19 may kuni Oliy Majlis ilk bor inklyuziv (uyg‘unlashgan) ta’lim tushunchasi kiritilgan yangi tahrirdagi “Ta'lim to‘g‘risida” gi qonunni qabul qildi. O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi mutaxassislar bilan birga qonun loyihasining inklyuziv ta’lim tamoyillariga muvofiqligi bo‘yicha tahlil o‘tkazdi.

Hozirda qonun loyihasi Oliy Majlis Senati tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. 2 iyun kuni Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash qo‘mitasi mazkur qonunni takomillashtirish bo‘yicha nogironligi bor insonlarning 26ta jamoat tashkilotini birlashtirib turgan O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasiga so‘rov yubordi.

Hujjat tahlili shuni ko‘rsatdiki, inklyuziv ta’lim nogironligi bo‘lgan bolalarga nisbatan har qanday tarzdagi kamsitishni istisno qiluvchi ta’lim shakli sifatida kiritilganligiga qaramay, qonun loyihasi inkliyuziya tamoyillariga to‘g‘ri kelmaydi.

Inklyuziv ta’lim nimani anglatadi?

O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi, Oliy Majlis senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash qo‘mitasi ekspertlar kengashi a’zosi Oybek Isoqov qonun loyihasida inklyuziv ta’limga ta’rif berishdan boshlash kerakligini ta’kidladi. U quyidagi ta’rifni qonunga kiritishni taklif qiladi:

“Inklyuziv ta’lim — barcha o‘quvchilar uchun maxsus ta’lim ehtiyojlari va individual imkoniyatlarning farqliligini inobatga olgan holda ta’lim muassasalarida ilm olishda teng huquqlilikni ta’minlashdir”.


Biroq, qonunning 20-moddasi “Inklyuziv ta’lim” bu ta’rifni o‘z ichiga olmaydi. Unda faqatgina “inklyuziv ta’lim barcha bolalarga, shu jumladan ta’lim olish chog‘ida o‘ziga nisbatan har qanday tarzdagi kamsitishni istisno etuvchi jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan bolalarga nisbatan teng huquqli munosabatda bo‘lish” haqida so‘z boradi.

Mazkur modda nogironligi bo‘lgan bolalarning barcha, ya’ni aqliy va sensor (eshitish va ko‘rish) nuqsonlari bo‘lgan bolalar toifalarini qamrab olmagan. Moddada ishlatilgan tushuncha “Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunda keltirilgan “nogiron bolalar” tushunchasiga mos kelishi lozim.

Sasseks universiteti Taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti Dilmurod Yusupov “Aqliy va sensorn nogironligi bo‘lgan bolalarni ajratib qo‘yish asosan, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi, kar va eshitish qobiliyati cheklangan bolalar uchun maxsus ixtisoslashtirilgan matablar hamda internatlar faoliyat yuritayotganiga asoslangan bo‘lishi mumkin, ammo bu kabi bolalarning inklyuziv ta’lim olish huquqini cheklab qo‘yish mumkin emas” degan fikrni ilgari surdi.

20-modda inklyuziv ta’lim olish huquqini cheklaydi va quyidagi shartni qo‘yadi: “Ta'lim tashkilotlarida jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan bolalarga inklyuziv ta’lim, buning uchun ushbu tashkilotlarda zarur sharoitlar yaratilgan taqdirda, tashkil etiladi.”

Boshqacha aytganda, agar ta’lim muassasasida inklyuziv sharoitlar yaratilgan taqdirda, nogironligi bo‘lgan bolalar inklyuziv ta’lim huquqidan foydalanishga da’vo qilishlari mumkin. Modda ta’lim muassasasiga nogironligi bo‘lgan bolalar uchun maqbul sharoitlarni yaratib berish majburiyatini yuklamaydi.

Bundan tashqari, 20-modda inklyuziv sharoitda ta’limni individual tartibda uyda yoki statsionar sharoitda tashkil etish tartibini belgilash uchun barcha vakolatlarni “ta'lim sohasidagi tegishli vakolatli davlat boshqaruvi organlari"ga berib, inklyuziv ta’lim olish huquqini cheklaydi.

9-moddada “Jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan bolalar, shuningdek uzoq vaqt davolanishga muhtoj bolalar davlat ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida inklyuziv shaklda yoki uy sharoitlarida yakka tartibda ta’lim oladi” deyilgan. Ushbu moddada keltirilishiga ko‘ra, inklyuziv ta’lim ustuvor emas, balki hozirgi kunda mavjud ta’lim shakllaridan birigina xolos.

O‘zbekistondagi inklyuziv ta’lim tadqiqotchisi, yangi Zelandiyadagi Vaykato universiteti doktoranti Galina Namning ta’kidlashicha, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun maxsus maktab-internatlarda yoki uyda emas, balki umumiy ta’lim muassasalarida ta’lim olish ustuvor bo‘lishi kerak.

“Bu barcha davlat ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining bir vaqtda yopilishini anglatmaydi, lekin bolalarning bu kabi maskanlarda va uyda o‘qishiga faqatgina alohida holatlarda rozilik berishimiz zarur. Ta’lim muassasasini tanlash huquqi bolalarning o‘zida va ularning ota-onasida/qonuniy vakillarida qolishi kerak”, deya ta’kidlaydi Galina Nam.

So‘zining davomida u bolalarning inklyuziv ta’lim olish huquqini kafolatlash uchun maktab-internatlarda yashayotgan va ta’lim olayotgan bolalarda deinstitutsionalizatsiya jarayonini amalga oshirish kerakligini ta’kidlaydi. Shu munosobat bilan barcha darajadagi mutasaddi tashkilotlar ushbu guruh tarkibidagi bolalarning deinstitutsionalizatsiya qilinishiga qaratilgan tizimli yondashuvlarni ishlab chiqishi va hayotga tatbiq qilishi kerak. Bu kabi yondashuv ularning jamiyatga qayta integratsiyalashuvini rejalashtirish va amalga oshirish, keyinchalik umumiy ta’lim muassasalariga yo‘naltirishni, institutsionalizatsiya jarayonining oldini olish, ushbu bolalar va ularning oilalari uchun qo‘llab-quvvatlash (psixologik, ijtimoiy, moliyaviy, rekreatsion va pedagogik) xizmatlarini yaratishni qamrab olishi darkor.

“Ta'lim to‘g‘risida"gi qonunning yangi loyihasi shunday ishlab chiqilganki, qonun chiqaruvchilar va unga amal qiluvchilar amaldagi mavjud tizim ustunlariga tayanishmoqchi. Boshqa so‘z bilan aytganda, „mutaxassislar“ o‘z tavsiyalari bilan nogironligi bo‘lgan bolalarning ta’lim olishning qay bir shaklida o‘qishlari qaroriga ta’sir o‘tkazadilar. Ammo O‘zbekistonning ijtimoiy va madaniy yo‘nalishdagi tajribasi shuni ko‘rsatadiki, institutsional vakolatga ega bo‘lgan psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyalarning tavsiyalari institutsional kuchga ega bo‘lib, maslahat emas, imperativ xususiyat kasb qiladi. Bundan kelib chiqadiki, nogiron bolaning qayerda o‘qishi borasida psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyalarning tavsiyalari ota-onalarda hech qanday shubha qoldirmaydi. Shunday qilib, qonun va uning moddalarini O‘zbekistonda nogironlik diskursinining ijtimoiy va madaniy holatidan kelib chiqib o‘qish lozim”, — deydi AQSHning Sirakuz universiteti doktori Mirjahon Turdiyev.

“Buyuk kelajak” ekspertlar kengashi a’zosi Odila Atabayeva Rossiya Federatsiyasining “Ta'lim to‘g‘risida"gi qonuni misolida o‘quvchilarga ta’lim muassasasi va ta’lim turini tanlashning akademik huquqi berilishi zarurligini ta’kidlaydi. Shu bilan birga, qonunga asosan ta’lim muassasasi bolaning psixofizik rivojlanishi va sog‘ligining ahvolidan kelib chiqib, bepul ijtimoiy-pedagogik va psixologik yordam olishi va psixologik-tibbiy-pedagogik maslahatlar olishi uchun shart-sharoit yaratib berishi zarur.

“Ta'lim to‘g‘risida"gi qonun loyihasining hozirgi shaklidagi kabi cheklov hech qayerda mavjud emas. Agar biror yordamga ehtiyoj tug‘ilsa, demak o‘quvchining tanloviga ko‘ra har qanday ta’lim muassasasi bu yordamni ko‘rsatishi kerak. Agar umumiy ta’lim muassasasida maxsus ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan o‘quvchi tahsil olayotgan bo‘lsa, maktab psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyaning xulosasiga ko‘ra zarur shart-sharoitlarni maktab (rahbariyati) xohishidan qat’i nazar yaratib berishi shart”, — deb tushuntiradi Odila Atabayeva.

Huquqlarga ega bo‘lish uchun imkoniyatlarni yaratish lozim

5-moddaga ko‘ra, “jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, har kimga ta’lim olish uchun teng huquqlar kafolatlanadi”. Galina Nam mazkur moddaga sog‘ligining imkoniyatlariga qaramasdan har kim ilm olish huquqiga ega bo‘lishi uchun nogironlikni ham kiritishni taklif qiladi:

“Jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, nogironlik holati, yoki aks holdagi holatidan qat’i nazar, har kimga ta’lim olish uchun teng huquq kafolatlanadi va to‘siqsiz ta’lim olish uchun imkoniyatlar va sharoitlar yaratiladi.”

Nogironligi va rivojlanishida nuqsoni mavjud bolalarning umumta’lim maktablarida tahsil olish huquqi qonun bilan belgilanishi lozim. Agar bola yoki uning ota-onasi bu huquqdan foydalanish istagini bildirsa, maktab zarur shart-sharoitlarni yaratib berishi lozim.

“Qonun loyihasida inklyuziv ta’lim “teng huquqli munosobatlarga qaratilgan"ligi ko‘rsatilgan — bu mutlaqo noto‘g‘ri ta’rif, chunki inklyuziya teng huquq emas, balki teng imkoniyat to‘g‘risida so‘z yuritadi. Inklyuziya huquq to‘g‘risida emas, imkoniyatlar to‘g‘risidagi tushunchalarga asoslangan. Bu yerda katta farq mavjud. Haq-huquq hammadaku bir xil, biroq imkoniyatlarimiz bir xil emas. Inklyuziya hamma uchun teng imkoniyatlar va sharoitlar yaratilishiga qaratilgan”, — deb ta’kidlaydi Oybek Isoqov.

2009 yil O‘zbekiston imzolagan va bugungi kungacha ratifikatsiya qilmagan Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining 24-moddasi nogironligi bor insonlarning ta’lim olish huquqini tan oladi va ushbu huquqni kamsitishsiz hamda teng imkoniyatlar asosida hayotga tatbiq qilish uchun ishtirokchi davlatlarga barcha darajadagi inklyuziv ta’lim va hayoti davomida uzluksiz o‘qishni ta’minlash majburiyatini yuklatadi.

Har bir bolaning inklyuziv ta’lim huquqini ta’minlash maqsadida (barcha darajadagi) tegishli davlat hokimiyati organlari umumta’lim o‘quv muassasalarida nogironligi bor va rivojlanishida nuqsoni bor bolalarni ham nazarda tutgan holda barcha o‘quvchilarga zarur sharoitlarni yaratishi lozim.

“O‘quvchilar shaxsiy tizimini qo‘llab-quvvatlash uchun shart-sharoitlar yuqori malakali pedagok kadrlarning, ularning psixologik-pedagogik hamrohlikni amalga oshiruvchi zaxiradagi pedagog (tyutor) va boshqa mutaxassislarning borligini qamrab olishi zarur. Sharoitlar deganda bino va inshootlarning, o‘quv materiallarining va texnik vositalarning jismoniy maqbulligi, o‘quvchilar rivojlanishining individual rejasiga asosan o‘quv dasturlarining adaptatsiyasi, shuningdek muassasaning tarbiyaviy tizimining barcha o‘quvchilarni qabul qilishni shakllantirish va rivojlantirishga yo‘naltirilganligi ko‘zda tutiladi”, — deya tushuntiradi Galina Nam.

“Inklyuziv ta’lim olishning belgilangan huquqi yo‘qligi sababli ota-onalar faqatgina Konstitutsiya moddasidan foydalanishga majbur. Biz uzoq vaqt ish olib borgan ota-onalarga farzandlari oddiy maktabda o‘qishi uchun va ular faqat o‘zlarining huquqlarini bilishlari hamda sabr-toqat bilan qurollanishlari kerakligini qat’iy uqtirdik. “Ta'lim to‘g‘risida"gi qonunning yangi tahririda esa aksincha, bizning huquqlarimizni qisqartirishdi, shunday qisqartirishdiki, “vakolatli organlar” siz uchun hammasini hal qildi, siz o‘rningizda o‘tiring va indamang deyayotgandek go‘yo”, — deya xafa bo‘ladi Qibray tumani “Opa-singillar” nogiron ayollar jamiyati raisi Natalya Plotnikova.

Sifatsiz uy ta’limi

Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yil 1 yanvar holatida 16 yoshgacha bo‘lgan 101316 nafar nogironligi bo‘lgan bola ro‘yxatdan o‘tgan. Shulardan, 21153 nafari jismoniy va ruhiy nogironligi bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarda, 6131 nafari sil va suyak kasalliklariga chalingan bolalar uchun sanatoriy tipidagi maktab-internatlarda, 13272 nafari esa uyda individual tarzda ta’lim olishadi.

Quyidagi diagrammadan ko‘rinib turibdiki, uyda o‘qiydigan bolalarning asosiy toifalari bu tayanch harakati a’zolari shikastlangan, aqliy imkoniyati cheklangan va boshqa nogironligi bo‘lgan bolalardir.

“Odatda nogironligi bor o‘quvchilarning uyda ta’lim olishi uchun „kamchilikka yo‘l qo‘ygan o‘qituvchi“ jalb qilinadi. Agar direktor biror o‘qituvchini yoqtirmasa, uni nogironligi bo‘lgan bolaga uyda ta’lim berishga jo‘natadi. So‘nggi bor shunday holat yuz berganida jismoniy tarbiya o‘qituvchisi geometriya, geografiya, tarix va boshqa fanlarni o‘tganini kuzatgan edik. Chekka tumandagi o‘qituvchilar uchun nogironlshi bo‘lgan bolalarga uyda ta’lim berish bu — jazo”, — deb o‘ksindi Oybek Isoqov.

Ko‘pgina bolalar jismoniy nogironlik yoki tayanch harakati a’zolari shikastlangan bolalar umumta’lim maktablarida bemalol tahsil olishlari mumkin — ularning jismoniy holatlari aqliy salohiyatining rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatmaydi. Maktab binosi bu kabi holatlar uchun moslashtirilmagan bo‘lsa ham, darslarni birinchi qavatda tashkillashtirib, kirar joyini pandus bilan jihozlash mumkin. Bu holatda asosiy to‘siq jismoniy yoki moddiy omillar emas, balki insoniy munosobatining ko‘rinishidir, ko‘pincha maktab rahbarlari, o‘qituvchilar va nogironligi bo‘lmagan bolalarning ota-onalari ularning farzandlari maktabda nogironligi bo‘lgan bolalar bilan birgalikda o‘qishlarini istashmaydi.

“Uyda ta’lim olayotgan nogironligi bor bolalarga hatto davlat namunasidagi attestat berilmaydi. Ko‘pgina oddiy maktablarda o‘qitiladigan fanlarni ularning attestatlarida topish mushkul. Ularga faqatgina uyda ta’lim olganliklari to‘g‘risida ma’lumotnoma beriladi xolos. Bu bolalar haq-huquqlarining buzilishidir — bu kabi ma’lumotnoma bilan ular na oliy ta’lim muassasalariga kira oladilar, na munosib ishga joylasha oladilar. Ularning hayotlariga tamg‘a bosiladi”, — deydi Oybek Isoqov.

Galina Namning ta’kidlashicha, “inklyuziv ta’limni moliyalashtirish muammo tug‘dirmasligi lozim. Muammo ustuvor ta’lim yo‘nalishlarini tanlashda, chunki nogironligi bor bolalar ta’lim olishi uchun (faqatgina ta’limga, nafaqadan tashqari) bir yilda 199 mlrd so‘m ajratiladi (2016 yil ma’lumotlariga ko‘ra). Bu yetarlicha katta mablag‘, biroq uning asosiy qismi maxsus ta’limni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. Bolalarni institutsionalizatsiya qilish jarayoni shu tariqa davom etadi. Moliyaviy manbalarni inklyuziv ta’limni rivojlantirishga yo‘naltirish zarur”.

Hayoti davomida uzluksiz inklyuziv ta’lim olish huquqi

Inklyuziv ta’lim nafaqat nogironligi bor bolalarga, balki barcha yoshdagi nogironligi bo‘lgan insonlarga ham tegishli bo‘lishi kerak.

“Qonun loyihasida faqat bolalar haqida so‘z boradi, biz esa kattalarning ham umri davomida uzluksiz ta’lim olish huquqi to‘g‘risida gapiryapmiz. Misol uchun, agar hozir men ham inklyuziv ta’lim olish istagini bildirsam, bu qonun men uchun ham o‘z kuchida qolishi kerak”, — dedi Oybek Isoqov.

Inklyuziv ta’lim maktabgacha, o‘rta maxsus, kasb-hunar, oliy, maktabdan tashqari va oliy ta’limdan keyingi barcha darajalarda sifatli ta’lim olish uchun teng imkoniyatlarni ta’minlashga, shuningdek, ularning maxsus ta’lim ehtiyojlari va individual imkoniyatlarining turliligiga qaratilgan bo‘lishi zarur.

Masalan, 2018 yilda I va II guruh nogironlari uchun ikki foizli kvota joriy qilinganidan so‘ng, inklyuziv oliy ta’lim masalasi negizida nogiron talabalar uchun universitetlarning o‘quv binolari va yotoqxonalari, eshitish qobiliyati cheklangan talabalar uchun imo-ishora tili tarjimonlari, mahsus Brayl yozuvidagi o‘quv qo‘llanmalarining yo‘qligi, ko‘rish qobiliyati cheklangan talabalar uchun mahsus o‘quv qo‘llanmalar va boshqa oqilona qo‘layliklar yo‘qligi muammosi dolzarblik kasb qildi.

Oybek Isoqov barcha ta’lim muassasalarida inklyuziv ta’lim tamoyillarining tadbiq qilishi borasida o‘ylab ko‘rish zarurligini ta’kidlaydi. “Ta'lim to‘g‘risida"gi qonun inklyuziv ta’lim shart-sharoitlarini yaratish majburiyatini yuklatishi kerak. Davlat nodavlat ta’lim muassasalarida ham nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘qitilishini nazoratga olishi darkor. Inklyuziv ta’lim nafaqat davlat, balki egalik shaklidan qat’iy nazar barcha ta’lim muassasalarda bo‘lishi kerak.

“Ta'lim to‘g‘risida"gi qonunni takomillashtirish bo‘yicha takliflar

O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi va inklyuziya sohasi ekspertlari “Ta'lim to‘g‘risida"gi qonunning xalq muhokamasiga qo‘yilmaganini ta’kidlab o‘tishdi.

Yangi tahrirdagi qonun loyihasi Oliy Majlis qonunchilik palatasining saytida 2019 yil 29 avgustda chop etildi. Biroq nogironligi bor insonlarning jamiyat tashkilotlari, nogiron bolalar va ularning ota-onalari/vasiylari qonun muhokamasi uchun jalb qilinmadilar. Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi sayti regulation.gov.uz portaliga qonun loyihasi joylashtirilmadi.

Inklyuziv ta’lim olish huquqini kafolatlash, nogironligi bo‘lgan hamda rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan har bir inson ushbu huquqidan to‘la foydalanishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratish uchun biz qonunga quyidagilarni kiritishni so‘raymiz:

  • 3-“Asosiy tushunchalar” moddasiga inklyuziv ta’lim tushunchasini kiritish lozim;
  • 9- “Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim” moddasida nogironligi bo‘lgan va rivojlanishi nuqsonli bolalar uchun eng ustuvor ta’lim umumta’lim o‘quv muassasalarida tahsil olish ekanligi o‘z aksini topishi lozim. Bolalarga davlat ixtisoslashtirilgan, tibbiy-profilaktik muassasalarda yoki uyda ta’lim berish maxsus holatlardagina amalga oshirilishi lozim.
  • 10- “Kasbiy ta’lim” va 11-“Oliy ta’lim” moddalariga nogironligi bor insonlarga mazkur ta’lim bosqichlarida tahsil olish imkonini berishni aks ettirish.
  • 20-moddadan inklyuziv ta’lim olish huquqini chegaralovchi shartni chiqarish kerak. Ta’lim shaklini tanlash huquqi nogironligi bor bolalar, ularning ota-onalari/vasiylarida qolishi kerak. Inklyuziv ta’lim faqat bolalar bilan bog‘liq tushuncha bo‘lib qolmay, balki yoshidan qat’iy nazar har bir inson hayoti davomida uzluksiz ta’lim olish huquqiga va imkoniyatiga egaligini bildirishi lozim.

Mazkur tahlil Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash qo‘mitasining so‘rovnomasi tufayli o‘tkazildi. “Ta'lim to‘g‘risida"gi qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ro‘yxati to‘liq qo‘mitaga yuboriladi. Nogironlarning 26 ta jamoat birlashmasidan iborat O‘zbekiston Nogironlar Assotsiatsiyasi nogironligi bor insonlarning fikrlari tinglanishiga va qonun inklyuziv ta’limning xalqaro tamoyillariga va BMTning nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyasi tamoyillariga to‘liq mos kelishiga umid bog‘laydi.

Maqolada bildirilgan fikrlar tahririyat nuqtai nazarini aks ettirmasligi mumkin.

Dilmurod Yusupov — Sasseks universiteti (Buyuk Britaniya) Taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti.