Dunyo bo‘ylab koronavirus bemorlari soni 7 mln kishidan oshib ketdi. Umumiy COVID-19 bilan zararlanganlardan 3,1 mln nafari mazkur infeksiyadan tuzalgan, 402 ming nafari esa vafot etgan.

Ushbu pandemiya oqibatida eng katta bosim sog‘liqni saqlash tizimlariga tushmoqda. Mamlakatlarda koronavirus bemorlarini davolash bo‘yicha xarajatlar ham iqtisodiy o‘sish suratlariga qarab farq qilmoqda. Ba’zi holatlarda davolanish uchun mablag‘lar to‘liq davlat tomonidan qoplanayotgan bo‘lsa, ba’zilarida fuqarolar tibbiy sug‘urtalaridan, sug‘urta bo‘lmagan taqdirda o‘z hisoblaridan davolanish uchun to‘lashlari kerak bo‘lmoqda.

Rossiya

Rossiyada koronavirus holatlarini davolash uchun xarajatlar 12 aprelga qadar davlat byudjetidan qoplanayotgan edi. Lekin 12 apreldan boshlab ushbu to‘lovlar Majburiy sug‘urtalash jamg‘armasidan amalga oshiriladigan bo‘ldi.

Mamlakatning turli hududlarida koronavirusni davolash uchun sarflanayotgan xarajatlar miqdori farq qiladi. Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglovning ma’lum qilishicha, koronavirusdan davolash uchun har bir bemorga 24 mingdan 500 ming rublgacha sarflanmoqda.

Ahvoli yengil bo‘lgan bemorni davolashga 24 ming rubl (352 dollar), o‘rta ahvoldagi koronavirus bemori uchun 125 ming rubl (1833 dollar) va og‘ir ahvoldagi bemorni davolash uchun 500 ming rubl (7335 dollar) xarajat qilinmoqda.

Saratov viloyatida bitta COVID-19 infeksiyasi bemorining davolanishiga esa 150 ming rubl sarflanmoqda.

AQSH

AQSHda koronavirus bemorlarining davolinish xarajatlari ularning tibbiy sug‘urtalari tomonidan qoplanadi. Bitta koronavirus bemorini davolashning o‘rtacha qiymati 30 ming dollarga teng bo‘lishi mumkin.

FAIR Health tashkilotining tahlillariga ko‘ra, tibbiy sug‘urtasi bo‘lmagan yoki sug‘urtasi koronavirusga o‘xshash kasalliklar davolanishini nazarda tutmagan fuqarolar COVID-19 bilan kasallansa, 42 mingdan 74 ming dollargacha xarajat qilishlariga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Bunda, sug‘urtalanmagan fuqaro 6 kunlik gospitalizatsiya uchun 73 300 dollar atrofida to‘lashi kerak bo‘lsa, sug‘urtasi borlar davolanish mablag‘ining bir qismini, 38 220 dollarini to‘lashlari kerak bo‘lishi mumkin.

Shuning uchun, mutaxassislar kasallik og‘ir kechmayotgan holatlarda uyda qolib davolanishni maslahat berishmoqda. Ularning fikriga ko‘ra, hozir tibbiyot xarajatlari haddan tashqari qimmatlashmasligining eng yaxshi yo‘li — bu kasal bo‘lib qolmaslik.

Bundan tashqari, teletibbiyot xizmatlari ham mavjud (sug‘urta mavjud bo‘lganda 34 dollarga teng).

Xitoy

Davolanish jarayoni bilan bog‘liq barcha xarajatlar davlat tomonidan qoplanib, hozirgi paytga qadar umumiy xarajatlar miqdori 1,35 mlrd yuanga teng bo‘lgan. Xitoy hukumati bitta koronavirus bemorini davolash uchun o‘rtacha 3,2 ming dollar sarflagan.

Og‘ir ahvoldagi koronavirus bemorini davolashga o‘rtacha 21,2 ming dollar, alohida holatlarda o‘ta og‘ir ahvoldagi bemorlarni davolashga 141 ming dollargacha mablag‘ sarflangan.

Xitoyda bemorlarni davolash, profilaktika choralari va epidemiya bilan kurashish uchun jami 23 mlrd dollar atrofida mablag‘ ajratilgan.

Hindiston

Hindistonda bitta koronavirus bemori uchun o‘rtacha xarajat, sun’iy nafas olish ventilyatorlari va boshqa hayotni saqlab qolish uskunalarini hisobga olmaganda, kuniga 264 dollardan 331 dollargacha turadi.

Agar, koronavirus bemori 14 kun davomida davolansa, xarajatlar miqdori 3700 dan 4600 dollargacha bo‘lishi mumkin.

Ba’zi xususiy shifoxonalarda sun’iy nafas olish ventilyatori uchun kuniga 331 dollardan 660 dollargacha sarflanishi mumkin. Shifoxonalardagi palatalar narxi toifasiga qarab har xil bo‘lishi mumkin, lekin eng arzon palata kuniga 13 dollardan 20 dollargacha turadi.

Qirg‘iziston

Qirg‘izistonda COVID-19 bemorlari bepul, davlat hisobidan davolanishmoqda.

«Koronavirus bemorlari bepul davolanadi. Dori-darmonlar, tibbiy maqsadda ishlatiladigan uskunalar va statsionardagi koyka-o‘rinlarning barchasi uchun xarajat davlat tomonidan qoplanadi», — degan mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Sobirjon Abdikarimov.

Uning ma’lum qilishicha, yengil ahvoldagi koronavirus bemorini davolash uchun 7 988 som (107 dollar), o‘rta ahvoldagi bemor uchun 16 379 som (220 dollar), og‘ir ahvoldagi bemor uchun (1007 dollar) va o‘ta og‘ir ahvoldagi bemor davolanishiga 118 807 som (1600 dollar) sarflanadi.

Qozog‘iston

Qozog‘istonda bitta koronavirus bemorini davolash uchun kuniga 15 ming tenge (38 dollar) atrofida mablag‘ sarflanmoqda.

Mamlakatda koronavirus infeksiyasi holatlariga bog‘liq to‘lovlar «Ijtimoiy tibbiy sug‘urta jamg‘armasi» tomonidan amalga oshiriladi. Jamg‘arma belgilangan tariflarga ko‘ra, bir kunlik

  • karantin gospitalizatsiyasi uchun 10 413 tenge;
  • provizor gospitalizatsiyasi uchun 11 619 tenge;
  • statsionar sharoitda yuqumli kasalliklar bo‘limida davolangan bir holat uchun 15 113 tenge to‘lov ajratilgan.

Ukrainada koronavirus bemorining ahvoliga qarab, unga kunlik xarajat 11 dollardan 370 dollargacha bo‘lishi mumkin, davolanish bilan bog‘liq xarajatlar davlat tomonidan qoplanadi.

Ispaniyada ham koronavirus bemorlarining davolanishi uchun xarajatlar davlat tomonidan qoplanadi. Hukumat koronavirus pandemiyasi davomida barcha xususiy shifoxonlarni davlat tasarrufiga vaqtincha o‘tkazdi.

Fransiyada koronavirusga test o‘tkazish va bemorlarni davolash uchun to‘lovlar milliy sog‘liqni sug‘urtalash jamg‘armasi tomonidan to‘lanadi. Lekin, agar bemorlarga qo‘shimcha qulayliklar (bir kishilik palatalarda yotish) kerak bo‘lsa, unda ular o‘z hisoblaridan to‘lashlari kerak bo‘ladi.

Ko‘plab Yevropa mamlakatlari kabi Germaniyada ham koronavirusdan davolanish xarajatlari davlat tomonidan qoplanadi. Bunda bemor boshqa davlatda davolangan bo‘lsa ham, uning xarajatlari to‘liq qoplanadi. Shuningdek, Germaniya chet ellik koronavirus bemorlarining davolanishlari uchun xarajatlarni ham qoplaydi.

O‘zbekiston

Oldinroq berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga chalinib davolanayotgan o‘rta ahvoldagi har bir bemor uchun 32 million so‘mdan (3,2 ming dollar) mablag‘ sarf qilinmoqda. Og‘ir ahvoldagi, jonlantirish bo‘limida yotgan har bir bemorlarga o‘rtacha 64 million so‘mdan (6,4 ming dollar) mablag‘ sarflanmoqda.

«Kasallikdan davolanayotganlar ham, kasallikda gumon qilinganlar ham, karantinda saqlanayotganlarning barchasi bepul, davlat byudjeti hisobidan davolanmoqda» — degan edi Alisher Shodmonov.

Karantinda bo‘lib turgan fuqarolarning har biri uchun 14 kunlik karantindagi davri uchun 2,4 million so‘mdan (240 dollar), koronavirusdan tuzalib, reabilitatsiyaga olingan har bir bemor tiklanishi uchun 2,8 million so‘mdan (280 dollar) sarflanmoqda.