2020 yilda koronavirus pandemiyasi tufayli aviatashuvchi kompaniyalarning sof foydasi 84,3 mlrd AQSH dollariga kamaydi. Bu haqda Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2019 yilga nisbatan yo‘lovchi tashuvchi aviakompaniyalarning daromadi 50 foizga, ya’ni 838 mlrd dollardan 419 mlrd dollargacha kamaydi. IATA mutaxassislari aviatsiya sohasi avvalgi ish faoliyatini tiklagan taqdirda ham 2021 yilda aviatashuvchilar o‘z daromadlarini faqatgina 598 mlrd dollargacha ko‘tara olishi mumkinligini prognoz qilmoqda.

«Moliyaviy jihatdan 2020 yil aviatsiya tarixidagi eng yomon yil sifatida e’tirof etiladi. Yilning har kuni sanoat yo‘qotishlariga o‘rtacha 230 mln dollar qo‘shmoqda. Bu — 84,3 mlrd dollar zarar degani», — deya ta’kidladi IATA bosh direktori Aleksandr de Yuniyak.

Assotsiatsiya prognozlariga ko‘ra, 2020 yil yakuniga qadar yo‘lovchilarni tashishga bo‘lgan talab 54,7 foizga pasayadi, ya’ni 2,2 mlrd kishiga kamayish kutilmoqda, bu esa, o‘z o‘rnida, 2006 yildagi ko‘rsatkichlarga teng. Shu bilan birga, 2019 yilga nisbatan aprel oyining o‘zida aviatashuvchilar qariyb 95% yo‘lovchilarini yo‘qotgani ma’lum qilindi.

«Agar COVID-19 ning ikkinchi to‘lqini bo‘lmasa, soha uchun eng yomoni orqada qoldi, deb hisoblash mumkin. Aviatsiya sohasini qayta tiklash choralari Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkiloti (ICAO) tomonidan yo‘lovchilar va ekipajlarning xavfsizligini ta’minlash uchun kelishilgan. Ushbu choralar hukumatlarga karantin tadbirlarini qayta o‘rnatmasdan chegaralarni ochish uchun ishonchni berishi kerak. Bu iqtisodiy tiklanishning muhim qismidir, chunki dunyo yalpi ichki mahsulotining qariyb 10 foizi turizmdan keladi va bu, o‘z o‘rnida, aviaqatnovlar bilan chambarchas bog‘liqdir», — dedi de Yuniyak.

Pandemiya davrida yuk tashish aviatsiya sohasining eng yorqin nuqtasi bo‘lib kelmoqda. 2019 yilga nisbatan, yuk tashishdan tushgan daromad 2020 yilda rekord darajaga — 110,8 mlrd dollarga, 2021 yilda esa 138 mlrd dollariga yetishi prognoz qilinmoqda. Bu ko‘rsatkich 2019 yilda 102,4 mlrd dollariga teng bo‘lgan, deyiladi Xalqaro havo transporti assotsiatsiyaning hisobotda.

Avvalroq O‘zbekistonda Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan aviatsiya sohasiga jami 507 mlrd so‘m (406 mlrd so‘m «Uzbekistan Airways» AJga va 101 mlrd «Uzbekistan Airports» AJga) ssuda berilgani xabar qilingandi. Bu mablag‘lar koronavirus pandemiyasi paytida milliy aviatsiyani qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan.