AQSHdagi Jons Xopkins universitetining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab tasdiqlangan koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq holatlar 7 milliondan oshdi.

Qayd etilishicha, umumiy COVID-19 bilan zararlanganlardan, 3,1 mln nafari mazkur infeksiyadan tuzalgan va 402 ming nafari esa vafot etgan.

Eng ko‘p koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq holatlar AQSHda qayd etilgan — 1,94 mln nafar bemorda. Ikkinchi o‘rinda Braziliya joylashib, hozirda mamlakatda 691 mingdan ortiq kishida COVID-19 aniqlangan. Rossiyada esa 467 mingdan ortiq koronavirus holatlari tasdiqlangan.

Qo‘shni Qozog‘istonda 12,8 mingdan ziyod, Qirg‘izistonda 2032 nafar, Tojikistonda 4529 nafar va Afg‘onistonda 20,3 mingdan ortiq koronavirus bemorlari aniqlangan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 11 mart kuni koronavirus pandemiyasini e’lon qilganida, dunyo bo‘ylab ushbu infeksiya bilan kasallanganlarning umumiy soni 118 minga teng edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi aniqlangan bemorlar soni 4352 kishiga yetgani haqida xabar berilgandi. Ayni paytda mamlakatda 3354 nafar COVID-19 ga chalingan fuqarolar sog‘aygan. O‘n yetti kishi hayotdan ko‘z yumgan.