Davlat test markazi 2020−2021 o‘quv yili qabulida oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun test sinovlarini o‘tkazish rejalashtirilgan binolar ro‘yxatini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, Toshkent shahri hududidan 12 ta, Surxondaryo viloyatidan 9 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona viloyatida 6 tadan, Qashqadaryo, Samarqand, Namangan viloyatlaridan 5 tadan bino tanlab olingan. Bundan tashqari, qolgan barcha viloyatlardan ham 3−4 tadan bino test o‘tkazilishi uchun mo‘ljallangan.

To‘liq binolar ro‘yxati va joylashishi bilan quyidagi DTM sayti orqali bilib olsa bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 2020−2021 o‘quv yili uchun abituriyentlar respublika OTMlariga 15 iyundan 15 iyulgacha onlayn hujjat topshirishlari mumkin bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Kirish imtihonlarida abituriyentlar ikkita fandan test sinovlari topshiradi.

Shuningdek, Davlat test markazi direktori Majid Karimov 2020−2021 o‘quv yili uchun OTMga kirish imtihonlarida abituriyent o‘zi tanlagan hududda test sinovlarida ishtirok etish imkoniyati bu yil ham saqlab qolinishi haqida ma’lum qilgandi.

Qabul jarayonlari va kirish test sinovlarini o‘tkazishda, avvalo, abituriyentlarning salomatligiga alohida e’tibor qaratiladi va har bir bir jarayon shu asosda tashkil etiladi.

Bunda, test sinovlari har bir abituriyentga kamida 3 kv.m. o‘lchamda joy ajratilgan holda sig‘imi 650−700 kishidan oshmagan binolarda o‘tkaziladi. Sinovlar kunlik ikki-uch smenada o‘tkaziladi. Bunda, bir smenada 24 654 (2019 yilda 35 220) nafar, kunlik 73 962 (2019 yilda 70 440) nafargacha abituriyent test sinovlarini topshirishi mumkin bo‘ladi. Imtihonlar to‘liq video kuzatuvlar asosida o‘tkazilib, jarayonlarning video yozuvlari saqlab qo‘yiladi.

Abituriyentlarni binoga kiritishda tana harorati o‘lchanadi hamda niqob va rezina qo‘lqoplari bilan ta’minlanadi; test sinovlari o‘tkaziladigan bino hududi va ichki qismida kuniga 4 marta dezinfeksiya ishlari amalga oshiriladi.