O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 iyun kuni milliy iqtisodiyot barqarorligini ta’minlashga doir dolzarb masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Yig‘ilishda prezident Xitoy tajribasidan kelib chiqib, kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan qishloqlarga vazirlik va idoralarni biriktirib, muhtojlarga ko‘maklashish tizimini yaratish, oilaviy tadbirkorlik va tomorqachilikni rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Bundan tashqari, davlat granti hisobiga tahsil olgan talabalarni 3 yil muddatga shunday hududlarga mehnat faoliyati uchun yo‘naltirish taklifi bildirildi.

Qayd etish joizki, 2005−2006 o‘quv yilidan O‘zbekistonda barcha ta’lim yo‘nalishlarida grant asosida o‘qigan OTMlar bitiruvchilarining (bakalavr va magistrlar) eng kamida 3 yil davlat tashkilotlarida majburiy ishlab berishi joriy qilingan.