Koronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekistonda ishsizlik darajasi qariyb 2 million kishiga yetgan. Bu haqda bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov Xalqaro press-klubning Farg‘onada bo‘lib o‘tgan sessiyasida ma’lum qildi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, barcha davlatlarga pandemiya o‘zining juda salbiy oqibatlarini ko‘rsatdi, shu jumladan O‘zbekistonga ham.

«O‘zbekistonda pandemiyadan oldin ishsizlar soni o‘rtacha 1 million 350 mingga yaqin bo‘lgan bo‘lsa, pandemiya boshlanganidan keyin bir qator korxonalarimizning faoliyati to‘xtatilgani sababli ishsizlar soni qariyb 2 millionga yaqinlashdi» — dedi Nozim Husanov.

Shu bilan birga, mehnat vaziri mehnat muhojirlari masalasiga, ularning pandemiya davridagi bandligi va ish bilan ta’minlanishiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Ta’kidlanishicha, ayni paytda mamlakatda chegaralar yopilgani tufayli 550 mingga yaqin mehnat muhojirlari boshqa davlatlarga ishlash uchun keta olishmagan.

«Bu kishilarni qo‘lida kasbi bor, ular ko‘p yillar davomida boshqa davlatlarda ishlab kelishgan. Mana shu fuqarolarimizni ichki resurslaridan foydalangan holda mehnatga jalb qilish ustuvor vazifalarimizdan biri. Misol uchun, hududlarda ijtimoiy soha ob’ektlarini qurilishiga Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasidan 3,6 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Buning natijasida har bitta viloyatda o‘rtacha 50−60 ta turli xil ijtimoiy soha ob’ektlari qurilishi boshlandi. Mana shu ob’ektlarda birinchi navbatda mehnat muhojirligiga bora olmagan fuqarolarimizni kasblari bo‘yicha maqsadli o‘zining hududida qurilishlarga band qilib kelmoqdamiz», — deya ma’lum qildi mehnat vaziri Nozim Husanov.

Mehnat muhojirlarini band qilish masalasi bo‘yicha, misol tariqasida, vazir Toshentdagi Sirg‘ali tumanida barpo etilayotgan binolarga 1,5 mingga yaqin mehnat muhojirlari qonuniy ishga jalb qilingani, ular hozirda 1,5 — 4,5 mln so‘mgacha oylik maosh olayotganini ta’kidlab o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, Moliya vazirligi O‘zbekistonda 2020 yilning birinchi choragida ishsizlik darajasi 9,4 foizni. jami ishsizlar soni 1,399 mln кishини tashkil etgani haqida xabar bergandi.