BAA bosh vaziri o‘rinbosari, prezident ishlari bo‘yicha vazir Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon Qoraqalpog‘istonda dala lagerini qurishni rejalashtirmoqda. Dala lagerini qurishi uchun yer ajratish to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasi farmoyishi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, Qo‘ng‘irot tumanidagi Ustyurt platosi “Yelabad” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi zaxira yer maydonlaridan 200 gektar yaylov yerlar al Nahayanning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonasiga 10 yil muddatga vaqtinchalik foydalanish huquqi asosida ajratib berish ko‘zda tutilmoqda.

Qayd etilishicha, diplomatik vakolatxona tomonidan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish nobudgarchiliklarining o‘rnini qoplash maqsadida 1 mlrd 989 mln so‘mga yaqin miqdorda tovon puli to‘lab beriladi.

Dala lagerini qurish uchun ajratilayotgan yer maydonlaridan oqilona va belgilangan maqsadga muvofiq foydalanilmaganda, kimyoviy va radioaktiv ifloslanishiga, atrof muhitning buzilishiga, respublika hududida karantin ob’ektlarning paydo bo‘lishiga va tarqalishiga olib keluvchi usullardan foydalanilganda ajratilgan yer uchastkasining ijara shartnomasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilinadi.

Farmoyish loyihasiga berilgan tushuntirish xatida farmoyishni qabul qilish zaruriyati sifatida yo‘qolib ketish xavfi bo‘lgan qushlarni ko‘paytirish va ularni boqish keltirilgan.

Ma’lumot uchun, Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon ayni vaqtda “Manchester Siti” futbol klubining egasi hisoblanadi.