Xitoyning Huawei kompaniyasi 3 iyun kuni o‘zining tana haroratini o‘lchash imkoniyatiga ega yangi Honor Play 4 Pro smartfonini taqdim etdi.

Arstechnica bergan xabarga ko‘ra, smartfonning orqa kamerasiga infraqizil o‘lchagich o‘rnatilgan va tana haroratini o‘lchash uchun uni peshonaga yaqinlashtirish kerak bo‘ladi. Undagi infraqizil o‘lchagich -20 dan 100 gacha bo‘lgan darajadagi haroratni ko‘rsata oladi.

Smartfondagi termometrdan nafaqat tana haroratini o‘lchashda, balki boshqa maqsadlarda, shu jumladan suv harorati yoki xona haroratini o‘lchash uchun ham ishlatish mumkin.

Smartfon 128 GB flesh-xotiraga va 8 GB operativ xotiraga ega. Shuningdek, mobil qurilma 162,7×75,8×8,9 mm hajmga ega bo‘lib, uning og‘irligi 213 grammni tashkil etadi. iXBT saytining xabar berishicha, Honor Play 4 Pro smartfonining narxini 422$ etib belgilangan va u 9 iyundan boshlab Xitoyda sotuvga chiqarila boshlandi.

Ushbu turdagi smartfonlar hozirgi pandemiya davrida 2020 yilning eng qulay gadjeti bo‘lishi kutilmoqda. Biroq Arstechnica smartfonlar termometr vazifasini aniq bajara olmasligi mumkinligi xaqida ogohlantirgan.