Madaniyat vazirligi YHXB axborot xizmati tomonidan e’lon qilingan «Sho‘rdanak» va «Qalpoq» hajviy guruhi a’zolari YPX xodimlari haqidagi hazillari uchun uzr so‘ragan videoyozuvlarga munosobat bildirdi.

Oldinroq YHXBB matbuot xizmati «Qalpoq» va Sho‘rdanak" hajviy ko‘rsatuvlari YPX xodimlari faoliyatini tanqid qilib, ularni korrupsiyada ayblashga uringan, deya qayd etgan edi.

«Yillar davomida hajviya orqali jamiyatdagi muammo va illatlarni yo‘q qilishga qaratilgan, bu yo‘l orqali turli soha yo‘nalishlarini isloh qilishga ham ko‘maklashilgan. Bu xuddi jurnalist va blogerlarning bir muammoni olib chiqib, uni xal etilishiga qaratilgan mavzularga o‘xshaydi. Shunday ekan, unda nima uchun bu hazillar o‘rinli qabul qilinmaydi?» — deya izoh bergan Madaniyat vazirligi.

Madaniyat vazirligi agar hajviya biron bir shaxsga tegishli va uni kamsitilishiga qaratilgan bo‘lsa, bunday ijodlarni qo‘llab-quvvatlamasligini aytdi.

«O‘zbek hajviy adabiyoti sermazmun tarixga egadir. Hajv, satira-voqelikni aks ettirishning alohida g‘oyaviy-badiiy prinsipi sifatida barcha sivilizatsiyalashgan xalqlar adabiyoti, shu jumladan o‘zbek xalqining ham og‘zaki va yozma ijodlarida qadimdan katta o‘rin olib kelgan» deydi Madaniyat vazirligi o‘zining munosabatida.

Hajv ijtimoiy illatlarning kulgili tanqidi hisoblanib, u o‘zbek xalq og‘zaki ijodida ham keng tarqalgan. Nasriddin afandi, Aldar ko‘sa kabi to‘qima obrazlar hajviy, milliy qahramonlar o‘z zamonasining illatlarini xalq orasida askiyalar va xajviyalar bilan namoyish etishgan. Qadimdan xalq ichida hajviya, satira, askiya kabi yumoristik ijodlar keng tarqalib, ommalashgan, deya fikr bildirdi vazirlik.

«Madaniyat va san’at sohasida cheklovlar qo‘yilsa, u hech qachon rivojlanmaydi» — deya xulosalaydi Madaniyat vazirligi.