AQSH hukumati O‘zbekistonga COVID-19 ga qarshi qarshi kurashda ko‘rsatayotgan yordamning bir qismi sifatida koronavirus testi o‘tkazish uchun zarur vositalarni yetkazib berdi. Bu haqda AmerikaningToshkentdagi elchixonasi xabar berdi.

AQSH elchixonasi O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga topshirgan mazkur yordam USAID hadya etayotgan test vositalarining birinchi to‘plamidir. U 15 mingta test o‘tkazishga yetarli QIAGEN RNA reagentlarini jamlagan 60 ta qutidan iborat. 10 mingta test uchun mo‘ljallangan yana 40 ta shunday qutining bir necha haftadan so‘ng O‘zbekistonga olib kelinishi kutilmoqda.

«Sog‘liqni saqlash vazirligidagi hamkorlarimiz bilan birga ishlab, biz ushbu xavfli virusni aniqlash ishini yaxshilaymiz, kasallikka chalinganlar sonini kamaytiramiz va O‘zbekistonda odamlar hayotini saqlab qolamiz», — dedi AQSH elchisi Daniel Rozenblyum.

O‘z o‘rnida, vazirlik ushbu yordam uchun AQSH hukumatiga minnatdorchilik bildirdi.

«Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi nomidan ushbu yordam uchun Qo‘shma Shtatlarga minnatdorlik bildiramiz. Ushbu reagentlar koronavirusga qarshi kurashimizda asqotadi hamda vatandoshlarimizning sog‘ligi va farovonligini yaxshilaydi», — dedi agentlik direktori Bahodir Yusupaliyev.

Elchixonaning xabarida ma’lum qilinishicha, USAID O‘zbekistonga koronavirusga qarshi kurash uchun 3,9 mln dollar bermoqda. Bu yordam laboratoriyalarni keng ko‘lamli testlar o‘tkazishga tayyorlash, sog‘liqni saqlash muassasalarida infeksiya tarqalishining oldini olish va nazorat qilish, COVID-19 ga oid tezkor choralarni takomillashtirish, kasallik yuqtirganlar holatini boshqarish tizimini kuchaytirish, virus to‘g‘risidagi dezinformatsiyaga qarshi kurashish hamda jamoalarni hamjihatlikda ishlashga jalb qilishni o‘z ichiga oladi, deyiladi xabarda.