Yangi Zelandiyada koronavirus bilan kasallangan be’morlar qolmagani va cheklovlarsiz hayotga qaytilayotgani e’lon qilindi, deya xabar berdi Reuters. Mamlakatda so‘nggi 17 kun ichida koronavirus bo‘yicha yangi holatlar kuzatilmagan va 8 iyun kuni Yangi Zelandiyada kasallik qayd etilgan oxirgi bemorning ham tuzalgani ma’lum qilindi.

8 iyun kuni bosh vazir Yasinda Ardern Yangi Zelandiyada koronavirus tarqalishini to‘xtatishga erishilgani va chegara nazoratidan tashqari barcha cheklovlar bekor qilinishini aytdi. Uning ta’kidlashicha, endilikda xususiy va jamoaviy tadbirlar, chakana savdo, mehmonxona biznesi, shuningdek, burcha turdagi jamoat transportlarining hech qanday cheklovlarsiz ishga tushirilishiga ruxsat beriladi.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash vazirligi bu hali mamlakatda kasallik to‘liq yo‘q qilinganini anglatmasligini, faqatgina kasallikning tarqalish zanjirini to‘xtata olishga erishilganini ma’lum qildi.

Yangi Zelandiyada karantin 75 kun davom etdi va mamlakatda umumiy koronavirus bo‘yicha kasallanganlar soni 1154 ta bo‘lib, 22 ta o‘lim holati kuzatilgan.