8 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev «Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi qarorni qabul qildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Unga ko‘ra, 1 iyuldan boshlab o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni ro‘yxatga olish xabar berish tartibida o‘zini o‘zi band qilgan sifatida ro‘yxatdan o‘tganlikni tasdiqlovchi matritsali shtrix kod (QR-kod) bergan holda maxsus mobil ilova yoxud soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali amalga oshiriladi hamda vaqtinchalik mehnat guvohnomalarini berish tartibi bekor qilinadi.

Shu bilan birga, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar 2020 yil uchun ijtimoiy soliqni o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida haqiqatda ishlagan vaqtidan qat’i nazar, bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50 foizi hajmida to‘laydi hamda ushbu summa to‘liqligicha byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga yo‘naltiriladi va undan kelib chiqqan holda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun o‘rnatilgan tartibda pensiya hisoblash uchun daromad hajmi aniqlanadi.

Shuningdek, muayyan davrdan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar yollanma ishchilarni jalb qila olmasligi hamda ish beruvchiga ega bo‘la olmasligi to‘g‘risidagi talab saqlanib qoladi.

«Soliq kodeksiga muvofiq o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyati natijasida olingan daromadlari jismoniy shaxslar jami daromadlari tarkibiga kiritilmaydi», — deyiladi qarorda.

Bundan tashqari, qarorga binoan Internet tarmog‘i orqali xizmatlar ko‘rsatuvchi (ishlar bajaruvchi) o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga (frilansing) quyidagi huquqlar berildi:

  • ko‘rsatilgan xizmatlar (bajarilgan ishlar) uchun chet eldagi jismoniy va yuridik shaxslar — norezidentlardan xorijiy valyutadagi to‘lovlarni Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga tegishli ma’lumotlarni kiritmagan holda O‘zbekiston Respublikasining banklaridagi hisobraqamlariga qabul qilish;
  • kontrakt tuzmasdan, kelishuv to‘g‘risidagi ommaviy taklifni (oferta) qabul qilish yoki elektron yozishmalar almashish yoxud hisob-kitob fakturalarni (invoys), shu jumladan, elektron shaklda taqdim qilish yo‘li bilan chet ellik jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish (ishlar bajarish).

Qarorda qayd etilishicha, Davlat soliq qo‘mitasi 1 iyulga qadar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni masofadan turib ro‘yxatga olish uchun mobil ilovani ishlab chiqishi va joriy etishi belgilangan. Unda quyidagi imkoniyatlar bo‘lishi nazarda tutiladi:

  • buyurtmalarni qabul qilish va ko‘rsatilgan xizmatlar (tovarlar) uchun to‘lovlarni amalga oshirish;
  • yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatishda (tovarlarni sotishda) elektron hisob-kitob fakturalarni taqdim qilish;
  • mobil ilova yordamida ixtiyoriy asosda daromadlar va xarajatlar hisobini yuritish hamda ushbu ma’lumotlardan keyinchalik, shu jumladan, kredit olish va (yoki) soliqlarni hisobdan chiqarish maqsadida foydalanish;
  • o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning tovarlarini (ishlarini, xizmatlarini) reklama qilish;
  • ko‘rsatilayotgan xizmatlar (tovarlar) sifatini baholash va iste’molchilar tomonidan fikr-mulohazalar qoldirish.

Shuningdek, qarorga muvofiq, yakka tartibdagi tadbirkorlarni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish ularni davlat tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilayotganda (qayta ro‘yxatga olinayotganda) tadbirkorlik faoliyatini olib borish joyi bo‘yicha amalga oshiriladi va ularning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma unda yakka tartibdagi tadbirkorning fotosurati aks ettirilgan holda beriladi.

Mazkur hujjatda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun nazarda tutilgan faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi, ishtirokchilari soni kamida uch nafar bo‘lgan oilaviy korxonalar aylanmadan soliqni belgilangan miqdordan 50 foizga kamaytirilgan stavkada to‘lash tartibi belgilangan.

Kiritilayotgan o‘zgartirishlar qatorida, shuningdek, 2021 yilda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishni osonlashtirish, shu jumladan, quyidagilarga imkon yaratuvchi servislardan real vaqt rejimida foydalanishga yordam beradigan «Biznes navigator» axborot tizimini joriy qilinadi. Ushbu tizimda quyidagi vazifalar bo‘lishi nazarda tutilgan:

  • tadbirkorlik faoliyatining tegishli hududdagi raqobatbardosh turini tanlash;
  • kredit olish uchun zarur bo‘lgan biznes-reja loyihasi va hujjatlar to‘plamini shakllantirish;
  • tegishli tadbirkorlik faoliyati uchun taqdim etilgan imtiyoz va preferensiyalar to‘g‘risida ma’lumot olish;
  • tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun ko‘chmas mulk ob’ektlarini tanlash.

O‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar uchun faoliyat turlari ro‘yxati

Adliya vazirligi quyidagi o‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar uchun faoliyat turlari ro‘yxatini taqdim etdi:

1. Uyda repetitorlik qilish — bolalar va kattalar bilan ta’lim fanlari bo‘yicha yakka tartibda hamda guruh bo‘lib mashg‘ulotlar o‘tkazish.

2. Bolalarga qarab turish va ularni parvarish qilish bo‘yicha jismoniy shaxslarga ko‘rsatiladigan xizmatlar.

3. Bemorlar hamda doimiy ravishda o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksa kishilarga qarab turish va ularni parvarish qilish bo‘yicha jismoniy shaxslarga ko‘rsatiladigan xizmatlar.

4. Uy xo‘jaligini yuritish va uy ishlarini bajarish, shu jumladan, turar joylarni tozalash, ovqat pishirish bo‘yicha uy xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatish.

5. Xonalarni tozalash, jizmoniy shaxs hududini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish.

6. Uyda jismoniy shaxslarning mebellarini ta’mirlash va yig‘ish.

7. Jismoniy shaxslarga murakkab bo‘lmagan umumiy qurilish, qurilish-ta’mirlash ishlari (beton quyish, bo‘yoqchilik, suvoqchilik ishlari, g‘isht va kafel terish, perforatsiya, duradgorlik, chilangarlik va boshqa umumiy qurilish ishlari).

8. Jismoniy shaxslarning santexnika uskunalarini mayda ta’mirlash va o‘rnatish.

9. Jismoniy shaxslarga kvartira ichida (shaxsiy qurilish ishlarida — uy ichida) elektr montaj ishlari (elektr xavfsizligi bo‘yicha ruxsati bo‘lganda).

10. Dehqon va fuqarolarning tomorqa uchastkalarida yer chopish va rekultivatsiya ishlari.

11. Fermer xo‘jaliklari egalari buyurtmasi bo‘yicha qishloq xo‘jaligi ishlari (qishloq xo‘jaligi o‘simliklari va hayvonlarni parvarish qilish, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini yig‘ish va boshqa qishloq xo‘jaligi ishlari).

12. Fuqarolarning dala-hovli va tomorqa uchastkalari landshaftini barpo etish ishlari.

13. Qishloq xo‘jaligi o‘simliklarini ekish va parvarish qilishda, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini yig‘ib olishda dehqon va tomorqa uchastkalari egalariga yordam berish.

14. Chorva mollarini o‘tlatish, ularni parvarish qilish.

15. Jismoniy shaxslarga kompyuterlarni ta’mirlash va sozlash, litsenziyalangan dasturiy ta’minot o‘rnatish.

16. Buyurtmachining uyida bajariladigan maishiy texnikani o‘rnatish va ta’mirlash.

17. Jismoniy shaxslarning shaxsiy avtomobillarini mayda ta’mirlash, ularga aksessuarlar va avtosignalizatsiya o‘rnatish,
g‘iloflar va pol qoplamalarini tikish.

18. Jismoniy shaxslarning avtomobillarini yuvish, avtomobillar kuzovlarini silliqlash.

19. Mexanizatsiya vositalarini qo‘llamay, uyda bajariladigan yuk ortish-yuk tushirish ishlari.

20. Makulatura, plastik idish, temir-tersak va qo‘shimcha xomashyo to‘plash.

21. Xalq tabobati (litsenziyasi bo‘lganda).

22. Xususiy shaxslarga bosh xizmatkor va konserj xizmatlarini ko‘rsatish.

23. Shaxsiy transportdan foydalanib, jismoniy shaxslarga tovarlarni yetkazib berish (yuk tashish bundan mustasno).

24. Bozorlar va savdo komplekslarida mayda yuklarni aravalarda tashish.

25. Ilgari foydalanilgan tovarlarni sotib olish va sotish.

26. Velosipedlarni ta’mirlash.

27. Yog‘och me’morchiligi (bolalar maydonchalari va park zonalari uchun yog‘ochdan yasalgan qurilmalar, haykallar).

28. Rassomlik.

29. Metall ta’mirlash ishlari (uyda amalga oshiriladigan maishiy metall buyumlarini ta’mirlash (kalitlarning dublikatlarini tayyorlash, soyabonlarni ta’mirlash, boshqa maishiy metall buyumlarini oddiy ta’mirlash).

30. Uyda popkorn, frezerda muzqaymoq tayyorlash va sotish.

31. Dehqon bozorlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan chakana savdo qilish.

32. Gazetalar, jurnallar va kitob mahsulotlari bilan chakana savdo qilish.

33. Sartaroshlik xizmatlari, manikyur, pedikyur xizmatlari.

34. Kosmetolog xizmatlari va shunga o‘xshash boshqa xizmatlar.

35. Uyda kir yuvish va dazmollash xizmatlari.

36. Tikuv, mo‘yna, charm va trikotaj buyumlarni, bosh kiyimlarni va to‘qimachilik galantereyasi buyumlarini ta’mirlash, aholining yakka tartibdagi buyurtmasi bo‘yicha tikuv va trikotaj buyumlarini, bosh kiyimlarini va to‘qimachilik galantereyasi buyumlarini tikish.

37. Gazlamalarga naqshlar solish (gazlamalar va kiyim ashyolarini qo‘lda bo‘yash, gazlamalarga, shu jumladan trafaretli bosma va qo‘lda rasm chizish usuli bilan rasmlar solish).

38. Aholining yakka tartibdagi buyurtmalari bo‘yicha poyabzal tikish, poyabzalni ta’mirlash, bo‘yash va tozalash.

39. Yakka tartibda deraza va eshik pardalarini tikish va ta’mirlash, kashtachilik.

40. Galantereya buyumlarini tayyorlash va ta’mirlash.

41. Bijuteriya va jevaklarni tayyorlash va ta’mirlash.

42. Kalitlar tayyorlash.

43. Ulchov vositalari tayyorlash va ijaraga berish.

44. Gulchambarlar (shu jumladan, motam gulchambarlari), sun’iy gullar, ikebana, gul marjonlarini tayyorlash.

45. To‘siqlar, haykallar, metalldan yasalgan gulchambarlarni tayyorlash va ta’mirlash.

46. Kesuvchi buyumlar va asboblarni charxlash.

47. Akvarium baliqlari, dekorativ qushlar va boshqa hayvonlarni ko‘paytirish va sotish.

48. Musiqa asboblarini ta’mirlash va sozlash.

49. Video va fotosuratga olish xizmatlari.

50. Qadoqlash uskunalaridan foydalanmagan holda uy sharoitida milliy shirinliklar, qandolat mahsulotlarini tayyorlash
va sotish.

51. Milliy non va patirlarni tayyorlash va sotish.

52. Salatlar va tuzlamalarni tayyorlash va sotish, shuningdek, uy sharoitida donalab sotiladigan taomlarning ayrim turlarini tayyorlash va o‘tirish joylarini tashkil etmasdan yoki mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarori bilan ajratilgan maxsus joylarda sotish.

53. Uyda quyib sotish uchun salqin ichimliklar, ayron, go‘ja hamda qurt tayyorlash va sotish.

54. To‘garaklar tashkil etish va yuritish.

55. Tulumni shishirish xizmatlari (taksidermik ishlar).

56. Gullar va dekorativ daraxtlar yetishtirish va sotish (shu jumladan bonsay san’ati).

57. Reklama bukletlarini tarqatish, uyda operatorlar tomonidan buyurtmalar qabul qilish.

58. Muqovalash ishlari.

59. Namoyishlarda kiyimlar modelini namoyish qilish, rasmli jurnallarda, reklama filmlari va video kliplarda suratga
tushish.

60. Ekskursiyani tashkil etish va o‘tkazish xizmatlari.

61. Matnni yaratish va ishlov berish (kopirayter, rerayter, SYeO-kopirayter, SYeO-rerayter, musahhih, kontent-menejer, muharrir, ye-mail orqali xatlarni jo‘natish bo‘yicha mutaxassis, spichrayter, transkriber va boshqalar.

62. Mul’timedia, dizayn va san’at materiallarini yaratish va ishlov berish (veb-dizayner, grafika dizayneri, kompyuter o‘yinlari dizayneri, interer dizayneri, landshaft dizayneri, liboslar dizayneri, retusher, fotokollajchi, vektor grafikasi muharriri, arxitektor, vizuallashtiruvchi dizayner, ma’lumot dizayneri, interfeys dizayneri, texnik dizayner, moushn-dizayner, banner yasovchi, nashriyot dizayneri, flesher, 3D-dizayner, video muharrir, videooperator, bastakor, ovoz rejissyori, aranjirovkachi, suxandon, foto muharrir va boshqalar).

63. Dasturiy ta’minot, axborot tizimlari, mobil ilovalar va veb-saytlarni ishlab chiqish va texnik qo‘llab-quvvatlash (dasturchi, dasturiy ta’minotni sinovchi mutaxassis, veb-sahifalarni sahifalovchi, veb-tahlilchi, veb-saytlarni optimizatsiyalash bo‘yicha mutaxassis).

64. Tarjima qilish xizmatlari (badiiy adabiyotni tarjima qilish, texnik tarjima, veb-saytlar, filmlar, kompyuter va mobil ilovalar, taqdimotlar, video, audio va reklamalar tarjimasi).

65. Ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyat (PR-menedjer, internet-marketolog, ijtimoiy tarmoqlarda tovarlar (ishlar, xizmatlar) uni ilgari surish va reklama qilish (SMM), ijtimoiy tarmoq sahifalari administratori, akkaunt-menejer, marketolog, link-menejer, targetolog, kontekst-reklama bo‘yicha mutaxassis, direktolog, media rejalashtiruvchi, SMO mutaxassisi).

66. Kadrlar tanlash sohasidagi faoliyat (internet-loyihalar bilan ishlovchi menejer, frilanserlar guruhi rahbari, NR-menejer, rekruter, shaxsiy assistent).

67. Onlayn konsultatsiya berish (onlayn-konsultant, onlayn-trener, moliyaviy maslahatchi, vebinar olib boruvchi).

Izoh: O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi o‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar uchun faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqiga ega.

Eslatib o‘tamiz, 19 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida o‘zini o‘zi band qilgan aholi daromad solig‘idan ozod qilinishi haqida aytgan edi. Bunda, ўзини o‘zi band qilayotgan, qo‘lida kasb-hunari bor odamlarga munosib sharoit yaratish maqsadida yangi tizim joriy etilishi belgilanib, o‘zini o‘zi band qilgan 60 dan ziyod kasb egalari daromad solig‘idan ozod qilinishi ma’lum bo‘lgandi.