8 iyundan “yashil” hududlarda joylashgan masjidlar o‘z faoliyatini boshladi, deya xabar qildi O‘zbekiston Musulmonlari idorasi matbuot xizmati.


Karantin munosabati bilan jamoat bo‘lib ibodat qilishga taqiq joriy etilganidan 80 kun o‘tib ilk bor jomelarda namozxonlar ijtimoiy masofani saqlagan holda bomdod namozini ado etdilar.

“Xalqimiz boshga tushgan sinovlarni „Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir“, degan oyati karimaga amal qilib, chiroyli sabr ila yengib o‘tmoqda. Chindan ham, har qaday qiyinchilik ortida yengillik borligini aholimiz o‘z faoliyatini qaytadan boshlayotgan jomelarimiz misolida yaqqol his etmoqda”, — deyiladi xabarda.


Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan 5 iyundan “yashil” va “sariq” hududlarda ayrim ijtimoiy ob’ektlar faoliyatiga ruxsat berilgan edi. Qarorda “yashil” hududlarda joylashgan masjidlarga bir qator karantin talablariga rioya qilingan holda faoliyat ko‘rsatish ijozat berildi.

Jumladan, masjidlarda quyidagilarga qat’iy rioya etilishi lozim:

  • binolarining doimiy ravishda dezinfeksiya qilinishi;
  • ularning kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion “to‘shak"lar bilan jihozlash;
  • xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqoplardan foydalanishi, ijtimoiy masofani saqlashi;
  • namoz vaqtida fuqarolarning oraliq masofasini 1,5 metr etib belgilash (maxsus chiziqlar yordamida kataklarga ajratgan holda);
  • har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, 37*S va undan yuqori bo‘lgan, infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan holatda hamda tibbiy niqobda bo‘lmagan hollarda kiritmaslik choralarini ko‘rish, jamoaviy diniy marosimlar (juma namozi va boshqalar)ni o‘tkazmaslik.