Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 iyun kuni “Bojxona ma’muriyatchiligini isloh etish va O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi.

“Mamlakatimizda „qog‘ozsiz va elektron bojxona“ lozim darajada rivojlanmayapti, kontrabanda, kontrafakt mahsulotlarni olib o‘tish, korrupsiya, noqonuniy valyuta operatsiyalari va bojxona to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlashga qarshi kurashish usullari bojxona ma’muriyatchiligining zamonaviy va sinovdan o‘tkazilgan usullarini qo‘llashni talab etmoqda”, — ta’kidlanadi farmonda.

Farmonga muvofiq, 1 avgustdan temir yo‘l transporti tashkilotlari o‘zlarining axborot tizimlarini bojxona organlarining axborot tizimlariga integratsiyalash orqali bojxona nazorati ostidagi vagon va konteynerlarning mamlakat ichidagi harakatlari haqidagi ma’lumotlarni bojxona organlariga real vaqt rejimida beg‘araz tarzda taqdim etiladi.

1 sentyabrdan “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi chegara bojxona postlarida joriy etiladi.

1 noyabrdan:

  • bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirish vaqti xavf darajasidan kelib chiqib, 3 sutkadan 1 kungacha qisqartiriladi;
  • bojxona nazoratining muqobil turlarini qo‘llashni kengaytirish orqali tovarlarni bojxona hamrohligida kuzatib borish qisqartiriladi, qonunchilikda belgilangan holatlar bundan mustasno;
  • Davlat bojxona qo‘mitasining xavflarni boshqarish tizimi avtomobil chegara bojxona postlarida joriy etiladi;
  • transport vositalarini vaqtinchalik olib kirishda tashuvchiga real vaqt rejimida elektron shaklda qayta olib chiqish muddati tugashidan oldin vaqtinchalik olib kirish muddatini uzaytirish va tegishli yig‘imni to‘lashni amalga oshirish imkoniyati taqdim etiladi;
  • “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimida qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasini identifikatsiyalash va baholash uslubiyati tadbirkorlik sub’ektining o‘zi tomonidan ishlab chiqiladi.

Shu bilan birga, Davlat bojxona qo‘mitasiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatiladi:

  1. bojxona nazorati shakli sifatida tovarlar chiqarib yuborilgandan keyin TIF ishtirokchisi faoliyatini baholash hamda ularning tovarlar va transport vositalari chiqarib yuborilgandan keyingi hisobini tekshirishni nazarda tutuvchi bojxona auditini amalga oshirish;
  2. Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazorati organlarining TIFni notarif tartibga solish choralarini qo‘llash bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish;
  3. tovarlar importi va eksporti tuzilmasi hamda dinamikasining chuqur holatiy tahlilini, shuningdek, import hajmi ham jismoniy, ham qiymatiy o‘sishining sabablari tahlilini amalga oshirish;
  4. ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish masalalari bo‘yicha manfaatdor idoralar bilan hamkorlik o‘rnatish.

Bundan tashqari, bojxona organlariga tovar va transport vositalari ustidan ular saqlanadigan va sotiladigan joylarga chiqqan holda, bojxona auditini amalga oshirish hamda olib kiriladigan va (yoki) olib chiqiladigan tovarlar va transport vositalari hisobi, jumladan, buxgalterlik hisobi va hisoboti hujjatlari, shuningdek, dastlabki hujjatlar yuritilishi ustidan tekshiruvni amalga oshirish huquqlar berildi.

Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi etib, Bojxona ekspertizasi va tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasini yuritish boshqarmasi esa Tashqi iqtisodiy faoliyatda notarif tartibga solishni nazorat qilish va bojxona ekspertizasi boshqarmasi etib qayta tashkil etiladi.

Farmon bilan, shuningdek, 2020−2023 yillarda bojxona ma’muriyatchiligini isloh etish va O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish Konsepsiyasi tasdiqlandi. Konsepsiya Jahon bojxona tashkilotining tavsiyalari hamda ilg‘or mamlakatlarning bojxona ma’muriyatchiligini isloh etish tajribasiga asoslangan yondashuvlarini o‘z ichiga olgan.

Mazkur Konsepsiyada bojxona siyosatini muvaffaqiyatli amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammo va kamchiliklar sanab o‘tilgan. Jumladan ular qatorida:

  • bojxona organlarining samarasiz va ortiqcha nazorat funksiyalari mavjudligi;
  • eskirgan tartiblar hamda ularning xalqaro me’yorlar va standartlarga nomuvofiqligi;
  • samarali idoralararo hamkorlikning mavjud emasligi;
  • bojxona operatsiyalarini amalga oshirishda ko‘p vaqt sarflanishi va boshqalar.

Konsepsiyada ta’kidlanishicha, bojxona organlari faoliyatini yaqin uch yilga quyidagi yo‘nalishlarni rivojlantirish ko‘zlagan: bojxona sohasidagi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, zamonaviy va ilg‘or AKTlarini bojxona sohasiga joriy etish orqali bojxona organlari faoliyati shaffofligi hamda samaradorligini ta’minlash, TIFni tarif va notarif jihatdan tartibga solishni soddalashtirish va boshqalar.

Mazkur Konsepsiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar qatorida:

  • mavjud axborot tizimlarining mantiqiy nazorat funksiyalarini takomillashtirish orqali Davlat byudjetiga bojxona to‘lovlari tushumini har yili 25%ga oshirish;
  • bojhona postlarining o‘tkazuvchanlik imkoniyatini 3 barobarga oshirish;
  • “Yagona darcha” bojxona axborot tizimini takomillashtirish natijasida bojxona rasmiylashtiruvi uchun sarflanadigan vaqtni eksportda 5 barobarga va importda 2 barobarga qisqartirish;
  • bojxona organlari xodimlari tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar sonini kamaytirish va boshqalar.