“Sho‘rdanak” hajviy guruhi a’zolari YHXB xodimlari haqida tayyorlagan ko‘rsatuvlaridagi hazillari uchun kechirim so‘rashdi. Bu hakda ishlangan video IIV YHXBB rasmiy kanaliga joylangan edi. Biroz vaqt o‘tib, ushbu kanalda “Qalpoq” hajviy guruhi ishtirokidagi video ham e’lon qilindi.

Videolavhada aytilishicha, so‘nggi yillarda YHXB xodimlarining xizmat jarayoni haqdagi videolavhalarni tarqatish “an'ana"ga aylangan. “Buning sababi esa, ayrim xodimlarning o‘z xizmat vazifasini sidqidildan bajarmasligi, ba’zi holatlarda haydovchilar javobgarlikdan qochish maqsadida inspektorga bosim o‘tkazishga harakat qilishi va boshqa shu kabi vaziyatlarning mavjudligidir”, — deyiladi videolavhada.

YHXBB matbuot xizmatining qayd etishicha, “Qalpoq” va Sho‘rdanak" hajviy ko‘rsatuvlari YPX xodimlari faoliyatini tanqid qilib, ularni korrupsiyada ayblashga uringan.

Qalpoq ko‘rsatuvi qismlaridan birida YPX inspektori mast haydovchini to‘xtatadi. Xodim haydovchidan ichkilik iste’mol qilganini aniqlash uchun “kuh” deyishni so‘raydi. Bunga javoban u 50 ming so‘mni inspektorning cho‘ntagiga solib qo‘yadi. Inspektor hayron bo‘lib, bu pora ekanligini so‘raydi. Haydovchi “yo‘q, “kuh” dedim xolos, deydi. Inspektor esa undan yana “kuh” deyishni so‘raydi, haydovchi esa uning cho‘ntagiga bu safar 10 ming so‘m soladi. Xodim undan birinchi martadagi kabi “kuh"lab, keyin ketaverishi mumkinligini aytadi.

Aktyor Rahmonali Surobovning aytishicha, mazkur ko‘rsatuv bundan bir yil muqaddam tasvirga tushirilgani, kimdir 30 daqiqalik hajviy dasturning bir qismini kesib olib, uni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, ijodiy guruhning hech biri videoni tarqatmagan.

YHBB matbuot xizmati “Qalpoq” hajviy ko‘rsatuvida “25-kadr"dan foydalanilganini iddao qildi.

“Sho‘rdanak” ko‘rsatuvi epizodida esa YPX inspektori hamda tez yordam va o‘t o‘chirish mashinalari hamrohligida ketayotgan haydovchining suhbati keltirib o‘tilgan. Xodimning savoliga javob berar ekan, haydovchi “dori qutisi” va “o‘t o‘chirish uskunasi” tekshiruvidan charchab, “komplekt” bo‘lib yurishga qaror qilganini aytadi.

Aktyor Erkin Chuliyev afsusda ekanini aytib, endilikda hajviy guruh ko‘rsatuv ishlaganda, uning yoshlarga qanday ta’sir qilishi, ma’naviy ozuqa olish uchun hizmat qila oladimi, degan masalalar haqda o‘ylab ko‘ramiz, deb javob bergan.

Ushbu videolavhalar ijtimoiy tarmoqlarda bir qator muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Shu jumladan,
Qonunchilik palatasi deputati, “Adolat” partiyasi fraksiyasi a’zosi Akmal Burxanov ham bunga o‘z munosabatini bildirdi.

“Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Madaniyat to‘g‘risida"gi qonun loyihasi siyosiy partiyalar fraksiyalarida muhokama qilinmoqda. Yuqoridagi holat shuni ko‘rsatmoqdaki, yangi qonun bilan madaniyat va san’at sohasi vakillarini erkin ijod qilishlari uchun sharoit yaratilishi, ularning faoliyati qo‘llab-quvvatlanishi muhim. Shunday bo‘lsada, erkin va demokratik jamiyat qurish yo‘lidan borayotgan yurtimizda ijod erkinligini ta’minlash, madaniyat va san’at sohasiga siyosiy jihatdan yondashilmasligi kerak, deb hisoblayman”, deb fikr bildirgan deputat.