik huquqi tashabbusi asosida taqdim etilgan “Mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi parlamentning quyi palatasiga ko‘rib chiqish uchun kiritildi.

Qonun loyihasida yer uchastkalarining hokimlar tomonidan olib qo‘yilishiga ta’qiq belgilash, yer uchastkasiga egalik qilish va undan foydalanish, shuningdek, yer uchastkasini ijaraga olish huquqini tugatish bo‘yicha ularning vakolatlarini cheklash taklif etilmoqda.

Xabarga ko‘ra, yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun, shuningdek, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun olib qo‘yish vakolatini Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga berish nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, hech kim sud qarorisiz mulk huquqidan mahrum qilishga yoki uni cheklab qo‘yishga haqli emasligi qonunda mustahkamlab qo‘yilishi ma’lum qilindi.

“Xususiylashtirilgan xususiy mulk bo‘lgan yer uchastkasini olib qo‘yish, basharti u natsionalizatsiya qilinadigan bo‘lsa, faqat davlat va jamoat ehtiyojlari uchun hamda yer uchastkasi mulkdorining roziligi olinganida, xususiylashtirilgan yer uchastkasining shartnoma qiymati va boshqa zararlarning o‘rnini davlat tomonidan oldindan qoplash sharti bilangina, basharti u rekvizitsiya qilinadigan bo‘lsa, xususiylashtirilgan yer uchastkasining mulkdoriga yetkazilgan zararlar va boshqalarning o‘rnini qoplash sharti bilan amalga oshirilishini nazarda tutish taklif etilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, ayni paytda mazkur qonun loyihasi Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun mas’ul qo‘mita tomonidan tayyorlanmoqda.