Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) rahbariyati 9 iyun kunidan boshlab Koreya Respublikasi bilan barcha mavjud aloqa kanallarini to‘xtatishini e’lon qildi. Bu haqda Shimoliy Koreyaning markaziy telegraf agentligi ma’lum qildi.

Xabarga ko‘ra, Shimoliy Koreyaning bunday qarorga kelishiga Janubiy Koreya tomonidan tashviqot varaqalari jo‘natilgani sabab bo‘lgan. O‘z o‘rnida, ushbu varaqalar shimoliy koreyalik qochoqlari tomonidan tarqatiladi.

“Ushbu qadam Janubiy Koreya bilan barcha mumkin bo‘lgan aloqa vositalarini butunlay yo‘q qilish va boshqa keraksiz harakatlarning to‘xtatilishi to‘g‘risida qarorlar ro‘yxatida birinchi bo‘ladi”, deyiladi xabarda.

Janubiy Koreyaning Yonhap nashriga ko‘ra, ushbu e’londan so‘ng Pxenyan rasmiy Seulning telefon qo‘ng‘iroqlariga javob berishni to‘xtatdi. Shu bilan birga, Shimoliy Koreya bilan harbiy aloqa vositalaridan ham ikki Koreyani birlashtirish bo‘yicha vazirlik orqali ham bog‘lana olmagani ma’lum bo‘ldi.

Ma’lum qilinishicha, ko‘p yillar davomida ishlamagan ishonch telefonlari 2018 yilda tiklangandi. Shundan so‘ng davlatlar kuniga ikki marotaba aloqada bo‘lishardi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil 27 aprel kuni Janubiy Koreya va Shimoliy Koreya rahbarlari Mun Chje In va Kim Chen In ikki davlat o‘rtasidagi demarkatsiya chizig‘ida uchrashgandi. Shunda, Kim Chen In 65 yildan buyon Koreya yarim orolini bo‘lib turgan demarkatsiya chizig‘ini kesib o‘tgan birinchi KXDR rahbari sifatida ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni tiklanishi sari katta qadam bosgandi.